Karantinda bizga oylik to'lanmaydi deyishdi, shu to'g'rimi?
Savol: Bog'chada gepatit - "sariq" kasalligi tarqaldi. Tuman SEOMdan kelishdi va 35 kunga karantin qilib, vaqtinchalik bog'chani yopishdi. Endi ishchi xodimlarga oylik to'lanmas ekan. Faqat mudira bilan qorovulgagina oylik to'lanar ekan. Shu to'g'rimi? Zaynab Sobirova, Toshkent viloyati.
Ushbu savolga O'zbekiston Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Toshkent viloyati bo'yicha mehnat huquq inspektori Muhammadjon Ro'zmetov javob berdi.
O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 266- moddasiga asosan, ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga ko'ra ishni vaqtincha to'xtatib turish) xodimning o'rtacha ish haqi miqdorida haq to'lanadi.
Bekor turib qolingan vaqt - bekor turib qolingan vaqt haqidagi varaqa, bekor turib qolingan vaqt haqidagi dalolatnomalar bilan ularga bekor turib qolingan vaqt haqida ish vaqti tabeliga majburiy ish qoldirish to'g'risida belgi qo'yish orqali rasmiylashtiriladi.
Bekor turib qolingan vaqt haqidagi dalolatnomada tashqi omillarga ko'ra smena davomida bekor turib qolingan vaqt rasmiylashtiriladi. Ular xodimning tabelida “majburiy ishda qoldirish” belgisi bilan qayd qilinadi. Dalolatnomaga bekor turib qolgan xodimlarning ro'yxati ilova qilib keltiriladi. Xodimning o'rtacha ish haqi saqlanib qolishi bekor turib qolinganlik haqida ish beruvchi ogohlantirilgan taqdirdagina beriladi.
‼️Xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqtda uning o'rtacha ish haqi saqlanadi. Shuningdek, ishlab chiqarishning yangi turlarini o'zlashtirish davrida xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt uchun tegishli razryadli vaqtbay xodimning to'liq tarif stavkasi hisobidan ish haqi to'lanadi. Bu vaqt bekor turib qolingan vaqt haqidagi varaqada rasmiylashtirilib, unda bekor turib qolish sabablari, uning muddati, xodimning tarif stavkasi va ish haqi miqdori ko'rsatiladi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0