Xodim istalgan vaqtda ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqishi mumkinmi?
Mehnat kodeksining 213-moddasiga ko'ra, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta'tillarning 4 ta turi nazarda tutilgan.
Ish haqi qisman saqlanadigan ta'til va uni berish tartibihamda rasmiylashtirish masalalari haqida Toshkent davlat yuridik universiteti mehnat huquqi kafedrasi katta o'qituvchisi Muhammadamin Karimjonov bilan suhbatlashdik.
– Ish haqi qisman saqlanadigan ta'til tushunchasi haqida ma'lumot bersangiz...
– Mehnat kodeksining 213-moddasiga ko'ra, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta'tillarning quyidagi turlari nazarda tutilgan:
- har yilgi mehnat ta'tili;
- ijtimoiy ta'tillar;
- ish haqi qisman saqlanadigan ta'til;
- ish haqi saqlanmaydigan ta'til.
Diqqat! Ish haqi qisman saqlanadigan ta'til tushunchasini ish haqi saqlanmaydigan ta'til bilan adashtirmang!
Aslida ish haqi qisman saqlanadigan tushunchasi mehnat qonunchiligi uchun yangilik emas. Garchi eski tahrirdagi Mehnat kodeksida bu tushuncha mavjud bo'lmagan bo'lsa-da, lekin Soliq kodeksining 374-moddasi (Ishlanmagan vaqt uchun haq to'lash) 2-bandida asosiy ish haqi qisman saqlab qolingan holda majburiy ta'tilda bo'lgan xodimlarga beriladigan to'lovlar nazarda tutilgan.
Yangi MKning240-moddasining 1-qismiga ko'ra, jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo'lmaganda esa mehnat shartnomasida xodimga ish haqi qisman saqlanadigan ta'til berish imkoniyati nazarda tutilishi va bunday ta'tilning yil davomidagi eng ko'p miqdori belgilanishi mumkin.
–Ish haqi qisman saqlanadigan ta'tildavomiyligi qancha bo'lishi kerak?
–MKning 240-moddasi 2-qismiga ko'ra, xodimga ish haqi qisman saqlanadigan ta'til berish va uning davomiyligi to'g'risidagi masala har bir muayyan holda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko'ra hal etiladi. Xodimning unga bunday ta'til berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi.
–Agar jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilnazarda tutilmagan bo'lsa, xodimga bunday ta'til beriladimi?
–Bunday vaziyatda ish beruvchi o'z vakolatlari doirasida yakka o'zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlarda (buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar) ham bunday ta'til nazarda tutilishi mumkin. Сhunki yuqorida tahlil qilib o'tganimizdek, ish beruvchi o'z vakolati doirasida yakka o'zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar ham mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar jumlasiga kiradi.
–Ish beruvchi xodimning xohishisiz majburan ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqarishi mumkinmi?
–Yo'q, mumkin emas. Xodimning unga bunday ta'til berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi.
Ish beruvchi xodimni majburan ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqarsa, bu MJTKning 49-moddasiga ko'ra, mehnat to'g'risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
O'z navbatida esa xodim ham ish beruvchi bilan kelishmasdan ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqa olmaydi, ish haqi qisman saqlanadigan ta'til berishi shart bo'lgan hollar bundan mustasno.
Xodimning ish beruvchi roziligisiz, o'zboshimchalik bilan ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqib ketishi u tomonidan mehnat majburiyatlarini buzish deb baholanadi va bu xodimga ish beruvchi MKning 312-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralaridan birini qo'llashi mumkin.
–Xodim istalgan vaqtda ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqishi mumkinmi?
–Xodim ish beruvchi bilan kelishib, istalgan vaqtda, hattoki bugun ishga kirib ertadan ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilga chiqishi mumkin. E'tibor bering, ish beruvchi bilan kelishgan holda!
Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo'lmaganda esa mehnat shartnomasida agar ish beruvchi xodimning talabiga ko'ra, majburiy tartibda ish haqi qisman saqlanadigan holda ta'til berilishi shart bo'lgan hollar nazarda tutilgan holatlarda xodim ish beruvchi bilankelishmasdan ham istalgan vaqtda bunday ta'tilga chiqa oladi.
MKning 227-moddasidagi birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta'tilidan foydalanish huquqi xodimda ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan 6oy o'tganidan keyin yuzaga keladi, degan qoida har yilgi mehnat ta'tiliga taalluqli.
– Ish haqi qisman saqlanadigan ta'til davrida xodim kasal bo'lib qolsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to'lanadimi?
– “Davlat ijtimoiy sug'urtasi bo'yicha nafaqalar tayinlash va to'lash tartibi to'g'risida”gi Nizomning 22-bandiga ko'ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik quyidagi davrlarga to'g'ri kelganda nafaqa to'lanmaydi:
- ish haqi saqlanmagan ta'til;
- bolani parvarishlash bo'yicha ta'til;
- ish vaqtincha to'xtatilgan;
- xodim ishdan (lavozimdan) chetlashtirilib, ish haqi to'lash to'xtatib qo'yilganligi sababli ishlamagan;
- harbiy o'quv yoki tekshiruv yig'ini;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o'quv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan qo'shimcha ta'til.
E'tibor bering, 22-bandda ish haqi qisman saqlanadigan ta'til nazarda tutilmagan. Demak, ish haqi qisman saqlanadigan ta'til davrida xodim kasal bo'lib qolsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi umumiy asoslarda xodim ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda to'lanadi.
– Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ish haqi qisman saqlanadigan ta'til muddati uzaytiriladimi yoki boshqa muddatga ko'chiriladimi?
– MKning 229-moddasi har yilgi mehnat ta'tilini uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko'chirishni tartibga soladi. MKning 216-moddasiga ko'ra, har yilgi mehnat ta'tilining turlari quyidagilardan iborat:
- asosiy mehnat ta'tili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan);
- ushbu Kodeksning 222-moddasida nazarda tutilgan tartibda asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan ta'til bilan jamlab hisoblanadigan qo'shimcha mehnat ta'tili.
Demak, ish haqi qisman saqlanadigan ta'til har yilgi mehnat ta'tilining turlariga kirmaydi, o'z-o'zidan MKning229-moddalari tatbiq qilinmaydi ya'ni vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ish haqi qisman saqlanadigan ta'til muddati uzaytirilmaydi yoki boshqa muddatga ko'chirilmaydi.
– Ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilda ish haqining qanchasi saqlab qolinadi?
– MKning 240-moddasi 4-qismiga ko'ra, xodimning qisman saqlanadigan ish haqining miqdori to'g'risidagi masala jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo'lmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi.
Jamoa shartnomasiga quyidagilarni kiritish mumkin.
Xodim ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilda bo'lganida qisman saqlanadigan ish haqining miqdori xodim o'rtacha ish haqining 50 foizidan kam bo'lmasligi kerak. Har yilgi mehnat ta'tilini olish huquqini beradigan ish stajiga ish haqi qisman saqlanadigan ta'til vaqti qo'shiladi.
Biroq bunday ta'tilda bo'lgan xodimning ish haqi miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan (may oyi holatiga ko'ra mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori – 980 000 so'm) kam bo'lishi mumkin emas. Agar xodim ish haqi qisman saqlanadigan ta'tilda bo'lgan davrida mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori oshirilgan bo'lsa, ushbu oshirilishni hisobga olgan holda xodimga tegishli ish haqi miqdori qayta hisob-kitob qilinishi kerak.
Feruza RAHIMOVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0