+20C

+20C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

“Mening ijaradagi hayotim” – yillardirki o'z uyida yashash nasib qilmagan yurtdoshlarimiz hikoyalari

Jamiyat
1278 17:32 | 31.08.2024 17:32

Ijarada yashash asrimizda, jamiyatimizda shu qadar oddiy holga aylanyaptiki, ko'pchilik o'z uyiga yetishishiga umid ham qilmay qo'ymoqda. Xorijda “ijarada yashab o'lib ketisharkan”, degan achchiq voqelik bizga ham kelib qoladigandek. Ijtimoiy so'rov tarzida ijarada yashayotgan yurtdoshlarimiz hayoti bilan qiziqdik. Ayrimlarining taqdiri shu qadar ta'sirliki...


(Ko'pchilik suhbatdoshlar hijolatlik ortidan shaxsini sir tutishdi)


13 yil davomida 7 marta ijara uy almashtirdim...


Ismim Mavjuda, yoshim 32 da, 13 yildan buyon ijarada yashayman. Shu davr mobaynida 7 marta ijara uy almashtirdim.
7 yil Vera xolanikida yashadim. Eng ko'pi shu. Markazda 8 oy, Bodomzorda 2 oy yashaganman. Bodomzorni qisqalik bo'yicha rekord demang. Сhorsuda 3 kun yashab, chiqib ketganimga nima deysiz? Juda og'ir holat bo'lgandi. Avvaliga makler orqali uy egasi deyilgan odam (aslida uy egasining kuyovi ekan) bilan 300 dollarga kelishdik. Hamma joyni tozalab, ko'chib kirdik. Endi narsalarni joylab bo'lib, ovqatlanib o'tirganimizda ikki ayol baqir-chaqir qilib, kirib kelishdi. “Kuyovimdan uy kalitini olishga nima haqqing bor, bu uy meniki, oyiga 400 dollar to'lasang turasan, bo'lmasa chiqib ket!” dedi. Men “Uzr, xolajon, men erkak kishi bilan kelishdim, u so'ragan pulini oldindan berdim”, dedim. Xullas, rosa to'palon qilishdi. Keyin menga vaqt bering, uy topib chiqaman, dedim va uchinchi kun boshqa joyga chiqib ketdim.
Hozir ham ko'chish harakatidamiz. Yashayotgan joyimizni sentyabrdan ta'mirlashmoqchi. Uy olish niyatim bor, albatta, faqat mablag' yetishmaydi... Allohga oson!
* * *
O'z uyimda yashay olmadim
Сhet elda yashaganimiz sabab, Toshkentdagi kvartiramizda turmush o'rtog'imning akasi vaqtincha yashab turgandi. Ba'zi muammolar tufayli yurtga qaytib keldik. Qaynotamning uyida katta qaynog'am yashagani bois ayollar o'rtasida kelishmovchilik chiqa boshladi, izzatimiz borida Toshkentdagi uyimizga qaytdik. U yerda kichik qaynog'am oilasi bilan yashayotgandi. Uch xonali uyda ikki oila, olti nafar farzand bilan yashadik. Aslida uy bizniki edi, ammo qaynog'amning ayoli bizni chiqarib yuborish uchun xarxasha qila boshladi. Arzimagan narsalarni bahona qilib, aka-ukalarni urishtiraverardi. Oxir-oqibat, uyni bo'shatishlari uchun bir yil muhlat berib, o'zimiz ijaraga chiqib ketdik. Bir xonali uy oldik, ijara narxi 250 dollar edi, uyning ahvolini gapirmasa ham bo'ladi. Quyosh tushmagani uchun rosa ham zax edi, oshxona balkonga ko'chirilgan. O'sha vaqtlar qish rosa ham qattiq anomal o'tayotgandi.


Ortiqcha jihozlarga imkonimiz bo'lmasdi, sababi turmush o'rtog'im qo'lidan to'qqiz marta operatsiya bo'lgani uchun og'ir ishda ishlolmas edilar, ijara to'lovlarini oyma-oy qarzga kirib to'lardik. Xo'jaynimning kira qilib, topgan pullari kunlik ro'zg'or va ikki farzandimizning xarajatidan ortmasdi. Bolalarim kichkina bo'lgani sabab tinimsiz shamollab, betob bo'lib qolardi. To'rt yoshli o'g'limda siydik ushlolmaslik kasali aniqlandi. Bir kuni ikki farzandimni ham 39 isitmada kasalxonaga olib bordik, ikkisining ham qulog'i yiringlagan ekan. Shifokor rosa koyidi. O'sha kuni qaynog'am uyiga qarindoshlarni mehmonga chaqiribdi, biz ham bordik. Ovsinimni bolalari yupqa yengil kiyimda o'ynab yurishipti, mening bolalarim esa zax uyda qalin kiyimda yurishar edi, ko'rib ichim og'rib, juda qattiq hafa bo'ldim.


Kelishilgan bir yil ham o'tdi, ammo ovsinim chiqmaslik uchun har xil bahonalar qila boshladi, ammo bu safar men qattiq turdim va hech kimga qaramay, o'sha uyga ko'chib kirdim. Men bilan bir uyda yashagisi kelmay, ovsinim bolalarini olib, ota uyiga ketdi, oxir-oqibat, sabr, qiyinchiliklar evaziga o'z uyimda farzandlarim bilan yaxshi yashashni boshladim.
* * *
Dadamga ichirmanglar...
– Ismim Azizulloh, 24 yoshdaman, farg'onalikman. Hozirda uyim bor. Lekin bolaligimda salkam 10 yil uysiz yurganmiz. Bu ishda na onamni, na dadamni ayblayman. Allohning sinovi ekan. Bag'dodda bir xolaning ikkinchi uyida ijarada yashaganmiz. Ijara evaziga bizdan 6 bosh molini boqishni so'rardi, ba'zi kunlari qo'shimcha ishlariga qarashardik.
Dadam ko'p ichardi. Esimda 8-9 sinfda edim. Yoz oylarida dadamning o'rniga g'isht zavodga ishga borardim. Ko'cha o'zi issiq, lekin xumdon ichi undan ham battar – kami +70 daraja issiq bo'lardi. Kollejning 1-2 kursida o'qib yurgan kezlarim ham ishlaganman. Dadam ichib kelib, to'palon qilsa, biz ko'chada qolardik, onam yig'lab, ijarachiga yalinardi. U esa yana takrorlansa, haydab yuboraman, derdilar. Ammo biz norasidalarni ko'zi qiymasdi, shekilli, unday qilmagan. Lekin sabr ham to'ladigan narsa ekan…


Jon achchig'ida bir xonali uyning tomini yoptirib, polsiz, svetsiz holatda 1,5 yil 1 xonada 5 kishi yashadik. Bu orada onam bilan qolgan 4 xonani ham bitirishga harakat qildik. Va men buyragimni shamollatib olgan ekanman, qon bosimim osha boshladi. Bu orada o'qishga kirdim, shartnoma edi, o'qimayman dedim, onam o'qitaman dedi. U holatlarni so'z bilan ta'riflab bera olmayman. Hozirgacha doimiy davolanib yuraman. 4 oydan beri muolajadamiz, onamning sog'liqlari ancha yomonlashdi, kitoblarimgacha sotdim. Singlimni o'qitish kerak, bir yoqda bo'ynimgacha qarz. Hamma qatori ertalabdan kechgacha ishlayman, lekin yetmaydi. Dadam hozir ham ichadi... Eh gapiraman desam gap ko'p.
* * *
Shu kungacha 15 000 dollarga yaqin ijara to'labman
– Yoshim 30 da, asli xorazmlikman. Oilada to'ng'ich o'g'ilman. Yoshligimizda uydagilarda yetarlicha pul bor bo'lgan paytda Toshkentdan uy olishga qiziqishgan, lekin ehtiyoj yo'qligi tufayli olishmagan. O'qishga kirsang olarmiz, deyishgan edi. O'sha paytlar lekin qarindoshimizga Toshkentdan uy olishiga yordam qilishgan. Keyingi yillarda uylar narxi qimmatladi, ota-onamni ishlari yurishmay, orqaga ketdi va Toshkentdan uy olish hayoliy narsaga aylanib qoldi.
Talabalik paytim, qarindoshim uyida yashaganman. O'qishni bitirib, uylangach, Toshkentda ishlay boshladim. 2019 yildan boshlab, oilam bilan ijarada yashashni boshladim. 5 yil ichida mayda-chuydalarini hisobga olmaganda to'rt marta uy almashtiribman. Eng arzoni 150 dollar bo'lgan, eng qimmati 400 dollar, hozirgi ijara uyim shuncha.


Ta'sirli voqealar yetarlicha bo'lgan, ya'ni asosiy masala, albatta pulga borib taqaladi. Qisqasi, oila qurgandan keyin kelajak va ishim uchun magistraturada o'qishga majbur bo'ldim. Vebsterda o'qidim, kontrakt 4200$ edi. O'zi 1 yil oldin kirib, to'lay olmay, tashlab ketgan edim, keyin yana tiklab, o'qishga qaror qildim. Albatta, kontraktimni yarmini kredit orqali, yarmini ishxonamdan qarz olib, 10 oyga bo'lib berish sharti bilan to'ladim. Bir tarafda kredit, bir tarafda ijara, ko'tara olmadim. Majburlikdan oilamni viloyatga, ota-onam oldiga yubordim. O'zim o'shanda uy topolmay, juda sarson bo'ldim. Narsalarim bilan ko'chib yurdim.
Keyin tanish talaba yigitlar bilan turdim. Oilasi bilan yashagan erkakka, talabalar bilan ijarada turish juda alam qilgan. Biroz pul yig'dim-da, 300 dollarga 2 xonali uyga o'tdim va oilamni olib keldim. 2 yilcha shunaqa yashadim. Bu orada jiddiy xatolarga yo'l qo'ydim, ya'ni olgan kreditim ustiga yana kredit oldim. Sababi uydagilardan pul so'rashdan uyaldim. Orada operatsiya bo'ldim, oyog'im sinib, oylab uyda yotdim.


Shu vaziyatlarda kredit olaverdim. Birovdan so'rashga andisha qilganman. Oyligim ham unaqa katta emasdi. Lekin eplab keldim. Yaqingacha 2-3 ta joyda ishlab keldim. Ishdan tashqari repetitorlik, tarjimonlik qilib yurdim. Qisqasi ham kredit, ham kvartiraga o'rtacha 7-8 million so'm ketardi.
Yaqinda uy egasi ijara narxini 500 dollarga chiqarishini aytdi. Endi oyligim oshib, barakaga kiraman, deganda bu ahvol. O'ylanib, ikkilanib, ko'zim qiyar-qiymay, bolalarimni yana Xorazmga, ota-onam oldiga jo'natdi. O'zim esa mana uch oydirki yana tanish talabalar bilan kvartirada yashayapman. 400 dollarni uchga bo'lib to'laymiz...
Hisoblasam, shu kungacha 15 000 dollarga yaqin ijara to'labman. Qimmatga ijaraga qo'yayotgan, shu ijarada yashayotganimiz ham o'zimiz, o'zimizning xalq. Ba'zida ikkilanib qolaman, bore deb Xorazmga ketib qolsam, o'sha yerda ishlasam, balki keyinchalik pul to'plab kelib, Toshkentdan uy olarman, deyman. Lekin... menga to'g'ri keladigan ish yo'q. Ikkinchidan, hammasini noldan boshlash, qiyin bo'lsa kerak. Uchinchidan esa, baribir rivojlanishda ancha orqadaman.
* * *
Firibgarga tushib, 10 ming dollarimdan ayrildim
Yoshim 32 da. 6 yildan beri ijarada yashayman. Ijaradagi hayotimdagi eng ta'sirli voqeaning birinchisi karantin davrida bo'lgan. Ishxonalar yopiq, ishlay olmasdan ijara pulini to'lashga qiynalganmiz. Yana bir ta'sirli voqea – birinchi ijarada turgan uyimizga 3 oylik pulni oldindan to'laganmiz. Ammo ijarachi ikkinchi oyning yarmida kechasi “bugundan qarindoshlarim turadi, ularga joy topishim kerak”, deb bizni chiqarib yuborgan. Ertalabgacha uy qidirib, boshqa 1 xonali uyga ijaraga chiqqanmiz. Hozir ham shu uyda ijarada turamiz.


Uy olish niyatim bor, boshlang'ich to'lovga 10 ming dollar pul jamg'arib, ipoteka kreditini olishga harakat qildim, lekin oylik maoshim limiti yetmagani uchun bankdan kredit ololmadim. Keyin bir tanishim “Rayyona” degan ipoteka firmasini tavsiya qilgandi. Yiqqan 10 ming dollarni o'sha firmaga to'ladim, biroq ular firibgar bo'lib chiqdi. Ko'p odamlar menga o'xshab, shu firmaga aladangan. Hozir yana noldan harakat qilyapman.


Uylar narxi juda qimmat, shahar chetida arzonroq bo'lsa ham, ish va boshqa sharoitlar yo'q. Uy olish menga o'xshab, oylikli ishda ishlaydiganlar uchun juda og'riqli mavzu. Menimcha, oddiy davlat ishida ishlaydigan odamlar bir umr uy ololmaydi.
* * *
Ijaraga olgan uyimda mehmon bo'lib qolganman
– Yoshim 29 da. 8 yildan beri o'qish va ish sababidan turli joylarda ijarada yashayman. 1-kursligimda, Nukusda talaba paytimiz kvartira egasi 6 nafargacha bolaga turishga ruxsat bergandi. Ko'chada qolmasin, deb o'zimiz yaxshi tanimagan bolani yettinchi qilib oldik. Qish edi, bir kuni kiyinib do'konga tushib ketdim. Qaytib kelsam, kvartira egasi o'tiribdi. Meni ko'rdi-yu “Mana, 7 kishi turibsanlar”, dedi jahl bilan. Bolalar nima deyishga hayron. Bittasi so'zamollik qilib, meni mehmon, deb tanishtirdi. “Mehmon bo'lsa, o'zini kvartirasiga borsin”, dedi menga qarab. “Mayli”, deb chiqib ketyotgandim, kvartira egasining kallasi ishlab qoldi. “Yur, o'zim olib borib qo'yaman”, dedi. Mashinasiga chiqib, rosa Nukusni aylantirganman. Shaharni yaxshi bilmayman, deb rosa tentiratib, boshqa kursdoshlarim kvartirasiga olib borganman. Men bilan kvartiraga kirib, “shu yigit sizlar bilan turadimi?”, deb so'ragan... Hech biri buni tasdiqlamagan. Yana o'zimizning yigitlar oldiga qaytganmiz. Bir soatlik baqir-chaqir va janjaldan keyin kvartira narxiga 100 ming so'm qo'shib ketgan.
* * *
She'rlar ham yozilgan
Bu she'rni 2005 yilda, Сhilonzordagi 2 xonali ijara uyda yozganman.
Ijarachi keladi,
Birpasda keldi bir oy.
Pulni tayyorlab qo'y, hoy,
Kech bo'lganda hoynahoy.


Ijarachi keladi,
Bu oy sal kam maoshim.
Go'shtsiz bo'ladi oshim,
Og'rig'i to'xtamay boshim,
Ijarachi keladi.


Vannnaga kirmay turgin,
Oyoqni uchida yurgin.
Bolam, tinchroq o'tirgin,
Ijarachi keladi.


Ba'zan bolaga ermakni,
Сho'chib aytsam ertakni.
So'rab menday erkakni,
Ijarachi keladi.


Peshonada shu taqdir,
Uylar qimmatku axir.
Har oyda baqir-chaqir,
Ijarachi keladi.


Kelishga qilsa xabar,
Kutasan shomu sahar.
Har xil vaqtda har safar,
Ijarachi keladi.


Bu oy narxni oshirib,
Kamiga sal shoshirib.
Sal kechiksa, do'q urib,
Ijarachi keladi.


Deydi «Dollarda bergin,
So'mga toshingni tergin».
Shartlari emas erkin,
Ijarachi keladi.


Vatandan qilmay judo,
Bir kun qo'llaydi Xudo.
Oshga aytsam mabodo,
Ijarachi keladi.


Siqilasan o'ylovda,
Ixtiyoring jilovda.
Shu payt qimmat ulovda,
Ijarachi keladi.


Bu dunyo ham xonadon,
Ijarada har inson.
To'laymiz katta tovon,
Mahsharda o'sha BUYuK
IJARAСhI keladi.
Bahriddin Asror.
* * *
Hovlida kimdir yurgandek bo'lardi
– 43 yoshdaman, 2022 yildan beri ijarada turamiz. Yangi ko'chib kelganimizda ijaradagi uyimizda huddi birov borga o'xshar edi. Eshiklar o'z-o'zidan ochilib, har xil ovozlar, narsa yo'qolishlar kuzatilardi. Bolalarim ham, men ham nega bunday, deb qo'rqamiz. Namozlardan keyin o'tganlar ruhiga tilovat kilib, shu xonadonda yashagan marhumlarga deb duo kilaverdim. Har kuni belgilangan suralarni televizorda qo'yishni boshladik. Ishonsangiz, hammasi o'z-o'zidan to'xtadi. Keyinchalik uy egasidan bildikki, oldin bir chol yashagan ekan, yolg'izlikda o'tib ketgan ekan.


Uy olish niyatim bor, lekin imkonim yo'q, sababi yolg'iz ayolman, topgan pulim farzandlarim o'qishiga va oziq-ovqatga ketadi. Viloyatlarda ish bo'lsa, menimcha hech kim poytaxtga kelmasdi. Kamiga ayrimlarning viloyatliklarni pastga urishlari juda achinarli.
* * *
Bitta xurmo qani?
– Yoshim 42 da. Asli samarqandlikmiz. Xo'jayinimning ishi Toshkentda bo'lgani uchun 2003-2007 yillar Toshkentda ijarama-ijara ko'chib yashaganmiz. O'sha paytlar yosh oilamiz, bir yoshga to'lmagan farzandimiz bor. Oldin bir rus kishining uyida turdik. Yaxshi odam edi, rahmatli, bizga deyarli xalaqit bermasdi. Faqat xotini kelib, pulni olar va tozalikka qarab ketardi. Doim o'z uyimday toza tutishga harakat qilardim. Ular bizdan, biz ulardan rozi bo'lib yashadik. Xo'jayinimning ishxonasiga uzoqlik qilgani uchun va bu uy sohibi vafot etganidan keyin yaqinroq joyga ko'chishga qaror qildik.


Hammasi shundan keyin boshlandi... Erim Mirobod tarafda bir o'qituvchi ayolning uyini topibdi. Beva ayol, uch o'g'li bor, o'zining uyi ham shu atrofda ekan, dedi. Men u ayolning o'qituvchi ekanligini eshitib, yaxshi, hamkasb ekanmiz, deb qo'ydim.


Opaning uyi birinchi qavatda joylashgan bo'lib, uch xonali va hovlichasiyam bor edi. Hovlida mevali daraxtlari va gullar ekilgandi. Domning podvalida tovuq boqarkan. Opa judayam injiq va maydagap edi.


Mijg'ovligi kasb kasalligi desam, injiqligi uning xarakterining og'irligini anglatardi. O'g'illari o'ttizdan oshsayam uylantirmay, har hafta kelin izlab, sovchilikka borib, qizning onasi unaqa ekan, uylari bunaqa ekan, deb kamchilik topib kelishidanam bilsa bo'lardi, qanchalik injiqligini.


Bizga uyini ijaraga bersayam, har kuni tushdan keyin kelardi. Men u kishi kelgunicha uylarni supurib-sidirib, pollarni artib, hovliga suv sepib qo'yardim, aks holda uydan chiqarvoraman, deb shart qo'ygandi bizga. Hamma aytgan ishlarim qilinganmi yo'qmi deb, har kuni kelib tekshirardi. Men qaynonamdanam bunchalik qo'rqmaganman! O'sha paytlar yosh bo'lganmanda, hozirlar bo'lsa, o'zim bilardim.


Opa kelib, hovli, uylarga qarab, ko'ngli tinchirdi-da, tovuqlarini hovliga chiqarib, tuxumlarini olardi. Mevalar pishib, yerga tushsa, opketardi. Hovlida bitta katta xurmo daraxti bor edi, o'sha daraxt 20 tadan ziyodroq meva solgan ekan (keyinroq opa aytganida bilib qoldim).
Mening yosh bolam bor, o'zim u darajada xurmoga o'ch emasman, yegim kelsa, erim bozordan hamma narsani opkeb qo'yardilar. Bir kun opa kechga qoldi, to'ygami bir joyga ketgan ekan. Kelavermaganiga tovuqlarni o'zim chiqardim tashqariga va o'g'limni o'ynatib o'tirdim hovlida. Bir payt shoshib-pishib kep qoldi-da, to'g'ri podval-katagiga kirib ketdi. Bittagina tuxumni ko'tarib chiqdi. Oldin e'tibor bermagan ekanman, nechta tuxum olganini, lekin o'sha kuni bitta opchiqqanini ko'rib, o'ntacha tovuq kuniga bittagina tug'arkanda, deb o'yladim. “Nimagadir sizlar keganlaringdan beri bu tovuqlar kam tug'votti”, deb boshladi opa chimirilib. Opa, biz bozordan tuxum olamiz har hafta, ishonmasangiz xolodil'nikni ko'ring, dedim. “Bozorniki baribir “domashniy”day bo'lmaydi-da”, dedi opa. Indamay qo'ydim. Bir payt xurmo daraxtining tagiga borib, tepaga qarab, mevalarni sanay boshladi. “22 ta xurmo qolibdi, bittasi yo'q, ko'rmadingizmi?”, dedi. Yaxshiki tovuq o'lgurlar chiqa solib, yerga tushgan xurmoni cho'qilab yeb tashlagan ekan, qolgan qutgan po'chog'ini ko'rib, keyin tinchidi opa. Shundayam uzr so'rash yo'q, chimirilib uyiga jo'nadi. Erim kelgach, “Bu holatda men yo asabiy kasal bo'lib qolaman yoki bu xotin bilan urishib uydan chiqib ketishimizga to'g'ri keladi, undan ko'ra boshqa uy topaylik”, deb turib oldim.


Opaga bildirmay yon-atrofdan uy izlay boshladik. Uy topgandik ham, opaning yangi o'yini chiqdi. “Men kelin topdim, o'g'limni uylantiraman, shunga bu uyni remont qilishim kerak. Lekin chiqmaysizlar, usta keladi, bitta xonani remont qiladi, bu xonasida yashab turasizlar. U xonaning remonti tugasa, yig'ishtirib tozalab, unisiga o'tib yashaysizlar. Ustalarning osh ovqatidan o'zlaring xabar olib turasizlar, mengayam yaxshi bo'ladi”, deydi! Men yangi kelinchak, qo'limda yosh bola bilan, erim ishda, uyda uch-to'rt nafar erkak usta ishlarmishda, ular bilan bir xonadonda turib, ovqat qilib berarmishman. Shuyam gapmi!?


Tayyor xizmatkor kerak ekanda senga, deydigan til yo'q. “Unday bo'lsa, biz boshqa joyga ko'chamiz, opa rozi bo'ling”, deb chiqib ketdik. Hozir Samarqandda, o'z hovlimizda yashaymiz, hovlimizning 20 sotixiga mevali daraxt ekilgan, lekin mevalarini sanamaymiz, pishgani pishib, tushgani tushib yotibdi.
* * *
Davomi bor..


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
Mas'ul tashkilotchining bir kuni...
0 2258 12:28 | 04.04.2024
Jamiyat
Jamiyat
Biz sharafsiz qavmmizmi?
0 1947 18:04 | 08.07.2024
Jamiyat
Introvertmisiz yoki ekstrovert?
0 2524 14:14 | 19.07.2024
Jamiyat
Nigoh
0 2246 11:24 | 13.08.2024
Jamiyat