Millatning aqli uyg'oq, tizim esa uxlamoqda: vazirlik endi uyg'onarmikan?
Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 50 nafar bitiruvchi birdaniga 95 ta milliy va xalqaro sertifikatni qo'lga kiritdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'lim boshqarmasi xabar berdi.
50 nafar bolada 95 ta xalqaro sertifikat! Natija tahsinga loyiq. Lekin u nafaqat bir maktab, balki butun ta'lim tizimi uchun muhim signal bo'lib yangramoqda. Ya'ni, sharoit bo'lsa, o'zbek bolasi ham ilm poygasida hech kimdan orqada qolmaydi. Bu natijalarning ortida faqat zehn emas, muhit, moddiy baza, resurs va imkoniyat ham bor. Bugungi e'tiborli yutuqlar ko'p hollarda aynan ixtisoslashtirilgan, imkoniyatli, maxsus maktablar hisobiga qo'lga kiritilayapti.
Lekin og'riqli savol tug'iladi: qishloqlarda, chekka hududlarda, oddiy maktablarda ham shunday muvaffaqiyatlarga erishish mumkinmi? Maktab ta'limida Gulistondagi kabi ixtisoslashgan maxsus maktablardagina muvaffaqiyatlar uchrayapti. Lekin bu yutuqlar ommalashyaptimi? Afsuski, yo'q!
Gulistondagi 95 ta sertifikat bizga bir haqiqatni yana bir karra ko'rsatyapti: ya'ni, millatimizda salohiyat bor, yoshlarimizning aqli butun. Yaqinda bir turkiyalik professor o'zbekistonliklarning IQ darajasi Turkiya va Yaqin Sharq davlatlariga nisbatan yuqori ekanini aytib chiqdi. Ammo intellektual iste'dod imkoniyat bilan quvvatlanmasa, u kuchga aylana olmaydi. Har bir bola iqtidor bilan tug'iladi. Kim bo'lib voyaga yetishni esa ularning hayotni qanday boshlagani hal qiladi. Kimdir zamonaviy doskali, labaratoriyalari mavjud sinfda, boshqasi sinib ketgan partada o'qiydi. Kimdir xalqaro onlayn kursga yozila oladi, kimdir qishloqda internet yo'qligi uchun darsini ham qila olmaydi. Tafovut shu yerda.
Ushbu natijalarni Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi “bir maktab yutug'i” sifatida ura-ura qilib emas, balki butun tizimni qayta ko'rib chiqish zarurati tariqasida qabul qilishi shart. Qishloq va shahar maktablari o'rtasidagi sharoit farqini tenglashtirish, ustozlarga munosib maosh va doimiy malaka oshirish imkonini berish, «Ixtisoslashtirilgan» tushunchasini isloh qilib, barcha maktablar sifatli bo'lishiga intilish ta'limdagi siyosatimizning asosiy maqsadi bo'lishi kerak. Zero, imkoniyat teng bo'lmasa, iqtidor ham so'nadi.
Maftuna KARIMOVA,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0