"Ko'zimiz radarda bo'lib qoldi, yo'lgayam qaramayapmiz" – haydovchilar jarimalar haqida
Yo'llarda tartib-qoidalarini kuchaytirish hamda yo'l transport hodisalarini kamaytirish maqsadida qo'yilayotgan va xususiy “tadbirkorlar” hisobiga kundan-kun ko'payib borayotgan kuzatuv kameralari, radarlar tufayli haydovchilarning noroziligi ortib bormoqda. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda ko'p e'tirozlar bildirilayotgan bo'lsada, rasmiylar hozircha jimlik pozitsiyasida.
Haydovchilar hammasi ham “shaffof” ishlamayotgani sababli tadbirkorlar tomonidan qo'yilayotgan kuzatuv kameralaridan norozi ekanlikliklarini bayon etishyapti. ishonch.uz sayti bu masalada haydovchilarga mikrofon tutdi. |
Yo'llarda qoidabuzarliklarni kamaygani yaxshi, ammo ayrim tadbirkorlar bundan insofsizlarcha foydalanib, boshqalarni atayin qoida buzishga majbur qilmoqda. O'zi haydovchilarning aksariyati so'nggi chora sifatida shu ishni boshini tutgan. Aksariyatining kiradan boshqa tirikchiligi yo'q. Haydovchilar suhbat jarayonida muammolar kuzatuv kameralarisiz ham oshganini, shahar oldingidan ancha tirbandligi hisobiga ko'p daromad topa olmayotganini aytib o'tishdi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda yo'l chetida atayin qoidabuzarlik sodir etilishi uchun qo'yilgan mashinalar, kameralar haqida ko'plab videolar joylanyapti. Haydovchilar hamkasblarini ogohlantirgan taqdirda ham baribir jarima “qopqoniga” tushib qolayotganlar soni ko'p.
Jamoatchilik, jumladan deputatlar ham bu borada o'z mulohazalarini bildirdi. “Milliy tiklanish” partiyasi raisi, Alisher Qodirov mavzu doirasida shunday degan edi:
“Mashinalarni orqasidan quyonni quvlagan ovchidek quvlab, yo'q chiziqni ekranda chizib jarima yasab yoki chiziqni bosishga majbur sun'iy tiqilma yaratib “tadbirkorliklar” bilan odamlarni millionlab jarimaga tushurish, tadbirkorlikmi yoki odamlarni aldashmi? Yoki odamlarni aldash tadbirkorlikmi?
Biz tezlik emas, tartib tarafdori bo'layapmiz. Hamma qoidaga rioya qilsin! Tezlikni o'lchash moslamalari belgilangan joyda, belgilangan tartibda tursin va ishlatilsin, qoidadan maqsad – tezlikni cheklash, pul topish emas!
Tadbirkor tezyurar pullik yo'llar qursin, yo'l chetida yo'lovchilarga qulaylik yaratib xizmat ko'rsatsin, daromad qilsin, baraka topsin, boy bo'lsin!
Odamlarimizni ko'pida sudda haqini tortishishga sabri va bilimi yetmaydi, qarz bo'lsa ham ezilib jarima to'laydi, lekin davlatdan norozi bo'ladi!
Daromad uchun aqlini ishlatishi juda ham tabiiy bo'lgan tadbirkorni shu ishga jalb qilib to'g'ri qildikmi, yo'qmi?”
Kuni kecha viloyatdan Toshkentga zarurat yuzasidan kelib-ketgan qarindosh bugun qo'ng'iroq qilyapti.
“Toshkentga borib kelgunimcha, 7 ta radarga tushibman. 3 mln. 600 jarima xati keldi. Jarima qog'ozlariga qarab, qaerlarda menga jarima yozilganini ko'rdim. 70 km/ tezlikda bitta joyda 71 tushibman, “shovvozlar” hatto shuni ham ko'zdan qochirmabdi. Aksariyat joyda qancha tezlikda yurish kerakli haqida yo'l belgilari yo'q. Toshkent shaharning o'zida 2 ta radar bor ko'chada atayin chiziqni bosib o'tsin degandek mashina qo'yilgan ekan. Ilojsiz chiziqni bosib harakatlangandim. Sudga bermoqchi edim, aynan shu video topilmadi. Aslida-ku, yo'llarimiz talabga javob bermaydi, ammo shunda ham yo'l axborot belgilari yetarli joylashtirilmagan. Faoliyatim yuzasidan Qozog'istonga mashinamda borib turaman. Katta magistral yo'llarida ham qaerdan qaergacha necha tezlik aniq yozib qo'yilgan. Jarimalar otni kallasidekmi, demak yo'llarni ham shunga monand tayyorlab qo'yish kerak”.
Aslidayam, yo'llardagi yo'l transport hodisalarini kamaytirish uchun jarima so'nggi chora bo'lmasligi, avvalo yo'lning o'zi talabga javob berishi kerak.
Xulosamiz shuki, kuzatuv kameralarini, ayniqsa tadbirkorlarning asossiz jarimalarini nazoratga olish va bu haqidagi ma'lumotlarni jamoatchilikka ochiq ko'rsatish zarur.
Jurnalist: Feruza RAHIMOVA
Tasvir ustasi va montaj: Quvonch TO'RAEV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0