“Siqilma” klipi: syujet sayoz, yechim juda oddiy. Mualliflar nima demoqchi?
Xonanda Mashhur Muhammadning qo'shig'i ommalashib ketgach, ko'pchilik bir gapni qaytarib qoldi: shunday qo'shiqning quling o'rgilsin bir klipi yo'qda. Hatto qo'shiqqa havaskor kliplar ishlaganlaram bo'ldi. Kunlar o'tdi, haftalar o'tdi, qo'shiq battar ommalashib, dazmolni yoqsangizam, chiqib kelaverdi. Vanihoyat, klip ham ishlandi. Tarmoqqa ham joylandi, ko'rishlar soniyam yomonmas, allaqachon yetti millionga yaqinlashdi. Ammo hamma gap bu haqda emas. Aslida, qo'shiqning o'zigaku e'tiroz yo'q edi, biroq kutilgan klip tomoshabinda ham, ziyolida ham bir qancha savollarni uyg'otdi.
Klipning syujeti haqida qisqacha gapirib o'tamiz. Syujet hayotda uchraydigan voqealarga asoslangan, osmondan olinmagan. Unda uchta asosiy muammoli taqdirlar ko'tarib chiqilgan. Omadi yurishmagan, ijaraga mashina haydab qarzga botgan haydovchi, onasi og'ir kasalga chalingan aka-singil, eri bolalari bilan ko'chaga haydab yuborgan ayol. Xolis aytganda, bunday taqdirlar yonimizda juda ko'p. Ko'zimiz o'rganib ham qoldi, afsuski. Ammo klip davomi, muammo yechimiga kelganda, Bollivud fil'mlari ham ip esha olmay qoldi. G'arb fil'mlarida murakkab vaziyatlarda kuchli va qudratli qahramonlar maydonga kelib, insoniyatni dahshatli halokatdan qutqarib qolishardi, “Siqilma” qo'shig'i klipida esa mahalla va boshqa mutasaddi tashkilotlar shu vazifani bajaribdi. Bir tomondan olganda, klipda shunday hayotiy muammolar ko'tarib chiqilgani tahsinga sazovor. Сhunki, turli oh-vohdan iborat, bosh qahramonini mashina urib ketadigan rangsiz kliplardan ko'ra ijtimoiy hayotga daxldor ishlangan asar yaxshida. Lekin muammo ko'rsatishga ko'rsatib, uning yechimini yengil va yaltiroq ko'rsatishgani, qo'shiqning shuhratiga soya solgani aniq.
Ijara mashinasini xo'jayinga topshirib, ko'ngli xufton bo'lib uyga qaytgan qahramon hovlisida qimmatbaho mashina turganini ko'radi. Qarangki, bir boy tadbirkor osmondan tushganday, uning og'ir ahvolidan xabar topibdi va ishga olibdi (albatta mutasaddi tashkilotlarning xizmati ham tirkab ketilgan). Onasining og'ir ahvolini o'ylab shifoxonaga kelgan o'g'ilda ham hammasi joyida, butun xarajatni davlat ko'taradigan bo'libdi. Shu joyiga juda ishongisi keladi, insonni (qani hamma kasallar shunday davo topib ketsa va ularning yaqinlari birovga sarg'aymasa...). Ikkala sahnada yechim juda bo'sh tanlangan. Hamma ishi yurishmayotgan kishiga ham boy va xaloskor tadbirkor yordamga kela olmasa kerak. Kap-katta oila boshlig'ining harakati, tirishqoqligi va irodasi nega bu o'rinda bo'rttirilmadi, ko'zga ko'rinmadi? Albatta, bemorlarda davlat tomonidan ham yordam berib turilibdi. Biroq bugun ijtimoiy tarmoqlar xayriya istagidagi kasallar bilan to'lib-toshgan. Kasallikka chalingan onaxonga dabdurustdan ko'mak kelishi ham syujetni sayozlashishiga sabab bo'lgan. Ijodkorlar boshqa omillarniyam qo'shishsa, balki tuzuk bo'lardi. Masalan, o'zbek xalqi qarindoshi kasal bo'lsa qarab turmaydi. Davlatning yordami bilan birga, yaqinlarning mehr-oqibati, qolaversa saxiy xalqimiz omilini klipga qo'shishga nima halaqit bergan, masalan? Yoki bizning jamiyatda bu narsa yo'qmi?
Uchinchi vaziyat eng bahslisi. Eri farzandlari bilan ko'chaga haydagan, ota uyida arang yashayotgan ayolga kredit ajratib, ishli qilishibdi. Keling, shu joyni chuqurroq tahlil qilamiz. Kredit jonivor, avvalo uni muntazam to'lashga qobiliyati bor, uzoqni o'ylab reja tuzadigan, salohiyatli kishiga beriladi. Kredit oddiy qarz emaski, qarzdor topgan vaqtimda qaytaraman desa. Bank ajratgan qarz har qanday imtiyozli shartda bo'lmasin, vaqt o'tgan sari foiz tug'a boshlaydi. Aslida bank ham ma'lum shartlar evaziga ushbu pullarni boshqa tashkilotlardan olgan bo'ladi. Endi o'ylang, hech narsasi yo'q, qiynalib turgan ayol, ishini yo'lga qo'yadimi, ro'zg'orini tiklaydimi, bolalariga pul sarflaydimi yoki kredit to'lovlarini to'laydimi? Ko'chaga haydalgan ayolga kredit bo'yinturug'idan ko'ra, kasb-hunar, oylik maosh keltiradigan ish o'rni kerak emasmi, aslida?!
Mahalla xodimlarni xuddi ikki xonalik uyning kalitini ayolga topshirayotganday, o'zini tantanali tutishiku, klipning eng nozik nuqtasiga aylangan desak, adashmaymiz. Kredit majburlikdan olinadi, buni xursandchilik bilan qabul qilish esa sog'lom tasavvurga sig'maydi.
Klipga yozilgan izohlarda bir hamyurtimiz qisqa lo'nda gapiribdi-qo'yibdi: “Klipning birinchi qismi haqiqat, ikkinchi qismi esa fantastika bo'libdi!..”. Mana sizga oddiy insonlarning xolis munosabati. Ular klipning voqeligiga shubha bildirishyapti, yechimlar juda jo'n ekanligini ta'kidlashmoqda.
Yana bir e'tiborni tortadigan jihat: mahalla xodimlari, Yangi O'zbekistonga mos yechim sifatida tiqishtirilgan syujet klipga shunchaki kirib qolmagan ekan. Klipni moliyalashtirish va badiiy g'oya ma'naviyat markaziga tegishli. Hatto markaz direktori Otabek Hasanov uni piar qilishga qatnashdi. Demak, kalavaning uchi topildi, desak ham bo'laveradi. Ma'naviyatchilar klip ishlanishida bosh rolda ekanlar. Xo'sh, bizga ma'naviyat va ma'rifat ulashishi lozim va lobud bo'lgan tashkilot qariyb olti minutlik tomoshaga qancha pul sarfladi? Klip syujeti jo'n va sayozroq bo'lmasin, unda ko'zga ko'ringan, taniqli aktyorlar qatnashgan. Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi. Avvallari oddiygina klip uchun 10-20 ming AQSh dollari ketishi haqida eshitardik. Lekin “Siqilma”ning byudjeti bundan anchagina katta ekani aniq... Oddiy motivatsion gaplardan tashkil topgan ashulani siyosiylashtirgan, ammo targ'ibotda ba'zi xatolarga yo'l qo'yganlar xarajatlar borasida lom-lim deyishgani yo'q.
O'zi Ma'naviyat markazining moliyaviy siyosati haqida yaqindagina tosh bosadigan tanqidiy material chiqarilgandi. Taniqli axborot saytlaridan biri markazning loyihalarga ajratgan pullari va boshqa masalalarni “urib chiqdi”.
“Markazga har yili millirdlab pullar ajratiladi. Har yili mablag' miqdori oshib boryapti. Masalan, 2023 yilda 65,7 mlrd, 2024 yilda 67,8 mlrd so'm berilgan bo'lsa, bu yilga 75,4 mlrd so'm ajratilgan.O'z saytini qo'ya turing, qadriyatim.uz, tanlov.manaviyat.uz saytlari va mobil ilovalarini yaratish uchun avvaliga 127 mln, keyinchalik 1,2 mlrd so'm sarflagan. Afsuski, bu saytlar hozir ham faol holatda emas, ishlamaydi. Pullar qaerga ketgani noma'lum. Markaz multfil'mlar ishlab chiqaryapti, kitoblar chop etyapti va hududlarda turli loyihalar qilyapti. Masalan, 2024 yilda animatsion media-mahsulot va videorolik yaratish uchun Astir animation studio MСhJga 639 mln so'm to'lagan. “Ma'rifat marafoni”ni o'tkazishga 449 mln, “Kitoblararo 80 kun” loyihasiga 257 mln so'm ishlatilgan”, deyiladi maqolada. Ammo hozirda ushbu maqola bilan to'liq tanishishning iloji yo'q, u allaqachon o'chirib tashlangan. Shuning o'ziyoq, juda katta fakt. Demak, markazda ishlar bir tekis emas. Bo'lmasa, tanqidni ochiq qabul qilib, unga munosib javob qaytarishga shunda katta tashkilot uchun nima to'sqinlik qilyapti?
Yana klip masalasiga qaytamiz. Yaxshilikni, insonlarga yordam berishni targ'ibot qilish ayb emas. Biroq klip ijodkorlari ham unga ijobiy ruh beraman deb, voqealarni o'ta mafkuralashtirib, og'ishib ketganini aytmasak bo'lmaydi.
Balki solishtirish xato bo'lgandir, ammo bir narsa yodimda, Oybek “Qutlug' qon” romanini yozarkan, unga rus kommunisti Petrov obrazini kiritgan, majburlikdan kiritilgan bu qism, roman yakunini biroz chuchmallashtirgan. Xuddi shunday holat “Bolalik xotiralari” qissasi yakunida ham kuzatilgan. Oybek domlaku, zamona zaylidan, Stalinning ayovsiz o'lim mashinasi sabab shu ishga majbur bo'lgandir, ammo hozir mustaqillik, ochiqlik zamoniku. Nega klip ijodkorlari biroz jonlarini qiynab, tosh bosadigan loyiha yaratishmadi, degan savol tug'iladi. Axir bugun muammoni yechish faqat kredit olish bilan tugamaydiku. Maqsad ilojsizlarda kredit olishni targ'ib etishmi? Kredit olayotgan odamning moliyaviy savodxonligi, iqtisodiy ahvoli va boshqa risklarni kim o'ylaydi? Harholda ma'naviyat mutasaddilar bu fikrlarni o'qib, o'zlariga xulosa chiqarar, sog'lom qaror qabul qilishar, degan umiddaman. Shuncha mehnat qilib klip olishibdi, ularning ishidan shuncha savol tug'ildi. Aslida, kishida savol va mulohaza tug'dirgan loyihalarning bo'lgani ham yaxshi.
Boshqa tomondan o'ylab qolaman, qani endi bu klip haqiqatga aylansa. Mamlakatimda ishsizlik barham topib, odamlar shodon yashasa, kasalxonalar hovlisida shumshayib o'tirgan bemorlar va ularning yaqinlariga davlatdan g'oyibona najot kelsa, minglab qiynalayotgan oilalar yarashib, gullab ketsa...
Ammo bularning barchasi hozircha kliplarda sodir bo'lmoqda, xolos. Tashqarida esa shafqatsiz reallik bizni ta'qib qilmoqda.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0