Yollanib ishlash og'riqlari: ish yo'qmi, pul ham yo'q…
Jamiyatimizda yollanib ishlaydigan ishchilar ko'p. Ular orasida kunlik ishlarga chiqishga majbur bo'layotganlar qator muammolarga duch kelishi ham sir emas. Eng asosiysi, yollanma ishchilarning mehnat huquqlari doim ham himoya qilinmaydi. Mehnat bozorini o'rganadigan bo'lsak, ish beruvchilarning e'lonlari ham yaqqol bunga misol bo'ladi.
Mehnat munosabatlarini o'rganish chog'ida ish bilan bog'liq e'lonlar eng ko'p joylashtiriladigan olx.uz saytini ko'zdan kechirdik. Taklif etilayotgan eng ko'p ish o'rinlari ishlab chiqarish va restoran biznesida ekan. Xodimlarning mehnat huquqlari buzilayotgan ishlar ham aynan shu sohalar hissasiga to'g'ri kelmoqda.
“Ofitsiant kerak, kuniga 150 ming so'mdan to'lanadi” deb yozilgan e'lonning ish soati ko'pligini ko'rib, yanada aniqlashtirish uchun qo'ng'iroq qildim. O'zini restoran ish boshqaruvchisi deb tanishtirgan yigit ertadan 09:30 dan 24:00 gacha ishlashim mumkinligi va ishxona hisobidan ovqat berilishini ma'lum qildi. “Ish soati ko'p emasmi?” degan savolimga “Bu ish uchun talabgorlarimiz yetarli” deya suhbatga yakun yasadi.
Mavzu ichiga yaqinroq kiray deb yana bir nechta restoran ish boshqaruvchilari bilan bog'landim.
— Eng ko'p ishchi almashadigan joy bizning soha bo'lsa kerak. Hatto ayrimlar bir kun, yarim kun ishlab, ketib qolishadi. Gohida ismini bilishga ulgurmaymiz. Bizda oshpazlar rasman, ya'ni mehnat shartnomasi asosida ishlaydi. Bir oshxonada ko'p yillar ishlaydigan ofitsiantlar judayam kam. Rahbar asosan shartnoma asosida ishga oladi. Talabalarning ham ko'pi ish so'rab keladi, ammo so'nggi paytlarda ularni ishga qabul qilishni to'xtatganmiz, chunki ular bilan ko'p muammo kelib chiqadi. Ofitsiantlarning ish soati kuniga 12-14 soatdan iborat. Oshpazlar 9-10 soat ishlaydi. Tushlik va kechki taomlanish vaqtida ularning vazifalari ko'payadi, boshqa payt bekor o'tirishadi, — deydi men bilan suhbatda bo'lgan oshxona ish boshqaruvchisi.
Iroda, ofitsiant:
— Viloyatdanman. Poytaxtdagi shinam restoranlardan birida ishlayman. Ertalab soat 10:00 larda ishxonaga kelaman. Tushlikda 12 dan soat 15:00 ga qadar kuchli bosim bilan ishlaymiz. Qayta-qayta zal va oshxonaga qatnash, gohida ovqat to'la patnisni ko'tarish qiyinchilik tug'diradi. Shu bilan kechki taomgacha ishimiz engil bo'ladi. Kechasi 23:00 dan keyin uyga qaytayotganimda, oyoqlarim o'zimga bo'ysunmaydi, zirqirab og'riydi. Bu holat mendagina emas, boshqa hamkasblarimda ham kuzatiladi. Hayot ish, uyqu bilan o'tib ketmoqda. Oila qurmaganman. Bir oy davomida to'liq, ya'ni dam olishkunlarisiz ishga chiqsam, qo'limga 4,5-5 million so'm atrofida pul tegadi. Bu biz bajaradigan ish ko'lami uchun kam, albatta.
Tobim qochgan kunlari tabiiyki uyda qolaman va bu kunlar uchun hech qanday ijtimoiy paket yo'q. Ish yo'qmi, pul ham yo'q. Shartnoma asosida ishlayman. Mehnat daftarchasi ochilmagan. Ish jarayonida nafsoniyatimizga tegadigan gaplarni gapiradiganlar ham uchraydi. Yaxshi insonlar mehnatimizni qadrlab qo'shimcha “choychaqa” ham berib ketadi. Telefon raqamimizni so'raydigan mijozlar ham bo'ladi. Bunday paytda xushmuomalalik bilan “raqamimizni berish bizga taqiqlangan” deb javob qaytaraman. Biror muammo bo'lsa, ish boshqaruvchiga ma'lum qilamiz.
Ishlab chiqarish, ayniqsa, tekstil sohasida ishlash, xodimlarga yaratilgan imkoniyatga havas qilib bo'lmaydi. Ish soati amaldagi mehnat qonunchiligiga ko'pam to'g'ri kelmaydi. Shu sohada ishlagan va ayni damda farzand tarbiyasi bilan uyda o'tirgan Gulshan Ahmedova quyidagilarni ma'lum qildi:
— Toshkent shahridagi mato ishlab chiqarish tsexida faoliyat ko'rsatdim. Ishxonamizning havosi judayam og'ir. Issiq dastgohlardan judayam yomon hid keladi. Tashqaridan kirgan odam bu hidga moslashguncha ancha qiynaladi. Mana shunday og'ir sharoitda uch yilga yaqin ishladim. Tug'uruq ta'tiliga chiqaman desam, “dekret puli” berilmasligi ma'lum bo'ldi. Men qonun bo'yicha ishlaganman-ku, deb e'tiroz bildirgandim, “dekret puli” berish-bermaslikni barcha tashkilot o'zi belgilaydi, degan javobni oldim. Mehnat daftarchamni qo'limda ushlagancha qolaverdim. Sababi ishga chiqqunimcha ish joyim ham saqlanmas ekan. Homilador holimda tashkilot bilan sudlashib yurgim kelmadi va tinchgina bo'shab ketdim.
Amaldagi qonunchilikka ko'ra, maishiy xizmat ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanganda uch nafargacha, faoliyatning boshqa turlari bilan shug'ullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishga ruxsat etilgan.
Lekin, o'rganishlar shuni ko'rsatadiki, boshqa sohalar, ayniqsa, qurilish sohasida ham yollanib ishlaydigan ishchilar ko'p. Eng yomoni, xodimlarning mehnat muhofazasi to'liq ta'minlanmaydi.
Bu kabi holatlar avtomobillarni yuvish shoxobchalarida ham kuzatilmoqda. Oqibatda norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi ta'minlanmasligiga, mehnat staji yuritilmasligiga hamda kelgusida asoslangan pensiya to'lovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab bo'lmoqda.
Yangi Mehnat kodeksida ish beruvchiga ham bir qator yengilliklar belgilab qo'yilgan. Shunga qaramay, ayrim uchar “tadbirkor”lar uni chetlab o'tmoqda .
Feruza RAHIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0