Yarashmagan “Yor-yor” yoxud fuqarolarni ermak qilish huquqiga ega dastur haqida
“Zo'rTV” telekanalining “Yor-yor” dasturi bugun diqqat markazida. Ko'rsatuv barcha milliy an'analarga, hatto qonunlarga tupurib, faqat reyting ketidan quva boshlaganiga ancha bo'lgan. Ammo mualliflar buni sezishmaydi yoki sezmaslikka olishadi.
Oddiy misol, ko'rsatuvning so'nggi sonlaridan birida ko'rinishidan ayrim nuqsonlari bor qiz boshlovchilarga baxti ochilmayotganini aytib, unga munosib yigit topib berishlarini so'raydi. Qizning gapi tugar-tugamas asosiy boshlovchi Muhabbat Hamroeva bor ovozda xoxolab kuladi, qiziqchi To'xtamurod Azizov ko'ksini changallab hingillaydi, Hoji ona maqomidagi Omina xola esa “Uylangan bo'lsa ham bo'luvradimi?” deya so'raydi.
Shu bir necha soniyaning o'zini tahlil qilib ko'raylik: Muhabbat Hamroevaning xandoniga nima sabab bo'lgan o'zi? Qizning yigit topib berishini so'raganimi? Shunday bo'lsa, bu nega g'ayritabiiy tuyildi?! Dasturning mazmun-mohiyati shunday so'rovlar va ularni qanoatlantirish emasmi?!
Yo'q! Osmondagi yulduz – Muhabbat opa yaqqol qizning ahvoli ustidan kuldi. Shu holatida baxtini izlaganini ermak qildi. Buni mazkur lavhani ko'rgan yosh bola ham tushunadi.
Yuzini yashirgan To'xtamurod amakini qo'yaturamiz-da, Omina xolaning savoliga yuzlanamiz: “Uylangan bo'lsa ham bo'luvradimi?”. Xo'sh, qiz “Ha” desa, xola shunaqasini topib berib, ikkinchi xotin qilib uzatadimi? Diqqat qiling, xola ajrashgan bo'lsa ham bo'ladimi, demayapti. Aynan uylanganni taklif qilyapti. Bu yangi qabul qilingan qonunlarga ko'ra qo'shxotinlik targ'ibotining ayni o'zginasidir!
Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy noroziliklar keltirib chiqardi.
Zafar Ataxanov shunday yozadi:
– Bu ikki opa haddidan oshdi. Bitta nogiron qizning ustidan kulib o'tirishibdi. O'zi aslida “Yor-yor” ko'rsatuvi kerak emas. Lekin shunda ham chetdan ko'chirib olib ko'rsatuv qilishayapti. Ey ikki opa – sizlar kimsizlarki, u ayolning ustidan kulasizlar?! Nafrat paydo bo'ldi menda. Butun O'zbekistondan odamlar kuzatmoqda. Sizlar esa maynavozchilik qilib o'tiribsizlar. Ko'rsatuv degani hamma narsani ham ko'rsataverish deganimasku. Xalqimizga bu ko'rsatuvni ko'rmaslikni tavsiya qilaman. Tarqatinglar, ushbu postni!
* * *
Dilfuz Samarqandiyning fikrlari ham o'ziga xos:
– “Yor-yor” ko'rsatuvi chiqqanidan beri qancha odam aytib kelyapti. Bas, yetar bunaqa be'mani ko'rsatuvlar bizga kerak emas, deyilsa ham yana namoyish etishda davom etayapsizlar.
Tavba! Bularga kim huquq berganki masxara qilishadi? Halq omi deyishdan oldin ey insonlar, jurnalistlar, o'ylanglar! Axir biz yo'l chiroqmizku. Bizning vazifamiz masxarabozlik emas, mamlakat tanazzuliga qarshi kurashishku, to'g'rimi?
Televidenie jurnalisti yoki boshlovchisi bo'lasizmi, bunaqa spektaklga yo'l qo'yishga umuman haqqingiz yo'q. Nega sog'lom kontentlar chiqmaydi? Podkastlar, debatlar? Nega yosh jurnalistlarga “oldin bir nima qil” deysizlarda, lekin, o'zingiz o'rnak bo'lishni eplolmaysizlar?
Shu ko'rsatuvni sog'lom odam ko'radimi? Hatto o'zingiz ko'rmaysizku. Bu be'mani ko'rsatuvni chek qo'yilishi tarafdoriman.
* * *
Muazzam Ibrohimova esa ancha jiddiy tanqid qiladi:
– Farosatsiz, vijdonsiz “Yor-yor”chilar! Ruhiyatida kemtiklik, tanasida nuqson bor bir mazlumani efirga olib chiqib, ustidan kulgani uyalmadingizmi? Kim sizlarga bunday huquq bergan? Muhabbat Hamroeva, sizni shaxsan taniyman va hurmat qilardim. Ko'rsatuv reytingi uchun bir notavon ojizani izza qilish pastkashlik emasmi?
Yoshi katta boshlovchilar-chi? Allohga qay bet bilan yuzlanasiz? Mayli, boshqalarga o'xshamagan bir odam ko'rsatuvga kelibdi. Baxtini izlab, umid bilan kelgan. Ko'ngli uchun, o'zi uchun bitta s'yomka qilib, yaxshi gapirib sovg'a-salom bilan qaytarib yuborsa bo'lamasmidi? Yoki ustidan kulmay, nuqsonini emas, chiroyli fazilatlariga urg'u bersa bo'larmidi? Rejisser, operator, prodyuser... Xullas bu tsirkka aloqasi bor masxarabozlar shu notavonning kuni boshingizga tushishidan qo'rqmaysizmi?
Bu tomosha nechanchisi? Mayli, turli sabablar bilan baxtini qidirayotganlar murojaati bordir, ko'rsatuv mentalitetimizga zid bo'lsa-da, tomoshatalabdir. Biroq, ersiragan, xotinsiraganlarning aksariyati ahmoqday nuqul ustilaridan kulasizlar, yerga urasizlar.
O'zi ko'rsatuvni allaqachon yopish va uning “ijodkor”larini yaxshigina sazoyi qilish va jarimaga tortish kerak edi. Yaqinda bir fojea ham bo'ldi, eshitgan bo'lsangiz. Siz tanishtirgan er xotinini chavaqlab qo'ydi.O'shanda bu mag'zava shou yopiladi, deb o'ylagan edim. Biroq...
Madaniyatsizlik Vaziri esa uyquda! Millatning sha'niga tupurish va uni kalaka qilish davom etyapti.
Aslida bu ko'rsatuv ancha oldin eng yuqori doirada muhokama bo'lgan edi. Davlat rahbarining Toshkent shahridagi faollar bilan uchrashuvlaridan birida “Nuroniy” jamg'armasi Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov so'z olgan va shunday degandi:
– Muhtaram prezident. “Sevimli” telekanalidagi “Yor-yor” ko'rsatuvi bizga umuman to'g'ri kelmaydi. Erkaklar chiqib olib butun respublikaga “Menga xotin kerak” deb o'tirishi uyat. Yaxshi odam bo'lsa, televizorga chiqmasa ham o'ziga xotin topib oladi.
Rustam Kalonov kichik texnik xatoga yo'l qo'ydi va telekanal nomini adashtirdi. Lekin barcha yig'ilganlar gap nima haqda ekanligini tushunib turishardi.
Prezident telekanallar faoliyatiga aralashuvni ep ko'rmadimi, yoki mavzuni alohida o'rganishni ma'qul ko'rdimi, noma'lum. Lekin shu onda qaror chiqarishdan tiyildi va bosh vazirga shunday topshiriq berdi:
– Abdulla Ne'matovich, masalani o'rganing va o'z tavsiyalaringizni bering.
Tadbir yakunida biz jurnalistlar davlat rahbarining telekanal faoliyatiga aralashuvi so'z erkinligiga mos emasligi, raisning taklifi noo'rin ekanligi haqida fikr yuritgandik. Ammo vaqt ko'rsatmoqdaki, Rustam Kalonovning so'zlarida jon bor ekan.
O'shanda dastur yuqorida doirada muhokamaga qo'yilganmi, qo'yilgan bo'lsa, uning natijasi qanday bo'lgani noma'lum. Lekin “Yor-yor” ko'rsatuvi takror-takror e'tirozlarga sabab bo'lmoqda va endi so'z erkinligini niqob qilib bo'lmaydi. Reyting ortidan quvish, reklamalarni jalb qilish tarozining ikkinchi pallasini, ya'ni, odob-axloqni bosib ketmasligi kerak.
Ta'kidlash joiz, ko'rsatuv mualliflari jismoniy va aqliy nuqsoni bor odamlarni ko'p marta efirga olib chiqishgan hamda ommaga sazoyi qilishgan. Bu esa go'yoki hamma narsa mumkin, degandek tasavvur o'yg'otadi. Yaqinda tarqalgan videoda esa bir chol mashinada ketaturib “Yor-yor” ko'rsatuvidan qaytayotgani, o'ziga munosib ayol topib berishlarini so'raganini bildiradi. Atrofdagilarning “Kampiringiz-chi?” degan savoliga esa “Ee, kampir nima deydi?!” deya javob beradi. Bu esa mazkur ko'rsatuv oila qadriyatlarini oyoqosti qilinishiga sababchi bo'layotganining yana bir isbotidir.
Dastur mualliflari o'zlariga savol beradigan payt allaqachon kelgan – so'z erkinligi huquqi va milliylikka tahdid tushunchasi bir-biriga zid kelmayaptimi?
Abror ZOHIDOV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0