Qisqarishga tushib bo'shagan xodimni ishga tiklasa bo'ladimi?
Savolga huquqshunos Muhammadamin Karimjonov javob beradi.
–MK 561-moddasi 1-qismiga ko'ra, mehnat shartnomasi qonuniy asossiz bekor qilingan, g'ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o'tkazilgan, mehnat shartlari o'zgartirilgan yoxud ishdan chetlashtirilgan hollarda yakka tartibdagi mehnat nizosini ko'rib chiquvchi organ xodimni avvalgi ishiga tiklaydi, shuningdek avvalgi mehnat shartlarini tiklaydi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 20.11.2023 yildagi 26-son qarorining 62-bandida ham mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganda xodim avvalgi ishiga tiklanishi shartligi belgilangan.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, xodim avvalgi ishiga tiklanishi shart ekan. Avvalgi ishi qisqarib ketgan bo'lsachi? U holda shtat jadvaliga o'zgarish kiritiladi, xodim avvalgi ishiga tiklanadi va qisqarish jarayoni yana qaytadan boshlanadi.
Istisno MK 561-moddasi 4-qismida belgilangan. Unga ko'ra, g'ayriqonuniy ravishda hukm qilinganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoxud g'ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan ishdan (lavozimidan) chetlashtirilgan xodimga avvalgi ishi (lavozimi) berilishi kerak, agar buning imkoni bo'lmasa (tashkilotning (uning alohida bo'linmasining) tugatilishi, qisqartirishga olib kelgan shtatlar o'zgarishi yoki ishiga (lavozimiga) tiklanishiga to'sqinlik qiluvchi qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo'lgan taqdirda), avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi kerak.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0