Farg'ona vodiysidagi 8 ta "nozik" hudud: ular nimasi bilan xavfli?
Farg'ona vodiysida bir emas 8 ta "nozik" nuqtalar joylashganidan xabaringiz bormi? Vodiyning o'ziga xosligini ta'minlovchi bu hududlarga urush qaynar qozon sifatida ham qaraladi. Xo'sh, ular qaysilar va nimasi bilan xavfli?
Mazkur hududlar bilan tanishishdan avval anklav va eksklav atamalari nima, degan savolga javob topsak. Bu atamalar bir davlat tarkibiga kiruvchi, lekin boshqa bir davlat maydonlari bilan o'ralgan hududlarga nisbatan ishlatiladi. Bunday hudud A davlatga tegishli bo'lib, B davlat hududida joylashgan bo'lsa, unda A davlat uchun eksklav, B davlat uchun esa anklav hisoblanadi. Bunday hududlarning paydo bo'lishi, asosan mamlakatlar o'rtasida o'tkaziladigan delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlariga bog'liq. Farg'ona vodiysida jami 8 anklav mavjud. O'zbekistonning Shohimardon, So'x, Сho'ng'ara va Jangayl hududlari Qirg'izistonning Botken viloyatida joylashgan. Qirg'izistonning Barak nomli hududi Andijonda, Tojikistonga tegishli Sarvak esa Namanganda joylashgan. Tojikistonning Vorux va G'arbiy Qal'acha hududlari esa Botken viloyati bilan o'ralgan.
So'x tumani — O'zbekistonning Farg'ona viloyatidagi tumani bo'lib, 1942 yil iyulda tashkil etilgan. Bu hudud to'laligicha Qirg'izistonning Botken viloyati tomonidan o'rab olingan. Manbalarga ko'ra, So'x 1955 yilda siyosiy xaritada paydo bo'lgan. Hudud aholisi asosan tojiklardan iborat. Ushbu anklavning paydo bo'lish sababi borasida aniq ma'lumot mavjud emas. Ba'zi manbalarga ko'ra, hudud qirg'iz va o'zbek kommunistik partiyasi rasmiylari o'rtasidagi qimor o'yinida qirg'iz rasmiysi tomonidan yutqazib qo'yilgan deyiladi. Ammo bu shunchaki taxmin xolos.
Shohimardon — Qirg'izistonning Botken viloyati yerlari bilan o'ralgan, ammo ma'muriy jihatdan O'zbekistonga tegishli bo'lgan hudud. U vodiydagi anklavlar ichidagi eng qiziqarli maskan sanaladi. Bu yerda bir qator tarixiy qadamjolar mavjud. Shohimardon hududida Hamza Hakimzoda Niyoziyning qabri, xalifa Aliga bag'ishlab qurilgan maqbara, hamda 1766 yil zilzilalar oqibatida paydo bo'lgan tog' ko'li Qurbonko'l (Moviyko'l) bor. Hududda asosan o'zbeklar istiqomat qiladi. Bu yerdan O'zbekistonning "asosiy" hududigacha bo'lgan masofa taxminan 17 km. 1930 yillarda O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi hududlar almashinuvi natijasida Shohimardon O'zbekiston tarkibiga kirgan.
Сho'ng'ara — So'x tumanidagi O'zbekistonga tegishli qishloq. Сho'ng'ara qishlog'i 2018 yil Rishton tumani hududidan So'x tumani hududiga kiritilgan. Qishloq So'x daryosi sohilining o'ng tomonida joylashgan. Aholi asosan chorvachilik bilan shug'ullanadi. Сho'ng'ara asosan 1999 yildagi islom jangarilari tajovuzidan keyin qirg'iz-o'zbek munosabatlarini qiynaydigan masala hisoblanadi.
Jangayl. Ushbu hudud ham Qirg'izistonning Botken viloyati hududida joylashgan. Ma'muriy tuzilishidan O'zbekistonning Farg'ona tumaniga qaraydi. O'zbekiston uchun eksklav bo'lgan ushbu hudud maydoni 1 km2 dan kichikroq. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, bu yerda deyarli hech kim istiqomat qilmaydi.
Barak. Bu maskan Qirg'izistonning O'zbekistondagi, Andijon viloyatidagi yagona anklavi sanaladi. Hudud O'sh viloyatining Qora-Suv tumani bilan chegaradan 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Maydoni 4 kvadrat kilometr, aholisi mingga yaqin.
Sarvak — Tojikistonning O'zbekistondagi anklav hududi. U Namangan viloyatida, deyarli vodiyga kiraverishda joylashgan. Sarvak chegara bilan ikkiga bo'lingan. Anklavda bir necha yuzlab odamlar istiqomat qiladi, aholisi deyarli o'zbeklardan tashkil topgan.
Vorux — Qirg'izistonning Botken viloyatida joylashgan qishloq. Biroq bu hudud Tojikistonga tegishli. Anklavga xos hududiy cheklovlar tufayli bu yerda yerga egalik qilish, yaylovlardan foydalanish va umumiy suv resurslari bilan bog'liq nizolar keng tarqalgan, chunki aholi zich joylashgan va mintaqadagi logistika qiyinchiliklari ham iqtisodiy tashvish tug'diradi.
G'arbiy Qal'acha — aholisi bo'lmagan eng kichik anklav hudud. U daryo bo'yidagi bo'sh dalaning bo'lagi sanaladi. G'arbiy Qal'acha Qirg'izistonning Botken viloyatida joylashgan ammo ma'muriy jihatdan Tojikistonga tegishli.
Xalqaro tajribada bunday hududlarga bahsli hududlar deb ham qaraladi. Ba'zan anklav hududlar davlatlar uchun "Siyosiy instrument" bo'lib qolishi holatlari xam yo'q emas. Shuningdek, ba'zan anklav hududlar aholisi o'rtasida nizolar, o'zaro kelishmovchiliklar kuzatilib turadi. Misol uchun, yaqin tarixdagi So'x voqealari shular jumlasidan.
Maftuna Karimova tayyorladi.
Maqolaga baho bering
5/51
0
0
0
0