Aqlga sig'mas boyliklar va misli ko'rilmagan qashshoqlik uyg'unlashgan davlat
Ko'pchilik kishilar mamlakat tabiiy boyliklarini jamiyat farovonligi garovi sifatida ko'radi. Biroq bu juda nisbiy tushuncha. Jahonda tabiiy boyliklarga juda kambag'al bo'lgan, ammo o'zi birinchi dunyoga tegishli rivojlangan davlatlar bor.
Yaponiya, Janubiy Koreya va ayrim Yevropa davlatlarini bunga misol sifatida keltirsa bo'ladi. Hatto AQSh va Xitoy kabi davlatlar ham so'nggi vaqtlarda katta daromadlarni aqliy va intelektual boylik ortidan ko'rmoqda.
Jahonda yana shunday davlatlar borki, tabiiy boyliklar zaxirasi miqdoridan aqlingiz shoshadi. Ammo ulardagi taraqqiyot, aholining turmush darajasi va farovonligiga havas qilib bo'lmaydi. Ana shunday davlatlarga yorqin misol – Venesuela.
Fakt: Bir vatqlar Venesuela aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot bo'yicha 4-o'rinni egallagan. Bu ko'rsatkich Yaponiyadan 4 barobar, Xitoydan 12 barobar ko'p bo'lgan.
Bir paytlar farovon davlat edi
Venesuelaning eng katta boyligi bu neftdir. Neft zaxirasi bo'yicha hatto arab mamlakatlari ham unga yeta olmaydi. Jahondagi qora oltin zaxirasining qariyb 20 foizi ushbu davlatga to'g'ri keladi (300 mlrd barreldan ziyod). Ikkinchi o'rindagi Saudiya Arabistonida bu miqdor 16,7 foizni tashkil etadi (253 mlrd barrel).
Jahonda ko'p davlatlar qashshoq o'tmishga ega, ularning aksariyati bugun rivojlangan va to'q. O'tgan asrning 60-70 yillarida vaziyat boshqacha edi. Birgina raqam Venesuela 1970-yillarda qanday iqtisodiy holatda bo'lganini ko'rsatadi: shu davrda mamlakatda bir kishi boshiga to'g'ri keladigan YaIM miqdori 10 600 dollardan oshardi. O'sha paytda Lotin Amerikasining yana bir jadal rivojlanayotgan davlati Argentinaning ko'rsatkichi 7 ming dollar atrofida edi. Venesuela iqtisodiy o'sish va farovonlik bo'yicha barcha qo'shnilarini ortda qoldirgandi.
Umuman olganda, mamlakatning gullagan davrlari 1950-1980 yillarga to'g'ri keladi. 1950 yilda, butun dunyo Ikkinchi jahon urushi oqibatlaridan qutulishga harakat qilganda, Venesuela aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot bo'yicha 4-o'rinni egalladi. Bu ko'rsatkich Сhilidagidan 2 barobar, Yaponiyadan 4 barobar, Xitoydan 12 barobar ko'p bo'lgan.
1950 yildan 1980 yillarning boshigacha Venesuela iqtisodiyoti barqaror o'sishni ko'rsatdi. 1982 yilga kelib, mamlakat Lotin Amerikasidagi eng boy iqtisodiyot bo'lib qoldi. U o'zining ulkan neft boyliklarini sog'liqni saqlash, ta'lim, transport va oziq-ovqat subsidiyalari kabi ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish uchun ishlatgan. Venesuelalik ishchilarning ish haqi mintaqadagi eng yuqori maoshlardan biri edi.
Afsuski, Venesuelaning gullab-yashnashi uzoq davom etmaydi va neftga haddan tashqari qaramlik tez orada iqtisodiy holatning kutilmagan yomonlashuviga olib keladi.
1980 yillarning o'rtalarida Venesuelada iqtisodiyot cho'ka boshladi. Jahon bo'ylab neft narxining tushib ketishi 95 foiz eksporti neftga to'g'ri keladigan mamlakatga ulkan zarba berdi. Afsuski, iqtisod neftga “o'tirib qolgan”, narxning o'zgarishi ahvolni tobora og'irlashtirardi. Neft ortidan kelayotgan daromadga zarur intfratuzilma yaratilmadi, mamlakatda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari falajligicha qolaverdi. Oqibatda 90-yillarda Venesuela qashshoq mamlakatga aylanib bordi.
No'noq boshqaruv
Mamlakatning yaqin tarixidagi inqiroz ildizlari marhum prezident Ugo Сhaves va amaldagi prezident Nikolas Madurolar boshqaruvi davrida borib taqaladi. Ko'pchilik hozirgi vaziyatda Maduroni ayblaydi, ammo mamlakat noto'g'ri yo'lda ekani Ugo Сhaves davridanoq ma'lum bo'lib ulgurgandi.
Ugo Сhaves 1998-2013 yillarda hukmronlik qildi, u dastlab farovonlik va demokratiyani va'da qilgandi. Ammo buning o'rniga mamlakatda avtoritarizm va zamon talablariga mos bo'lmagan eskicha mafkura o'rnatildi. “21-asr sotsializmi” degan dasturni e'lon qilgan Сhaves barcha yirik xususiy korxonalarni davlat tasarrufiga o'tkaza boshladi. Dunyo kommunizmdan voz kechib bo'lgan vaqtda, Venesuelada proletarcha qarashlar ildiz ota boshladi.
Yana bir yomon tomoni, mamlakatning eng yirik savdo hamkori bo'lgan AQSh bilan munosabatlar jiddiy tarzda yomonlashdi. Сhaves Vashington bilan munosabatlarni yaxshilash uchun hech qanday harakat qilmadi. Vaholanki, Venesuela neftining 40 foizga yaqinini Qo'shma Shtatlar sotib olardi. Misol uchun 2016 yilda Venesuela AQShga 30 mlrd dollarlik mahsulotlar eksport qildi. Shunday bo'lsada, o'rtadagi tarang munosabatlar, AQSh hukumati qo'ygan cheklovlar Janubiy Amerika respublikasi iqtisodiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.
2013 yilda davlat tepasida Nikolas Maduro keldi. U Ugo Сhavesning izdoshi bo'lib, bu arbobdan yangilik va katta o'zgarishlarni kutish amrimahol edi. Kutilganidek, ahvol battar yomonlasha boshladi. Birinchi navbatda giperinflyatsiya mamlakat iqtisodini ostin-ustun qilib yubordi. 2018 yilga kelib pulning qadrsizlanishi 1 300 000 foizni tashkil etdi. Narxlar har ikki haftadan ikki barobarga oshib ketardi. Mamlakat hatto hojatxona qog'ozini xorijdan import qilishgacha bordi.
Buning ustiga Maduro juda agressiv va yopiq siyosat olib bordi. Ko'plab ommaviy axborot vositalari yopib tashlandi, siyosiy muxolifatchilar qamaldi. Hatto yirik gazeta El Nasional nashrining ham tiraji keskin tushib ketdi.
Venesuelada 2017 yillarda oziq-ovqat tanqisligi, yirik ocharchilik boshlandi. O'sha davrda o'tkazilgan so'rovnomalardan birida 63 foizdan oshiq ishtirokchi bir yilda 11,7 kg vazn tashlagani haqida ma'lumot bergan.
Ahvolning yomonlashishiga neft qazib olishning keskin qisqarishi ham sabab bo'ldi. Birgina misol: 2009 yilda mamlakat 150,6 mln tonna neft qazib olgan bo'lsa, bu raqam 2014 yilda 139,3 mln, 2018 yilda 75,6 mln tonna, 2019 yilda esa 46,6 mln tonnani tashkil etdi.
Mamlakatni millionlab kishilar tark etmoqda
2014-2019 yillardagi inqiroz sabab uch milliondan oshiq kishi mamlakatdan chiqib ketdi. Ularning katta qismi qo'shni Kolumbiya davlatiga borib joylashdi.
Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga ko'ra, umuman olganda Venesuelani siyosiy notinchliklar, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik va davom etayotgan gumanitar inqiroz sharoitida 6 milliondan ortiq odam tark etgan. Bu Lotin Amerikasining zamonaviy tarixidagi eng yirik migratsiya inqirozidir.
Mamlakat jinoyatchilik o'chog'iga aylandi. Poytaxt Karakas bir necha bor dunyo reytinglarida jahonning eng xavfli shahri deya topildi. Shaharda kuniga o'nlarcha odamlar jinoyat qurboniga aylanadi, 70 foiz aholi xaroba uylarda istiqomat qiladi. Karakas ko'chalarida yolg'iz yurish o'z hayotini katta xavf ostiga qo'yish sifatida baholanadi.
Sanktsiyalar
AQSh tomonidan Venesuelaga nisbatan kiritilgan sanktsiyalar ham vaziyatni og'irlashtirdi. Sanktsiyalar 2005 yildan beri kiritib kelinadi. 2015 yil ayniqsa Venesuela uchun og'ir yil bo'ldi.
Oq uy Venesuelaning Amerika moliya bozorlariga, Markaziy bankiga - dollar va xalqaro tranzaktsiyalarga kirishini yopdi, mamlakat rahbariyati inson huquqlarini buzish, saylovlarda firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi, korruptsiya va valyuta firibgarligida ayblandi. Maduro, uning rafiqasi, o'nlab amaldorlar va davlat kompaniyalari sanktsiyaga uchradi. Keyinchalik Qo'shma Shtatlar Venesuela davlat qarzi bilan operatsiyalarni va Petroleos de venesuela (PdvSA) davlat neft kompaniyasi bilan biznes yuritishni taqiqladi. Bu Maduro 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida g'alaba qozonganidan keyin sodir bo'ldi, AQSh va Yevropa Ittifoqi saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi.
2019 yilda mamlakatda qo'shhokimiyatchilik yuzaga keldi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Xuan Guaydoni Venesuelaning qonuniy prezidenti deya tan oldi. Rossiya, Xitoy va Turkiya kabi davlatlar Maduroni qo'llab-quvvatladi.
2020 yilda AQSh Maduroni mamlakatni narkoterrorizm o'chog'iga aylantirishda aybladi, Davlat departamenti hatto uni ushlagan va qamoqqa olganlar uchun 15 million dollar mukofot va'da qildi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida energetika sektoridagi yuz bergan o'zgarishlar tufayli G'arb Venesuelaga nisbatan kiritilgan cheklovlarni yumshatish xususida o'ylay boshladi. Jumladan, 2022 yil martida AQSh va Venesuela rasmiylari o'zaro uchrashdi. Ammo, bu uchrashuv kutilgan natijani bermadi.
So'nggi xabarlarga ko'ra, AQSh hukumati Maduro 2024 yilgi saylovlarni demokratik ruhda o'tkazsa, cheklovlarni yumshatish borasida taklif bergan. Ammo taklif o'z natijasini berishini vaqt ko'rsatadi.
Venesuela so'nggi bor yana bir salbiy xabar bilan OAV markaziga tushdi: bu davlat rahbariyati qo'shni Gayananing neftga boy Essekibo hududiga ko'z olaytirgani va ochiq urushga tayyorlangani bilan bog'liq. Hartugul bu urush bo'lmadi va muvaqqat bo'lsada kelishuvga erishildi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0