O'qiydigan va ishlaydigan kelinlarga oson emas
Shu kabi gaplarni tez tez eshitib qolaman: “faloncha kelinini o'qitib qo'yibdi, haloli bo'lsin”, “faloncha kelinini ishlatib qo'yibdi, biram tillo qaynona-da”, “pistoncha xotinini o'qityapti” va hokazo... Shunda o'ylanaman, "o'qiyotgan kim-u, qahramonlar kim?" Nima uchun o'qiyotgan, ishlayotgan kelinlar odamlarning ko'ziga yallo qilib yurganday ko'rinishadi?!
Nima uchun kelinning intiluvchanligini, mehnatini, harakatini ahamiyatdan chetda qoldirishadi?! Nima uchun, o'qishdan yoki ishdan kelgan kelin, dam olishdan qaytganday tili qisiq bo'lib, bironta uy ishlariga ulgurmay qolmaslik uchun yugurib-eladi?! Erkaklar yoki uydagi boshqa kattalar ishlab kelsa, televizor qarshisiga o'tirib olib, tayyor non-choyni maza qilib yeb o'tirishadiyu, kelinlar ayb ish qilib kelgan odamday tipirchilaydi?!
Qaynona kelinini, er xotinini o'qitayotgan bo'lsa, buni kim uchun qilayapti?! Kelajakda mevasini o'zlari totishmaydimi?! Kelin o'qib, ishlab topgan maoshini ko'chaga sochib keladimi yoki onasiga olib borib beradimi? Yo'q! Ro'zg'ori uchun sarflaydi, qolaversa, ayollar erkaklardan ko'ra ko'proq uyim-joyim deyishlarini hech kim inkor qilmaydi. Yanayam bilmadim, har holda ayollar choyxonaga kamroq borishadi. Qaynona kelinini ishlashiga ruxsat bergan bo'lsa, bu kimga yaxshi? Avvalo o'z o'g'liga emasmi? Ro'zg'or aravasini tortishda aravani ustida o'tirib olmasdan, uni tortishda turmush o'rtog'iga sherik bo'layotgani uchun kelin rahmatga munosib emasmi?!
Nima uchun boshqalar erkin ishlashadi, kelin esa ish yuzasidan biron joyga bormoqchi bo'lsa, ruhsatni ichida obdon repetitsiya qilib, keyin so'rashi kerak, xuddi Сhimyonga borayotganday?...
Nima uchun?!
Jamiyatimizning ko'pchilik a'zolari dunyoqarashlarini o'zgartirishi kerakdir, ehtimol...
Ozoda HABIBULLAEVA
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0