Xorazm delegatsiyasi Ozarbayjonda
Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA) prezidenti, akademik Iso Habibbeyli Xorazm viloyati (O'zbekiston) Pedagogika mahorati markazi direktori, professor Jasurbek Salaev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi binosida bo'lib o'tgan uchrashuvda akademik Iso Habibbeyli so'nggi yillarda davlat rahbarlarining faoliyati tufayli Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik, qardoshlik munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganini ta'kidladi. Bugungi kunda Ozarbayjon O'zbekiston bilan ko'plab sohalarda, jumladan, ilm-fan va ta'lim sohasida ham hamkorlik qilmoqda, har ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari olimlari va xodimlarining sa'y-harakatlari tufayli o'rnatilgan aloqalar kengayib bormoqda, deya davom etdi akademik.
Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi O'zbekiston Fanlar akademiyasi va oliy o'quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotganini ta'kidlagan OMFA rahbari Ozarbayjon va O'zbekiston olimlari umumiy tarix, til, adabiyot, arxeologiya va boshqa sohalarga oid tadqiqotlar olib borishi, ilmiy konferentsiyalar, simpoziumlar, nashrlar ustida ish olib borishi ayni muddao ekanini e'tirof etdi.
So'ng professor Jasurbek Salaev so'zga chiqib, OMFAga tashrifidan mamnunligini bildirib, Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi o'zaro ishonch, do'stlik va umumiy qadriyatlarga asoslangan munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani haqida to'xtaldi. U o'zi rahbarlik qilayotgan markazning tarixi va faoliyat yo'nalishlari, kadrlar tayyorlash borasidagi tajribalari haqida ham to'xtalib o'tdi. OMFA bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi.
Ma'ruzalardan so'ng Ozarbayjon milliy Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati Pedagogika malaka oshirish markazi o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Hujjatni akademik Iso Habibbeyli va Pedagogika mahorati markazi direktori, professor Jasurbek Salaev imzoladi.
So'ngra mehmonlarga esdalik sovg'alari topshirildi va tarix uchun suratga tushish marosimi bo'ldi.
Shundan so'ng O'zbekiston delegatsiyasi akademiya Prezidiumi binosiga ham tashrif buyurishdi.
Nazmin JAFAROVA,
OMFA Prezidiumi jamoatchilik,
matbuot va axborot bilan aloqalar bo'limi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0