OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI — STRATEGIK MASALA!
O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan suhbat
So'nggi sakkiz yildan buyon yurtimizda qishloq xo'jaligi butunlay yangi tizimda ishlamoqda. Bundan maqsad suvdan unumli foydalanish, xalqni sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashdan iborat. Yaqinda Oliy Majlis Senati «Oziq-ovqat xavfsizligi to'g'risida»gi qonunni ma'qullagani esa bu borada davlat idoralarining vazifalarini belgilab berishda yana bir muhim omil sanaladi.
O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan suhbatimiz sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, rejalar va vazifalar, mavjud ayrim muammolar va ularning yechimlari xususida bo'ldi.
— Ibrohim Yo'lchievich, suhbatimiz avvalida yangi qonun bilan vazirlik zimmasiga yuklatilayotgan vazifalar haqida so'zlab bersangiz.
— Qishloq xo'jaligi mamlakatimizda ustuvor sohalardan biri sanaladi. Oxirgi yillarda bu soha islohotlarlar markazida bo'ldi, desak, xato qilmaymiz. Buning sabablari esa hammamizga ayon. Dunyo o'zgarmoqda, global muammolar turli masalalarni kun tartibiga qo'ymoqda. Ammo demografik o'ziga xoslik, yer resurslarining imkoniyati, mavjud tizim samaradorligini oshirish bilan bog'liq masalalar hali ayni yo'nalishda qiladigan ishlarimiz ko'pligidan dalolat berib turibdi.
Ma'qullangan qonun xalqning oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta'minlashga qaratilgan tarixiy hujjat bo'ldi. Unda hukumatimiz Qishloq xo'jaligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorlikda xalqni har yili ehtiyojlariga mutanosib ravishda oziq-ovqat bilan ta'minlanish choralarini ko'rishi va ularning ijrosini ta'minlashi lozimligi belgilab berildi.
— Ayting-chi, O'zbekiston o'z imkoniyatlari bilan eng muhim strategik mahsulotlarning necha foizini ta'minlay oladi?
— Agar oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari yo'nalishida tahlil etsak, mamlakatimizda jami 23 million tonna mahsulot yetishtiriladi. Shundan 5-6 million tonnasi eksportga, qolganlari ichki bozorlarimizga yo'naltiriladi. Ijtimoiy ahamiyatga ega o'n turdagi mahsulot kesimida olsak, ehtiyojning o'rtacha 80 foizini o'zimiz qoplaymiz. Masalan, kartoshka ehtiyojga nisbatan 86-87, guruch 82 foizni tashkil qiladi. Go'sht mahsulotlari bo'yicha qariyb 95-100 foizlik marrani zabt etganmiz. Ammo o'simlik yog'i masalasida kamchiligimiz bor — uning atigi 6 foizi o'zimizda ishlab chiqariladi. Piyoz, sabzi, un, tuxum hamda sut mahsulotlari hajmi esa 107 foizdan 128 foizgachani tashkil qiladi.
— Kartoshka 86 foiz ehtiyojni qoplaydi, deyapsiz. Lekin real holatda tashqaridan ko'proq kartoshka keltirilayotganga o'xshaydi. Yaqinda Qozog'iston kartoshka eksportini to'xtatdi. Boz ustiga, Qirg'iziston ham cheklov o'rnatdi. Bozorlarimiz bunga darhol «munosabat» bildirdi — kartoshka narxi qisqa fursatda oshib ketdi…
— O'rinli va haq gapni aytayapsiz. Darvoqe, bozorlarda kartoshka ancha qimmatladi. Buning dastlabki sababi o'tgan yili hosildorlik nafaqat bizda, balki boshqa mamlakatlarda, ayniqsa, qo'shni davlatlarda ham kutilganidek bo'lmadi. Masalan, Rossiyada rejadagidan 2 million 900 ming tonna, Qirg'izistonda avvalgi yillardagiga nisbatan 30 ming tonna kam hosil olindi.
Biz har yili 4,5 million tonna kartoshkaga ehtiyoj sezamiz. Yillik quvvatimiz esa 3 million 900 tonna va rejani, yuqorida aytganimdek, 86-87 foiz qilib bajaramiz. Demak, yana 600-700 ming tonna kartoshka import qilishga majburmiz.
Umuman, bu mavsum bilan bog'liq jarayon. Bahor kezlari bizda ertangi kartoshka kovlab olinadi. Iste'molga juda ko'p miqdorda chiqarilishi bois tez orada narxi yana arzonlashadi.
Yana bir masala. Yaqin-yaqingacha saqlash quvvatlarimiz ham talablarga javob bermas, qayta ishlash jarayonlari ham havas qilgudek emasdi. Mana shu omillar kartoshka narxi qimmatlashishiga sabab bo'lyapti.
— Ilgari Samarqand viloyatining Bulung'ur, Jizzax viloyatining Baxmal tumanlarida kartoshkachilik yaxshi rivojlangandi. Ammo bir necha yildan buyon tomorqalarga ham, fermerlar yeriga ham kartoshka deyarli ekilmayapti. Asosiy sabablaridan biri xarajatlar o'zini qoplamayapti. Shuning uchun ham bugungi kunda kartoshkaning serhosil, kasalliklarga chidamli yangi navlarini olib kelishga katta mablag'lar ajratilayapti. Aslida vaziyat keskinlashmasidan oldin qandaydir choralar ishlab chiqilsa bo'lmasmidi?
— Avvalo, tan olish kerak, kartoshka yetishtirish serxarajat yumushlar sirasiga kiradi. Bir gektar yerda kartoshka parvarishlash uchun taxminan 60 million so'm sarflanadi. Uning katta qismi urug'lik uchun ajratilishini inobatga olsak, masala oydinlashadi. Fermerlar asosan urug'lik kartoshka yetishmasligidan qiynalishadi. Qolaversa, shu paytgacha urug'lik sotib olish bo'yicha biron-bir imtiyoz yo'q edi. Muhtaram Prezidentimizning ko'rsatmasi bilan endilikda kartoshkachilikni rivojlantirish borasida ham imtiyozli kreditlar ajratiladigan bo'ldi.
Kartoshka yetishtirishda navbatdagi muammo bu — viruslar. Hozir unga daxldor 27 tadan ortiq kasallik aniqlangan. Shundan oltitasi bizda aniq uchraydi va hosildorlikka keskin salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Viruslar nafaqat mahalliy, balki chetdan keltirilgan urug'larni ham zararlayapti. Ularga qarshi kurashish uchun bir yilda 10 million dona mikrotuganak chiqara oladigan oltita laboratoriya tashkil qildik. Mikrotuganaklar dehqonning qo'liga elita urug' bo'lib yetib borishi uchun sohada katta ishlar amalga oshirilyapti. Yangi navlar yaratyapmiz. «Toshkent ertakisi» va «O'zbekiston qizili» shular jumlasidandir. Ushbu navlarning hosili boshqalarinikiga nisbatan ancha yuqori. Xususan, har gektar yerdan o'rtacha 20-25 tonna hosil olinsa, men tilga olgan yangi navlardan 40 tonnagacha xirmon ko'tariladi.
Ayni yo'nalishda Janubiy Koreya, Vengriya davlatlari bilan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
— Dehqonga yordamning eng kattasi uning mahsuloti tannarxi pasayishiga ko'maklashishdir. Shubhasiz, qishloq xo'jaligida prognozlash masalasi ham muhim. Bu yil qimmat bo'lgan mahsulot kelasi yil, albatta, arzonlab ketadi. Bu o'sha prognozlashning noto'g'riligi oqibatidir. Qolaversa, aynan shunday paytda davlat qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtiruvchilar bilan baqamti turib, hamkorlikda ishlashi bo'yicha taktika yetarli emasdek.
— Albatta, taktika yo'q desak, noto'g'ri bo'lar. Sababi, har bir hududda maxsus tizimni yo'lga qo'yganmiz. Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha alohida xodimlarimiz faoliyat ko'rsatishyapti. Ular joylarda fermer va dehqonlar bilan muntazam muloqot qilib borishyapti.
O'rganishlar jarayonida ayon bo'lishicha, bu yil sholi ekilgan maydonlar 41 ming gektarga ko'paymoqda. Hozir taxminan 34 ming tonna sholiga ehtiyojimiz bor. Shuningdek, bu mahsulotga boshqa, asosan qo'shni davlatlar ham ehtiyojmand.
Yoki boshqa misol. Tomorqalarni ham qo'shib hisoblaganda, 2025 yilda 167 ming gektar yerga kartoshka ekishni mo'ljallayapmiz. 52 ming gektar yerda ko'proq dukkakli ekinlar yetishtirishni rejalashtirayapmiz. Сhunki dehqonlarimizda mosh eksportiga qiziqish kuchli.
Mavridi kelganda, yana bir narsani ta'kidlab o'tish lozim. Ba'zan rejalar bizga bog'liq bo'lmagan sabablar tufayli amalga oshmay qolishi mumkin. Hosildorlik esa, istaymizmi-yo'qmi, ob-havoga ham bog'liq bo'ladi. Masalan, 2023 yilda taxminan 1 million 600 ming tonna piyoz yetishtirdik va bu ichki bozorni to'liq ta'minladi. 2024 yilda ham shuncha yerga piyoz ekildi va ikki barobar ko'p, ya'ni 3 million 200 ming tonna hosil olindi. Сhunki bultur yog'ingarchilik serob bo'ldi.
Shubhasiz, dehqon daromad orttirmasa, mehnatidan manfaat ko'rmasa, soha rivojlanmaydi. Oxir-oqibat bozorga va xalqqa ham ta'sirini o'tkazadi. Shu bois ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratishimiz, manfaatdorlikni ta'minlab berishimiz kerak. Davlatimiz rahbari ham bizning zimmamizga bozorlar bilan aloqani kengaytirish vazifasini bejiz yuklamadi. Bu borada vazirlik va uning huzuridagi Karantin agentligida alohida tuzilma ishlayapti. Qisqasi, qaysi mahsulot bozorda qachon xaridorgir bo'lishi, uning barqarorligi masalasi hamisha diqqat markazimizda. Bozorlar tashkil etish, mahsulotlarni ekish, yuqori hosil olish, ularni yetkazib berishdagi muammolar bo'yicha ish olib borayapmiz. Bundan tashqari, qo'shni mamlakatlarda ham o'z mahsulotlarimiz bozorini ochish choralarini ko'rayapmiz.
— Qo'shni davlatlar bozorlariga qancha oziq-ovqat mahsulotlari chiqarilmoqda?
— Burnog'i yilda 2 milliard 300 million dollarlik mahsulot eksport qilgandik. Bultur yangi tizim bo'yicha 3,5 million tonna mahsulot chiqarishni rejalashtirdik. Amalda bu vazifa 125 foizga bajarildi. Joriy yilda 3,5 milliard dollarlik marrani ko'zlayapmiz. Yanvar' oyida 154 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Lekin bu kam. Bir oylik eksport hajmini kamida 500 million dollarga ko'tarishimiz zarur.
— Tan olish kerak, qay faslda bozorga tushmang, to'kin-sochinlikning guvohi bo'lasiz. Ayniqsa, mevalarning ko'pligi-yu turining rang-barangligidan ko'zingiz quvnaydi. Bu yaxshi, albatta. Ammo iqlim sharoitimiz qulayligiga, mirishkor xalqimiz borligiga qaramay, o'sha noz-ne'matlarning katta qismi chetdan kirib kelayotganini qanday baholaysiz?..
— Afsuski, barchaga ma'lum haqiqatdan ko'z yumolmaymiz. Savolingizga «Korzinka» savdo tarmog'i misolida javob bersam. Uning barcha filiallarida bir kunda 200 ming tonna mahsulot sotiladi. Mevalar asosan chetdan olib kelinadi, sabzavotlarning esa hammasi mahalliy.
O'zimizda yetishtirilgan mevalar shirin bo'lishi mumkin, ammo chiroy jihatdan, ya'ni dasturxonbopligi bo'yicha xorijnikidan sal farq qiladi. Masalan, hajmi kichkina, chirigan, yaxshi saqlanmagan yoki qurt tushgan bo'lishi mumkin. Xullas, meva borasida chetdan kelayotganlari bilan raqobatlasha olmayapmiz. Menimcha, bu vaqtinchalik holat.
— Endi boshqa bir masalaga e'tibor qaratsak. Oxirgi paytlarda elektr va gaz iste'moliga ijtimoiy cheklovlar qo'ydik. Hozir issiqxonalarda asosan avtomobil' shinalari, ko'mir va boshqa yoqilg'ilardan foydalanilmoqda. Bu, avvalo, poytaxtimizda havo musaffoligiga juda katta salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bir tomondan tadbirkorlarni ham tushunish kerak. Har qalay, ular bu ishga atay yoki ermak uchun qo'l urishayotgani yo'q. Bozorlarni ta'minlayotgan ham shular.
Xo'sh, Qishloq xo'jaligi vazirligi nega ayni holatlar bo'yicha hukumat oldiga masala qo'ymaydi va yechimlar bermaydi? Masalan, quyosh panellaridan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish borasida ularga qandaydir imtiyoz va preferentsiyalar berish bo'yicha nega takliflar kiritmaydi?
— Issiqxonalar katta masala. Bu yo'nalishni tartibga solish, qo'llab-quvvatlash uchun alohida tashkilot — Agrosanoatni rivojlantirish agentligi mavjud. Aytish mumkin, hozirgi issiqxonalar bundan sakkiz yil oldingisidan ancha durust. Zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani natijasida ularning soni kun sayin ko'paymoqda.
— Albatta, ko'payganiga e'tiroz yo'q, lekin real sharoitni ham unutmaslik kerak, nazarimda…
— Bugungi kunda taxminan 3 mingdan ortiq shunday ob'ekt bor va ularning bir qismi gaz vositasida isitiladi. Umumiy hisobda issiqxonalarning 50 foizi ko'mirdan foydalanyapti, uni kerakli yoqilg'i sifatida o'zlari tanlashgan.
Hukumatning tegishli qarori bilan issiqxonalarga imtiyoz berildi. Ya'ni ular foydalangan gaz haqini uch oydan so'ng, aniqrog'i, hosil pishib yetilgandan keyin to'laydigan bo'lishdi. Avvallari esa to'lov oldindan amalga oshirilar, gaz keyin yetkazib berilardi.
Bugun resurslar cheklanganini hammamiz ko'rib-bilib turibmiz. Shundan kelib chiqib, harakat qilishimiz kerak. Hozir kam gaz chiqaradigan ko'mirga o'tish va boshqa maqbul choralarni ko'rish yuzasidan keng qamrovli ish olib boryapmiz. Maqsadimiz tannarxni arzonlashtirish va raqobatbardoshlikni ta'minlashdir.
— Ammo to'lovlarni kechiktirish tannarxni tushirmasa kerak…
— E'tirozingiz o'rinli. Tadbirkorlarga qandaydir imtiyozlar berish bilan tannarxni tushirib bo'lmaydi. Uni jilovlashning yana bir usuli hosildorlikni oshirishdir. Mana shu jihatni ham e'tibordan qochirmasligimiz zarur. Dehqonlarimizni qiynayotgan muammolardan biri, boya aytganimdek, yangi, sifatli va hamyonbop urug' masalasi. Ularni topish mushkulligi tufayli qo'lbola urug'larni ekishga majbur bo'lish holatlari ham kuzatilayapti va bu o'z-o'zidan hosildorlik hamda raqobatbardoshlikka salbiy ta'sir ko'rsatyapti.
Quyosh panellari yaxshi texnologiya, ammo issiqxonalar uchun ma'qul emas. Ularda kechqurunlari ham issiqlik bilan ta'minlash imkoni yo'q. Agar batareyalar qo'yib qilinadigan bo'lsa, tannarx yanada oshishiga olib keladi. Shuning uchun endilikda zamonaviy texnologiyalarga moslashishimiz lozim bo'ladi. Yangi avlod issiqxonalarida shunga e'tibor qaratyapmiz.
Birgina misol. Xitoyda umumiy yer maydoni 3,5 million gektarga teng issiqxonalar mavjud. Aksariyati energiya sarfisiz faoliyat yuritadi. Ular innovatsion usulda shakllantirilgan. Ya'ni bir tarafi paxsa bilan o'ralgan, issiqlik bir tarafdan bo'ladi. Kechasi maxsus yopinchiq (ko'rpa) bilan o'rab qo'yiladi.
— Suhbatimiz davomida tomorqachilikka to'xtalmasak adolatdan bo'lmasa kerak. Сhunki u bugun davlat siyosati darajasida ko'rilmoqda. Bu borada Prezidentimizning tashabbuslari tahsinga sazovor bo'lmoqda. Ayniqsa, «Sayxunobod tajribasi» juda yaxshi samara bermoqda. Nazarimda, tomorqaga O'zbekistonchalik katta e'tibor qaratayotgan davlat bo'lmasa kerak…
— Ayni vaqtda yer maydonlarimizning qariyb 509 ming gektarini tomorqalar tashkil qiladi va ularda 5 yarim million tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi. Bu juda katta imkoniyat. Ammo shu vaqtgacha undan samarali foydalanmaganmiz, bil'aks, o'lda-jo'lda ish tutganmiz, nopisandlik bilan qaraganmiz. «Sayxunobod tajribasi» tomorqachilikda katta imkoniyatlar borligini isbotladi. Davlatimiz rahbarining avvalboshdanoq tomorqa imkoniyatlariga urg'u berishining asl sabablarini endi anglab yetdik. Bu aslida millionlab odamlarning to'qligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash degani. Qolaversa, oilada yerga munosabatning o'zgarishi farzandlar tarbiyasida ham muhim ahamiyat kasb etishini unutmaslik lozim.
Ushbu harakat iqtisodiy rivojlanishga, kambag'allikni qisqartirish va ishsizlikni kamaytirishga ham katta xizmat qildi, desak, yanglishmagan bo'laman. Mazkur tajriba o'zini oqlaganidan so'ng davlatimiz rahbari yana bir muhim hujjatni imzoladi. Unga muvofiq, endilikda tomorqalar bo'yicha yangi tizim shakllantirilib, banklar biriktiriladigan va tomorqa egalari yetishtirgan mahsulotlarning mijozi sifatida yelka tutadigan bo'ldi.
Aslida 509 ming gektar kichkina yer emas. Agar shu joylarda ikki marta hosil olish imkoni mavjudligini nazarda tutsak, foydani o'zingiz chamalab ko'ravering. Bu xuddi odamlar qo'lida turgan, ishlatilmayotgan millionlab dollar valyutadek gap. Hozir tomorqasidan 2-3 marta hosil ko'tarib, 100 milliondan 350 million so'mgacha daromad topayotganlar ham bor.
Prezidentimiz bu noyob tizimni amaliyotga joriy qilayotgan paytlardagi asosiy maqsad ham shu edi, aslida. Umuman, bundan ko'zlangan muddao faqat daromadni oshirish emas. Uning zamirida kelajak avlod, ya'ni har bir xonadonda voyaga yetayotgan bolalarning to'la va sog'lom ovqatlanishi, ta'lim olishi kabi muhim masalalar mujassam. Zero, sog'lom va baquvvat farzandni kamolga yetkazish iqtisodiy manfaatdan ancha yuqori turadigan dolzarb vazifa.
— Endilikda O'zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishi borasida keng ko'lamli ishlar olib borilyapti. Ayni paytda Xitoy va Amerika Qo'shma Shtatlari bilan o'zaro shartnomalar imzolandi. Bu juda katta qadam. Biroq a'zolikning o'ziga yarasha shartlari va talablari bor. Masalan, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz ularning standartlariga javob berishi kerak. Qishloq xo'jaligi vaziri sifatida ayting-chi, dehqonu fermerni, bir so'z bilan aytganda, qishloq xo'jaligi ishchisi, tadbirkorini nimalar kutayapti?
— Bu borada katta natijalarga erishyapmiz. 166 ta mamlakatdan eng barqaror 24 tasi bilan deyarli kelishib bo'ldik. Menimcha, qolgan jarayonlar ham tez kechadi.
Tashkilotga qo'shilishning foydasi katta. Bozorimizga yangi, hosildor urug'lar, ko'chatlar, oziq-ovqat mahsulotlari, mevalar kirib keladi. Raqobat kuchayadi, natijada tannarx pasayadi. Shu bilan bir qatorda, o'zimizdagi mahsulotlarning ham sifati yaxshilanadi. Unga ma'lum talablar qo'yiladi. To'g'ri, tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarimizga biroz qiyin bo'ladi. Raqobatlashish oson kechmaydi, lekin ular bozorga moslashish va tannarxni kamaytirish harakatida bo'lishadi. Bundan, birinchi galda, iste'molchi yutadi. Tanlov ko'payadi. Xullas, raqobat bor joyda sifat yaxshi, narx arzon bo'ladi.
— Amudaryodan Qo'shtepa kanalining barpo etilishi O'zbekiston manfaatlariga nechog'liq zarar keltiryapti? Shu hududdagi dehqonlarning ahvoli qanday bo'ladi?
— Albatta, oqib turgan suvning qandaydir qo'shimcha bitta ariqqa kirishi ham darrov seziladi. Qo'shtepaga o'xshagan yirik kanallarning barpo etilishi O'zbekistonga sezilarli ta'sir qiladi.
Biz bundan keyin yana shu kabi kanallar, boshqa chaqiriqlar paydo bo'lishiga ham tayyor turishimiz lozim va bu tabiiy jarayon. Shu bois hozir muhtaram Prezidentimiz boshchiligida suv sarfini va yo'qotishlarni kamaytirish bo'yicha strategiya ishlab chiqildi. Ichki ariqlarni-ku, aytmay qo'ya qolaylik, katta magistral kanallarimiz ham tuproq o'zanli bo'lgan. Oqibatda kamida 40 foiz suv yer tagiga singib ketardi. Ana shunday yo'qotishlar oldini olish uchun barcha ariq va kanallarni betonlashtirish bo'yicha katta dastur e'lon qilindi. Hozirgacha rejalashtirilgan ishlarning 30 foizdan ortig'ini bajarib bo'ldik ham. Bu yil ham ushbu yo'nalishda juda katta rejalarimiz borki, ulardan asosiy maqsad suvni tejash. Shuningdek, tomchilatib sug'orish texnologiyalari, boshqa texnologiyalar va lazerlarda ishlash suv sarfini kamaytiradi.
— O'tgan asrning 80-yillarida va undan keyin ham Sibir' daryolari suvining bir qismini Markaziy Osiyoga burish hamda shu tariqa Orolni to'ldirish loyihasi haqida ko'p gapirildi, yozildi, turli fikrlar bildirildi. Bugungi kunda bahor kezlari Rossiya va Qozog'iston hududlarida yuz berayotgan suv toshqinlari fonida o'sha mavzu yana ko'tarila boshlanganiga guvoh bo'lyapmiz. Siz vazir va olim sifatida ushbu masalaga qanday qaraysiz?
— Bu ko'p bahs-munozaralarga sabab bo'lgan juda katta loyiha. Olim sifatida aytishim kerakki, Sibir' daryolarini Markaziy Osiyoga burish masalasida hali to'liq javobi topilmagan savollar juda ko'p. Masalan, nisbatan sovuq suvning katta miqdorda kirib kelishi mintaqamiz iqlimini va asrlar osha shakllangan dehqonchilik madaniyatini o'zgartirib yubormaydimi? Oqimning boshqa tomonga burilishi kelajakda o'sha hududlarning o'zida ham suv tanqisligini keltirib chiqarmaydimi?
Savollar juda ko'p. Bular iqlim o'zgarishlari, qishloq xo'jaligi borasidagi barcha tartib-tamoyillar ham o'zgarishiga olib kelishi mumkin bo'lgan loyiha ekanini puxta o'ylab ko'rishga to'g'ri keladi. Tabiat hech bir o'zgarishni oqibatsiz qoldirmasligini doimo yodda tutish darkor. Shu ma'noda, bunday masalani ko'tarib chiqish va bir qarorga kelishda yetti o'lchab bir kesish kerak, degan fikrdaman.
— Ibrohim Yo'lchievich, muloqotga vaqt ajratganingiz uchun katta rahmat.
Husan ERMATOV
suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
1
0
0
0