Har qishda shu bo'lar takror… yoxud yana is gazi haqida
«… Shu yilning 21 noyabrga o'tar kechasi Qo'qon shahar «Ashirqul mergan» MFY Qozikalon ko'chasida yashovchi er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ma'lumotlarga ko'ra, 50 yoshli K.S va uning ayoli 45 yoshli K.Slarning bir nafar farzandi bor. Hodisaga tabiiy gaz o'chib-yonishi sabab bo'lgani aytilmoqda…»
Essiz, ayni umrning yashash pallasi, farzandining kamolini, rohatini ko'rish asnosi bu insonlar omonatini topshirishdi…
Bu fojea shu yilning hisobidan ikkinchisi. Oktyabr' oyida ham is gazidan bir inson halok bo'lgan edi.
Koshki edi, bu holatlar shu bilan tugasa… qani edi, hech kim is gazidan zaharlanib omonatini topshirmasa…
Hali oldinda uch oylik qahraton qish bor… «Endi hech kim is gazidan vafot etmaydi», deb hech kim kafolot bermadi, berolmaydi ham. Demak, hech kim bunday baxtsiz hodisadan himoyalangan emas.
Taassufki, sovuq tushdi deguncha mana shunday xabarlar ko'payib ketadi. Qahratonning sovug'idan badaning junjuksa, baxtsiz hodisalardan yuraging uvishadi.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasining yaqinda e'lon qilgan bayonotiga ko'ra 2020-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida O'zbekistonda is gazidan zaharlanish bilan bog'liq 245 ta noxush holat kuzatilgan. Oqibatda 200 nafar fuqaro jarohatlangan, 421 nafari halok bo'lgan.
421 nafar fuqaro… bu raqamlar ortida minglab (balki millionlab) odamlarning taqdiri o'zgarib ketdi, axir. Tilsiz yov oqibatida kimdir onasidan, birov otasidan, boshqasi farzandidan ayrildi. Mazkur raqamlar ichida butun boshli oilalar yo'q bo'lib ketgan holatlar ham yo'q emas.
O'ylab qolasan kishi: bunga o'xshash ko'ngilsizliklar har yili takrorlanishiga qaramay, hali-hanuz bunga barham berishning chorasi topilmayapti. Mutasaddilarning bu holatga esa doimgidek javobi tayyor: «gazdan noto'g'ri foydalanish, nosoz qurilmani ishlatish oqibatida...» |
To'g'ri, qirq yil urush bo'lsa, ajali yetgan o'ladi, degan gap bor. Lekin bu shunchaki hamma narsani taqdirga burish degani emas-da. Zotan, hech qachon sababsiz oqibat bo'lmaydi. Biz esa sabab qolib, oqibatlar bilan kurashish hadisini olganmiz.
Misol uchun, qaerda is gazidan chaqnash yoki halokat sodir bo'lsa, darhol «ishchi guruh» tuziladi. Tegishli tashkilot va organlardan tuzilgan komissiya zudlik bilan hodisa ro'y bergan joyga yetib boradi. Holatni o'rganadi, dalolatnoma tuzadi. So'ng jinoyat ishi ochiladi. O'rganishlar xulosasida esa gazdan noto'g'ri foydalangani uchun yana fuqaro aybdor bo'ladi. Shu bilan ish yopiladi. Toki is gazi navbatdagi qurbonini yiqitmaguncha bu masala unutiladi. Biror bir mas'ul bu bo'yicha qat'iy chora-tadbirlar ishlab chiqish haqida bosh qotirmaydi.
Yoki bu bo'yicha oxiriga yetkazilgan biror bir holat bormi? Bor bo'lsa, mutasaddilar buning aniq misollarini keltira oladimi?
Masalan, aynan is gazi bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo'zg'atilgan jinoyat ishlarining oxirgi holati qanday yechim topyapti? Aybdorlar topilib, jazolanganmi? Mazkur savollarga fakt bilan javob bera oladigan prokuror bormi?
Umuman, is gazi bo'yicha qo'zg'atilgan jinoyat ishidan biron bir naf chiqadimi o'zi? Haqiqatan ham, bu ko'ngilsizliklar ortida biron bir aybdor aniqlanadimi yoki barcha ayb xonadon sohibining o'ziga to'nkalib, jabrdiydaning o'zi jazolanadimi?
Xo'sh, mazkur holatlar bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgani haqida xabar berilyapti-yu, nima uchun uning natijasiga kelganda o'raga sichqon tushdi guldir-gup qabilida ish tutilmoqda?
Xullas, savol ko'p, javob yo'q! Toki is gaziga oid halokatlarga shunchaki yeng uchida qaralarkan, tuzilgan dalolatnomalar, ochilgan jinoyat ishlari tokchalarda qolib ketaverarkan, bu bo'yicha jiddiy choralar ko'rilmas ekan, odamlar tilsiz yovning qurboniga aylanaveradi...
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0