+31C

+31C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Mustaqilligimiz mohiyati haqidagi vaqt sinovidan o'tgan haqiqat

Jamiyat
690 13:59 | 19.01.2026 13:59

O'zbekiston mustaqillikka erishganiga salkam 35 yil bo'ldi. Bu vaqt mobaynida suveren davlat sha'niga xorijlik «siyosat peshvolari» va «og'a»lar ozmi-ko'pmi toshlar ham otishdi. Ammo so'nggi kunlarda ochiqdan-ochiq tahdid bilan tosh otadigan «aqlli» ahmoqlar yomg'irdan keyingi qo'ziqorindek bolalab ketishdi. Ular bilishmaydiki, «it hurar, karvon o'tar».


Shunday tarixiy hujjatlar bo'ladiki, ular hech qachon dolzarbligini yo'qotmaydi. Shunki ularda haqiqat aytilgan bo'ladi!


Bundan 37 yil burun katta minbarda yangragan mardonavor nutq matni bugun olislardan yangrayotgan o'sha «otashin chiqish»larga javob va baho sifatida bir nechta elektron nashrlar sahifalaridan joy oldi va bu to'g'ri qaror, albatta.


Bilasizmi, o'sha mashhur nutq «vatan» jurnalining 2025 yil 3- sonida «Millat oydinlari» rukni ostida e'lon qilingandi. Uni o'qisangiz, bugun qayta-qayta murojaat etilayotgan o'sha tarixiy nutq qaerda, qachon va kim tomondan irod etilgani va eng muhimi, unda qanday achchiq haqiqatlar dangal aytilib, «markaz»ga, «kattalar»ga oyna tutilganiga guvoh bo'lasiz...


***


Millat oydinlari


XALQ UShUN AYTILGAN HAQ SO'Z


O'zbek adabiyotining zabardast vakili, O'zbekiston xalq yozuvchisi, millatparvar adib Odil Yoqubov 1989 yil 16 iyunda Moskvaning baland minbarlaridan turib, baralla paxta siyosatiga qarshi millat dardi bilan yo'g'rilgan mardonavor nutq irod etgan edi.
Bu — ulkan jasorat, xalq uchun haq so'zni dadil ayta olgan qahramonlik edi.
E'tiboringizga ana shu nutqni havola etyapmiz

O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi Pravleniyasi Raisi,
SSSR yozuvchilar uyushmasi Pravleniyasining kotibi,
SSSR yozuvchilar uyushmasidan saylangan
SSSR Xalq deputati ODIL YoQUBOv nutqi


Aziz o'rtoqlar! vaqt tig'iz, shu sababli nutqimning eng mo''tabar, olamshumul muammolarga doir qismini tushirib qoldirib, asosiy maqsadga o'taman. Biz asrlardek cho'zilgan 70 yil davomida ko'p qadriyatlarimizdan ayrildik. Ularning orasida bir qadriyat borki, uning o'rnini qoplash juda mushkul. U tirikchilikning og'irligi, ochin-to'qin yashayotganimiz, inson qadr-qimmatini yerga uruvchi uzundan-uzoq navbat kutishlar tufayli yuz berdi. Bizda odamning eng oliyjanob fazilati – rahm-shafqat va muruvvat qolmadi. Uning o'rnini toshbag'irlik, o'zganing dardiga loqaydlik egallamoqda.


Juma kuni foyeda tuppa-tuzuk, ko'hlikkina ikki juvonning suhbati qulog'imga chalindi. “O'zbeklar namuncha o'z paxtalari to'g'risida javrab qolishdi?” – der edi biri. “Jonga tekkan, ularning ruhiy olami bo'lganmi o'zi?” – der edi ikkinchisi. Bu gaplar menga alam qildi. Ilgarigi mard, mag'rur dehqonlarimiz, ularning qora qosh, qora ko'z xotinlari shu qadar fojiaviy ahvolga tushib qolgan bo'lsalar, bunda kim aybdor axir, deb o'ylayman. Ularning ma'naviy olamlari qanday qilib yuksalsin, axir!


“Barcha zamonlar va barcha xalqlarning otasi” Stalinning mamlakat paxta mus­taqilligini ta'minlash borasida o'rtaga tashlagan mash'um shiori dehqonlarimizni hamma narsadan mahrum qildi-ku! Ularning butun yeri, necha yuz ming gektar ajo­yib mevazor bog'lari, hamisha yashil bedazorlar va bodomzorlar – bularning hammasi shafqatsizlik bilan kesib tashlanib, shudgor qilindi-ku! Bu yerda muhtaram Shingiz Aytmatov aytganidek, paxta chindan ham nomi ulug', suprasi quruq narsaga aylandi. Mamlakat, nihoyat, paxta mustaqilligiga erishdi. Ko'z ko'rib, quloq eshitmagan boylikka ham ega bo'ldi. Xo'sh, dehqonimizga, uning xotini va bolalariga nima tegdi? Saraton jaziramasida har kuni 12 soatlab ishlash, ishlaganda ham dam olish kunlarisiz, bayramlarsiz, ta'tillarsiz ishlashga to'g'ri keldi.


Matbuotda respublika ahli boshiga do'ldek yog'ilgan son-sanoqsiz oldi-qochdi materiallar oqimiga qarab, sizlar respublikamizdagi g'azna o'g'rilaridan har biri qancha pulni o'marib ketganligini tiyin-tiyinigacha hisoblab chiqqan bo'lsangiz kerak. G'azna o'g'rilarini jazolash kerak. Bu borada boshqacha gap bo'lishi mumkin emas. Ammo, O'zbekistondan narida yashayotgan odam qo'lini ko'ksiga qo'yib, vijdoniga iymon keltirib, paxtakorimiz ana shu nomi ulug', suprasi quruq paxta vajidan qanday ahvolga tushib qolganligini aytib bera oladimi? Davlat reja qo'mitasining fikricha, xuddi ana shu paxta strategik xomashyo hisoblanib, davlatga juda katta daromad keltiradi hamda mamlakatimizga kelayotgan chet el valyutasida salmoqli o'rin tutadi va ana shu valyutasiz, o'sha davlat qo'mitasining e'tirof etishicha, davlatning qo'li kalta bo'lib qolardi. Xo'sh, ana endi, dehqon va uning beshafqat mehnatdan tinka-madori qurigan baxtiqaro xotini qanday sharoitda yashamoqda? Shu odamlar qancha ish haqi olishmoqda?


Oftob radiatsiya purkab turgan jaziramada xotin-qizlarimiz ayolbop ishni qilishayotgani yo'q. Xuddi ana shu oftob, zaharli dorivorlardan huda-behuda foydalanish oqibatida rak, sariq, me'da kasalligi va ayollar kamqonligi, boshqa kasalliklar juda ko'paydi va bu ayollar bilan bolalarning o'limiga sabab bo'lmoqda.


Xo'sh, ularning turmushi qay holatda? Ularning turmushi shundayki, paxtakor ayollar qosh qorayganidan keyin daladan uylariga qaytib, o'sha almisoqdan qolgan iflos tezakni o'choqqa qalab, bolalariga obi-yovg'on pishiradilar. Ana shu misdek qorayib ketgan, nimasi bilandir kuyib ketgan qayinlarni eslatuvchi ayollarni ko'rganimda, ko'zimda yosh qalqiydi, ularda ayollik nazokatiyu nafosatidan asar ham qolmagan, na qaddi-qomatu va na sumbat bor. Ko'zlarida g'am-kulfat, hasrat-nadomat alomatlari sezilib turibdi.


Men mamlakatimizdagi barcha dehqonlarga, ayniqsa, rus dehqonlariga qiyin ekanligini bilaman va hukumatimiz ana shu ahvolni o'nglab olish uchun katta tadbirlar ko'rayotganidan xursandman. Ammo, harqalay, paxta, o'rtoqlar, bu boshqa olamdir. Keling, Amerika janubidagi oq tanli bag'ritosh fermerlarni eslaylik. Ular paxta dalalarida ishlashni xohlamay, o'z xotinlari va farzandlarini ana shu inson bolasi chidab bo'lmaydigan mehnatdan xoli etib, Afrikadan necha yuz minglab negrlarni kishanband etib olib kelgan edilar. Ammo, adolat yuzasidan shuni ham eslashimiz kerakki, o'sha paxta dalalarida ishlashni xohlamagan va o'z bolalarini bu og'ir mehnatdan xalos etgan o'sha qahri qattiq fermerlar qullardan sog'lom, ishga yaroqli nasl olish maqsadida ularni obdan to'ydirishgan. Shunday qilib, bo'yi ikki metrli qora tanli polvonlar tug'ildiki, ularning avlodlari hozir Amerika sportining va Amerika san'atining gultojidir.


Xo'sh, bizning qishloqdagi bolalarimiz-chi? Sport haqida, ma'naviy ravnaq haqida gapirib o'tirishga ham hojat yo'q. Och-nahor yashashayotgani (jon boshiga 20 kilogramm go'sht to'g'ri keladi), og'ir mehnat qilishayotgani natijasida ularni armiyaga ham olishmayapti. Agar olishsa ham, faqat qurilish batal'onlarida xizmat qilishyapti. Dehqonlarimiz boshiga tushgan kulfat haqida muxtasar gapirganimdan keyin men, muhtaram Nikolay Ivanovich, sizga murojaat qilmoqchiman: Davlat reja qo'mitasidagilarning mamlakatga paxta kerak, u strategik xomashyodir va valyuta tushumlarida salmoqli o'rin tutyapti, degan gaplari to'g'rimi? Agar to'g'ri bo'lsa, nega endi bizdan paxta jahonda eng arzon narxda sotib olinmoqda?


Inqilobga qadar ham, Nikolay Ivanovich, “Turkestanskie vedomosti” gazetasining yozishicha, rus savdogari (ha, o'lkamizga ana shu “nomi ulug', suprasi quruq” ekinni olib kelgan o'sha rus savdogari) bir pud paxtaga 18 pud bug'doy berar edi. Bizning jonajon davlatimiz esa, bir kilogramm paxtaga o'rtacha 50 tiyin to'lamoqda. Toshkentdagi Oloy bozorida yarim kilogramm bodring 50 tiyin turadi (shuni eslatib o'tmoqchimanki, o'rtoqlar, bir kilogramm paxtadan olingan gazlamadan kamida 50 so'm turadigan ikkita erkaklar ko'ylagi tikilyapti).


Tarixiy solnomalarda qayd etilishicha, O'rta Osiyoning tabiiy iqlim sharoiti jahonda betimsoldir. Bu yerda Yer yuzida eng shirin mevalar va sabzavotlar yetishtiriladi, qovun va tarvuzlarning mevasi va muattar hidi bebahodir.


Tabiiyki, boyliklardan o'ylamay-netmay, ilmga zid tarzda qahri qattiqlik bilan foydalanish oqibatida davlatimizning 70 yili mobaynida o'lkamiz ekologik halokat jari yoqasiga kelib qoldi.


O'rtoqlar, kecha siz fikrimni, to'g'rirog'i akademik Aganbegyan aytgan fikrni oxirigacha eshitmadingiz. Endi shu gapni qaytarmoqchiman. Akademik Aganbegyan Orol muammosiga bag'ishlanib, o'tgan yili KPSS Markaziy Komitetida bo'lgan kengashda O'zbekiston tabiati, yer-suvi va nihoyat xalqi duchor bo'lgan bedorlikning haqiqiy sabablarini hech kim bilmaydi, degan edi. Mamlakat Davlat reja qo'mitasi ham, Davlat agrosanoat qo'mitasi ham, deb uqtirdi u, respublika oldiga hali u, hali bu vazifani qo'yishar ekan, bamisoli tuman ichida paypaslab yurishibdi. Shuning uchun, deb uqtirdi akademik, katta iqtisodchi olimlar, ekologlar, shifokorlar, qishloq xo'jaligi mutaxassislaridan iborat nufuzli favqulodda iqtisodiy komissiya tuzish zarur, mazkur komissiya ahvolni puxta o'rganib, O'zbekistonda nimalar bo'layotgani haqida hukumatga to'la va aniq-ravshan xulosalar taqdim etishi kerak.


Aminmanki, O'zbekiston uzoq kelajakda emas, balki yaqin yillarda mamlakat ahlining yarmini boqishi mumkin. Buning uchun esa respublikani paxta yakkahokimligi zug'umidan qutqarish, mehnatsevar xalqqa esa turg'unlik yillari asoratidan qutulishiga va ko'kragini kerib yashashiga yordam berish kerak.


Ajratilgan vaqt o'tdi. Nutqimni tugatyapman. Favqulodda komissiya tuzish to'g'risidagi taklifimni qabul qilishingizni so'rayman. Rahmat.


(Nutqning davomi)


Hurmatli o'rtoqlar! S'ezdda so'zga chiqqan deyarli barcha notiqlar milliy nizolar, millatlar o'rtasida to'qnashuvlar haqida qalblari tashvishu alamga to'lib gapirdilar. Bundayin kulfatni keltirib chiqarayotgan sabablar ko'p, biroq bitta sabab, ayniqsa, aksariyat nutqlarda takror-takror aytildiki, bu – iqtisodiy tengsizlik muammosidir. Go'yo shunday hol yuz berganki, har bir jumhuriyat mamlakatning bu umumiy bebaraka qozoniga boshqalarga qaraganda ko'proq masalliq solayotir-u, biroq uning “noni”ni boshqalar “tuya” qilib ketayotir.


Hurmatli o'rtoq Boris Nikolaevich Yel'tsin bir safar hatto shunday gapni aytishni o'ziga ep ko'rdi: u boshqarayotgan jumhuriyat 70 yillik Sovet hokimiyati davrida mamlakatdagi boshqa barcha jumhuriyatlar xalqlarini faqat yedirib-ichirgangina emas, boqib kelgani uchun go'yo o'zi g'arib ahvolga tushib qolgan emish. Tobora avj­ga minayotgan bu tortishuvlarning sababi menimcha shundaki, bir mahallar “butun dunyo proletarlari dohiysi” g'ayriqonuniy qaror chiqargan ediki, bu qaror har bir xalqning Umumittifoq xazinasiga qo'shayotgan hissasini qat'iy sur'atda sir tutib kelishga imkon yaratdi. M.S.Gorbachev o'zining yakunlovchi nutqida bizning mashhur yurtdoshimiz Xo'ja Nasriddinni eslatib o'tdi. Men Xo'ja Nasriddin haqida gapirmoqchiman. Bizda qadimda “halfana” degan bir odat bo'lgan. Bu udumga ko'ra bir necha yalangoyoq, kambag'al bir joyga to'planib, osh damlagan. Biri go'sht sotib olgan, boshqa biri dumba, uchinchisi – guruch, cho'ntagida sariq chaqasi ham bo'lmagan mullamirquruq gadosi esa bir bosh sarimsoq olib kelgan.


Yalangoyoq darveshlarning bu ziyofatiga Xo'ja Nasriddin rahnamolik qilgan. Ular oldindan oshni hamma baravar yeyishi kerak, degan o'zaro bitim tuzishgan. Biroq ba'zan shunday ham bo'lganki, bir bosh sarimsoq olib kelgan gado go'sht sotib olib kelgan hamtovog'idan ko'ra oshni ko'proq tushirishga uringan. Shunday paytlarda Xo'ja Nasriddin yog'och qoshiq bilan odobsizning boshiga sekin urib qo'ygan.


Bugungi kunda Xo'ja Nasriddinning usulini qo'llay olmaysiz, chunki siz qo'shningizning boshiga qoshiq bilan tushirsangiz, u sizning boshingizga cho'mich bilan soladi. Nima qilish kerak? Menimcha, buning bittagina yo'li bor, u ham bo'lsa, statistikadagi Stalin joriy etgan g'ayriqonuniy sir saqlashni bekor qilish kerak. Negaki, bugun har bir xalq umumittifoq xazinasiga qo'shayotgan o'z hissasini aniq bilishni istaydi, ustiga-ustak, bu hissaning bahosi Maslyukov va voronin o'rtoqlar o'zboshimchalik bilan tayin etgan narxlarda emas, balki jahon bozoridagi, deylik, ham nonga, ham benzinga, ham ko'mirga va ham paxtaga to'lanayotgan aniq muayyan baholarda belgilanmog'i kerak. Shunday qilinsa, kim boqimanda ekani, kim kimni boqayotgani o'z-o'zidan ravshan bo'ladi-qoladi. Boz ustiga, o'zaro ta'nalar, xafagarchiliklar, tosh otishlarga chek qo'yilardi. Eng muhimi – bu narsa mehnat kishisining qadr-qimmatini ham barcha xalqlarning qadriyatini joy-joyiga qo'yardi.


Biz shuni unutmasligimiz kerakki, jahondagi har bir ilg'or xalq o'z hayotini va kelajak uchun belgilangan maqsad-rejalarini tuzganda chuqur ilmiy hisob-kitoblarga asoslanadi. Faqat bizning hisob-kitob (statistika) hamon Stalin davridagi ma'muriy-byurokratik apparatning buyruqlariga bo'ysungan holda fakt va raqamlarni, bu degan so'z, har bir xalqning umumdavlat xazinasiga qo'shayotgan hissasini buzib ko'rsatadi, oqibatda SSJIga kirayotgan biror-bir jumhuriyat xalqi umumdavlat boyligiga qo'shayotgan o'z hissasini hanuz bilmay kelayotir.


Endi yana bir fikr. Bu fikr ham odamlarni hayajonga solayotgan eng katta tashvish – jinoyatchilikning ortib borayotgani bilan bog'liqdir. Bu – haqiqiy kulfatga aylandi! Odamlar behalovat. Mamlakatda qazib olinayotgan temirning yarmi temir eshiklar yasashga sarf etilmoqda: biroq bundan naf yo'q: mening bir veteran do'stim uyiga o'n pudlik seyf qurdirdi, lekin bundan ham foyda chiqmadi – uning topgan-tutganini seyf-peyfi bilan ko'tarib ketishdi.


Mayli, ketgani xudo yo'liga-yu, biroq arzimagan narsa uchun gunohsiz, himoyasiz odamlarga nisbatan shafqatsizlik qilinyapti. Shu boisdan, mening nazarimda, o'rtoq Kryuchkov chet el ayg'oqchilarini tutib qolish harakatida yurgan o'z qo'shinlarining bir qismini jinoyatchilar bilan kurashga safarbar etib, to'g'ri ish qildi. Faqat istar edimki, o'rtoq Kryuchkov bu shpionlarni “xalqlar otasi” davridagidek, har xil ijodiy uyushmalar va ilmiy institutlardan qidirib yurmasin, chunki bunga ehtiyoj ham yo'q: hayot shuni ko'rsatayotirki, biz yaqin orada o'z uyushmalarimizda bir-birimizning go'shtimizni yeb bitirsak kerak.


Biroq, mening o'ylashimcha, o'rtoq Kryuchkovning bu tashabbusi hali yetarli emas. O'ylab ko'rish lozim: balki ba'zi harbiy qismlardan ham foydalanish kerakdir. Bu shunchaki mulohaza uchun o'rtaga tashlangan bir fikr. Shunki jinoyatchilikning avj olish oqibatlari jamiyatni juda yomon ahvolga solishi mumkin. Tez orada biror bir chora ko'rmoq lozim. Xullas, biz shuni unutmasligimiz kerakki, bu muammo xalqni oziq-ovqat muammosidan ko'ra kam bezovta qilayotgani yo'q, xalq ushbu anjumandan muhim qarorlar qabul qilishni mushtoq bo'lib kutayotir.


1989 yil, 16 iyun'


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
Mas'ul tashkilotchining bir kuni...
0 2357 12:28 | 04.04.2024
Jamiyat
Jamiyat
Biz sharafsiz qavmmizmi?
0 2051 18:04 | 08.07.2024
Jamiyat
Introvertmisiz yoki ekstrovert?
0 2637 14:14 | 19.07.2024
Jamiyat
Nigoh
0 2339 11:24 | 13.08.2024
Jamiyat