Pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan xodimni ishdan bo'shatish mumkin emasmi?
Mehnat qonunchiligida pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan xodim (2 yil oldin) bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emas, degan talab mavjud emas. Mehnat shartnomasi Mehnat kodeksida va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar bo'yicha bekor qilinishi mumkin.
Pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan xodim bilan Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 1- va 2-bandlarida ko'rsatilgan talablar bo'yicha mehnat shartnomasi bekor qilinsa, u muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida”gi qonunning 14-moddasiga ko'ra, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o'zgarishlar, xodimlar soni yoki ish xususiyatining o'zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslar:
- erkaklar — 58 yoshga to'lganda va ish staji kamida 25 yil bo'lgan taqdirda;
- ayollar — 53 yoshga to'lganda va ish staji kamida 20 yil bo'lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo'ladi.
Bundan tashqari, “Alohida asoslarga ko'ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo'shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to'g'risida”gi yo'riqnomaga binoan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash va to'lash tartibi belgilanadi.
Muddatidan oldin pensiya sug'urta qilingan va mazkur yo'riqnomaning 2-bandiga muvofiq ishdan ozod etilgan (yoki belgilangan tartibda ishsiz, deb e'tirof etilgan) xodimlarga: erkaklar — 58 yoshdan 60 yoshgacha bo'lib, umumiy mehnat staji yigirma besh yildan kam bo'lmagan taqdirda, ayollar — 53 yoshdan 55 yoshgacha bo'lib, umumiy mehnat staji yigirma yildan kam bo'lmagan taqdirda tayinlanadi.
Ishsiz deb e'tirof etilib, muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun hujjati taqdim etilgan fuqarolarga ishsizlik nafaqasi tayinlanmaydi. Agar fuqaroning muddatidan oldin pensiya olish huquqi ishsizlik nafaqasini olib turgan vaqtda vujudga kelsa, ishsizlik nafaqasi to'lovi to'xtatiladi.
Diqqat! Pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan xodim bilan MKning 161-moddasi 2-qismi 1- va 2-bandlarida ko'rsatilgan sabablarga (asoslarga) ko'ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda, pensiya naqd bo'ldi, degani emas.
Pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan xodim qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e'tirof etilishi lozim, agar ishsiz deb e'tirof etilmasa, muddatidan oldin pensiyaga chiqolmaydi.
Muddatidan oldin tayinlangan pensiyalar ishlamaydigan fuqarolarga to'lanadi. Bunday pensiyani olayotgan fuqarolar pensiya olish yoshiga (erkaklar 60 yoshga, ayollar 55 yoshga) yetgunga qadar ishga kirgan hollarda muddatidan oldin pensiya to'lash to'xtatiladi.
Savolga huquqshunos Muhammadamin KARIMJONOV javob berdi
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0