“Uylarning narxi osmonda!” — ko'chmas mulk bahosi ikki yilda ikki barobar oshdi
O'zbekistonda, ayniqsa, poytaxt Toshkentda ko'chmas mulk bahosi shiddat bilan oshib bormoqda. Albatta, uy-joylar azaldan eng barqaror investitsiyalardan biri, hammaga kerak bo'lgan mulk hisoblanadi. “Dunyodagi odamlarning yarmi o'z uyi bo'lishini, qolgan yarmi bor uyini kengaytirishni istaydi”, degan naql bejiz aytilmagan.
Ammo kuzatuvlar shuni ko'rsatadiki, O'zbekiston poytaxti narxlar o'sishi jihatdan ko'p davlatlarni ortda qoldiryapti. Avvalo shuncha uylar qurilishiga qaramay ko'chmas mulkka bo'lgan talab nega bu qadar oshib borayotganiga aniqlik kiritsak:
1. O'zbekiston aholisi mustaqillikdan buyon deyarli ikki barobar oshdi (mazkur ko'rsatkich bo'yicha sobiq ittifoqda yetakchilardan birimiz), ammo uy-joy fondi bunchalik kengaymadi;
2. Yaqin yillarga qadar ham katta oila bo'lib yashash an'anasi saqlanib turgan, ya'ni bitta hovlida 2-3, ba'zan undan ham ko'proq aka-ukalar oilalari bilan yashayverishardi. Bugun hamma alohida mulkka intilyapti;
3. Yangi qurilayotgan uylarning hammasi ham bevosita yashash uchun foydalanilmayapti va salmoqli qismi investitsion maqsadlarda xarid qilingan. Ya'ni yaxshi narx taklif qilinsa, sotib yuboriladi. Ungacha yillab bo'sh yotishi ham mumkin, aniqrog'i, amalda xizmat qilmaydi;
4. Ko'chmas mulk bahosi muntazam ko'tarilib borishi, uyni ijaraga berish orqali yaxshigina daromad qilish mumkinligi uning jozibadorligini oshiryapti. Ya'ni pul bor odam borki uy-joy sotib olib qo'ymoqda;
5. Tan olgimiz kelmasa-da, iqtisodiy o'sish va odamlarning pul topishi o'sib, juda ko'pchilik o'z mablag'ini ko'chmas mulkka tikishni afzal bilyapti.
Shuningdek, narx oshishi o'ziga xos ikki yo'nalishda ketyapti.
Ikkilamchi bozor
“Eski uylar”, ya'ni ikkilamchi bozor narxida juda katta sapchish kuzatildi. Bundan bir yil avval byudjet bahodagi bir xonalik uyni 30 ming dollarga bemalol sotib olish mumkin bo'lgan bo'lsa, hozir shu kvartiralar 45 ming dollarga chiqdi. Ya'ni bir yil ichidayoq narx o'sishi bemalol 50 foizdan oshdi.
Bu qadar ko'tarilishga ikki sabab bor:
A.Psixologik sabab: Turkiyadagi zilzilalar fonida eski uylar ishonchli deya ko'rildi va ularga talab oshib ketdi. Bu, o'z navbatida, narxga ta'sir qilmay qolmadi;
B.Ipoteka omili: uzoq yillar ipoteka yo yo'q edi, yo faqat birlamchi bozorga berilardi. 2022-2023 yilga kelib banklar ko'chmas mulk bozoriga faol kirib borishdi va keng ko'lamda ipoteka krediti bera boshlashdi. Taklif bu qadar oshmagani holda, bu omil talabni sezilarli oshirib yubordi.
Birlamchi bozor
“Novostroyka”lar oshishiga ham o'ziga yarasha sabablar bor. Eng muhimlari — yer maydonlarining kamayishi va narxi oshishi, qurilish mollari va ishchi kuchi bahosining ko'tarilishi. Bundan tashqari, yangi uylarni rasmiylashtirishda byurokratik talablar ham oshmoqdaki, bular ham yakuniy bahoda aks etmay qolmaydi.
Omillar-ku, tushunarli. Biroq vaziyatni tushunish undan chiqishda ko'pam yordam bermaydi, uy-joy qilmoqchi bo'lgan yosh oilalar, nainki yosh oilalar, balki o'rta va katta yoshlilar ham shaxsiy uysizlik tufayli juda murakkab kunlarni boshdan kechirishyapti. Bu borada davlatning ma'lum dasturlari bor, ko'pchilik ulardan foydalanyapti ham. Lekin bu jarayon ham ancha qiyin kechyapti.
Masalan, muhtojlarga ajratiladigan subsidiyaga loyiq ko'rilish juda qiyin, shunday imtiyoz qo'lga kiritilgan taqdirda ham unga munosib ko'chmas mulk topish azob. Сhunki belgilab qo'yilgan narx va real narx o'rtasidagi tafovut yer bilan osmoncha. Qolaversa, aksariyat quruvchilar o'z e'lonlarida “Ipoteka va subsidiya yo'q” deb yozib qo'yishadi.
Yaxshiki davlat dasturi asosida ko'plab qurilishlar qilindi, muhtojlarga qulay to'lov bilan berildi. Ammo bu yetarli emasligi ma'lum bo'lib ulgurdi. Bundan 5-6 yillar avval shitob bilan boshlangan loyihalar (masalan: Toshkentda Yangi Hayot tumani, Samarqandda Qorasuv massividagi katta qurilishlar) bugun susayib qolgan.
Keling, poytaxtda uy olish istagida bo'lgan bir necha yurtdoshlarimizning so'zlariga quloq tutamiz.
Avaz aka, Qashqadaryo:
— Toshkentda 200-300 mln. so'm pul bo'lmay qolibdi. Hamma dollarda gaplashadi. Dehqonchiliklarni yig'ishtirib, mol-hollarni sotib, o'qiyotgan bolalarimga kichikroq bo'lsa-da uy olib beray, deb niyat qilgandim. Tushundimki, chuchvarani xom sanabman. Hozir minim turgan moshinamni sotsam va yana qarz-qavola qilsam, bir xonalik uyga yetarkan. Shunchaki dahshat…
Yoqubbek, Toshkent:
— O'zim vodiylikman. 10 yildirki ijarada turaman. Bolalarim ijara uyda tug'ilishdi, katta bo'lishyapti. Er-xotinning eng katta orzuimiz — o'z boshpanamizga ega bo'lish. Shu niyatda uzoq yillardan beri qisinib-qimtinib pul yig'amiz.
Lekin alam qilarlisi shuki, biz 10 ming pul yiqqanda uylar 15 ming bo'ladi, pul 15 ming dollarga yetganda 25 mingga chiqadi. Xullas hech quvib yeta olmaymiz. Oxiri, hech ilojsizlikdan ipotekaga bo'lsa ham olishga qaror qildik. Qizig'i, ipotekaga uy topib, bank bilan kelishgunimizcha bo'lgan bir oycha vaqt ichida ham uylar o'rtacha 5-6 mingga ko'tarilib ketdi. Juda tushkunlikka tushdik xullas. Hayronman, narxlar nimaning hisobiga buncha oshyapti o'zi?!
Shaxsini sir tutgan mushtariy:
— O'tgan yili ikki xonali uy olaman deb, bir xonali uyimizni 32 ming dollarga sotgandik. Ozgina yig'ib qo'yganimiz bor edi va shu bilan ikki xonaliga pulimiz yetardi. Bitta uyni gaplashib, pishitib qo'ygandik ham. Ammo uyimizni sotganimizdan so'ng u uyning hujjatida kamchilik chiqdi. Boshqasini izlay boshladik. Kunduzi ko'p uylarni ko'ramiz, kechga maslahatlashamiz va bir uyda to'xtalamiz. Ertasiga borsak, sotilgan bo'ladi. Ikki oy ichida kamida 4-5 marta shunday bo'ldi. 35-36 mingga mo'ljallab turgan uyimizni oxiri qarz-qavola qilib 42 mingga oldik.
O'sha payt yutqazganimiz uchun rosa asabiylashgandik. Lekin o'shanda qat'iy harakat qilmasak, keyin butunlay ololmas ekanmiz. Сhunki bugungi kunda yashayotgan uyimiz bahosi 60 mingdan kam emas.
Xo'sh, yechim nimada?
Zamon bozor qonunlariga qanchalik moslashgan bo'lmasin, davlat bu jarayonlarga faolroq aralashishi lozim. Bunda bir qator takliflar bor:
1. Davlatning o'z loyihalari asosidagi, ya'ni tijoriy bo'lmagan qurilishlar hajmini oshirish zarur. Bu umumiqtisod rivojiga, ish o'rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi;
2. Yer ajratilayotganda quruvchilarga yangi qurilayotgan uylarning ma'lum qismini, deylik 5 foizini subsidiya asosida va belgilangan toifaga arzon narxda sotish majburiyatini yuklash kerak;
Bu biznesning ijtimoiylashuviga, ya'ni xalqchillashuviga ham xizmat qiladi. Bugungi kunda uy quruvchilar va omma o'rtasida o'ziga xos jarlik paydo bo'lgan va u kengayib bormoqda. Ko'pchiligimiz uy quruvchi biznesmenlarni xalqni o'ylamaydigan, shafqatsizlarcha narxni oshiradigan kapitalistlar hisoblaymiz. Holbuki ular ham oramizdagi insonlar. Ma'lum miqdorda uylarni muhtojlarga sotsalar yoki hadya qilsalar, ularga munosabat ham o'zgarishi tabiiy;
3. Bozordagi bahoni tasniflash, nisbatan arzon narxda uylar taklif etayotganlarga soliq imtiyozlari berish lozim;
4. Uylarni investitsion maqsadlarda sotib olib qo'ygan va yillab foydalanmayotgan mulkdorlarni oshirilgan soliqqa tortish orqali ko'chmas mulkdan foydalanish ko'rsatkichini oshirish kerak;
5. Badavlat insonlar, puldor tashkilotlar o'z xodimlarini ma'lum shartlar evaziga uy-joy bilan ta'minlash ko'lamini oshirishi kerak. Bu o'ziga xos ijtimoiy shartnoma dunyoning ko'plab mamlakatlarida muvaffaqiyatli qo'llab kelinadi.
Umuman, boshpana muammosini davlat miqiyosida bir lahza bo'lsa-da e'tibordan chetda qoldirmaslik shart. Bu borada bir necha yil oldinni ko'zlagan dasturlar tuzilishi va ularning amalga oshirilishi izchil nazorat qilib borilishi zarur.
Abror ZOHIDOV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0