Shifokorlar huquqi tiklandi
Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Navoiy viloyati bo'yicha mehnat huquq va texnik inspektorlari Zavriddin Halimov hamda Avaz Xudoynazarovlarga Navbahor tumanidagi tibbiy muassasalarda faoliyat olib borayotgan 46 nafar shifokordan murojaat kelib tushdi.
Ta'kidlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilarining mas'uliyatsizligi natijasida 2020-2021 yillarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga jalb qilingan salomatlik posbonlariga berilishi majburiy bo'lgan kunlik qo'shimcha to'lovlar, biryo'la to'lanishi lozim bo'lgan mablag'lar, hattoki, mehnat ta'tili pullari ham berilmagan. Natijada tuman tibbiyot birlashmasi xodimlardan 117 million 552 ming 23 so'm miqdorda qarz bo'lib qolgan.
Darvoqe, tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo'limi boshlig'i Ramizjon Karimov Navoiy shahrida tashkil qilingan karantin zonasida ishlash jarayonida koronavirusni yuqtirib olgan edi. Natijada Ramizjon qisqa vaqt ichida ikki bor jarrohlik operatsiyasini boshdan o'tkazishga majbur bo'ldi. Biroq sog'lig'i to'liq tiklanmadi va 2021 yili birinchi guruh nogironiga aylanib, to'shakka mixlandi. Ham sog'lig'idan, ham sevgan kasbida ishlash baxtidan mahrum bo'ldi.
Ramizjonning rafiqasi turmush o'rtog'iga biryo'la to'lanishi lozim bo'lgan 100 million so'mni ololmasdan ikki yil davomida yuqori tashkilotlarga tinimsiz yugurgan bo'lsa-da, biror natijaga erisholmadi. Rasmiyatchilik va aldovlardan hafsalasi pir bo'lib, o'zi ham sog'lig'ini yo'qotdi (bu haqda «Ishonch» gazetasida maqola ham e'lon qilindi). Ramizjon Karimov gazetaning ushbu sonini Cog'liqni saqlash vazirligiga jo'natdi va o'zining qonuniy haqini talab qildi. Ammo vazirlik mutasaddilari arizachiga ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilishni maslahat berishdi. Afsuski, bu paytga kelib oilada iqtisodiy qiyinchilik boshlangan, er-xotin ikkalasi ham og'ir dardga chalinib, butunlay holdan toygan edi...
Xayriyat, kasaba uyushmalari tizimi bor ekan, Ramizjon Karimov o'ziga to'lanishi lozim bo'lgan 100 million so'mni oldi. Shuningdek, yana 45 nafar navbahorlik sog'liqni saqlash xodimlarining huquqi tiklandi. Mehnat huquq va mehnat texnik inspektorlarining Navbahor tumani tibbiyot birlashmasi rahbariga yozma ravishda kiritgan ko'rsatmasiga asosan 117 million 552 ming 23 so'm miqdoridagi qarzdorlik murojaatchilar foydasiga undirildi.
Normurod MUSOMOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0