Eski avtolarni taqiqlash kerakmi yoki yo'q?..
Ishonch. uz muxbiri Toshkent viloyati IIBB YHXBdan bu yuzasidan izoh so'radi. Ma'lum bo'lishicha, respublikada 2025-yilga kelib transport vositalari soni 5,2 milliontadan oshgan bo'lib, shundan 87,6 mingtasi ishlab chiqarilganiga 50 yil bo'lgan mashinalardir (shundan 9 mingdan ziyodi Toshkent viloyatida).
2026-yilning yanvaridan boshlab, O'zbekistonda 50 yildan ortiq xizmat qilgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanishi aytilmoqda. Bu xabardan so'ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari turli muhokamali izohlarni qoldiryapti. Kimdir: “Eski mashinasida kirakashlik qilayotganlar nima qilsin” desa, boshqa birov: “Eski mashinada yuk tashib, ro'zg'orini tebratayotganlar bor-ku” demoqda. Yana kimdir esa, bu qarorga hayrixoh bo'lib, “To'g'ri qilishadi. Eski avtolarning gabariti ham, burilishlari ham hozirgi zamonga mos kelmaydi. Judayam sekin yurgani hisobiga yo'llarda tirbandliklar hosil qiladi” degan iddaoni keltirmoqda.
– 1988-yilda ishlab chiqarilgan jiguli mashinam bor, – deydi kirakashlik bilan shug'ullanuvchi Bilol Erkinov. – Men faqat shu ulovim bilan ro'zg'orimni yurgazaman. Agar ular davlat ro'yxatidan chiqarilsa, nima bo'ladi? Yana boshqa mashinani bu yerda ishlab olib bo'lmaydi, Rossiyaga borib ishlashim kerakmi?
– Hozirgi ishlab chiqarilayotgan mashinalar eski mashinalar kabi baquvvat emas, – deydi boshqa bir haydovchi Sanjar Allamuradov. – Tuppa-tuzuk xizmat qilib turganlarini cheklash qanchalik to'g'ri?
Ayni paytda fuqarolarning turli muhokamalardan iborat izohlari hanuz davom etmoqda. Darhaqiqat, ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshsa ham, uni soz holatda minib, ro'zg'orini but qilib turgan oila boshliqlari yo'q emas. Mamlakatimizda topish-tutishi o'rtacha bo'lgan, yangi avtomashina sotib olishga qurbi yetmaydigan aholi vakillari esa, ko'pchilikni tashkil qiladi.
Biz bu masalaga batafsil oydinlik kiritish maqsadida, Toshkent viloyati IIBYHXB matbuot xizmati rahbari Rustam Asqarov bilan bog'landik.
– Bu qaror hozircha qabul qilinmadi, lekin vaqt o'tib u qabul qilinib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilanmoqda, – deydi mas'ul. – Bunda, bir jihatga e'tibor berish kerak, ya'ni, avtomashina antikvar bo'lsa, unga maxsus davlat raqam belgisi beriladi. U avtomashina yo'llarda harakatlanmaydi, shu holatda saqlanishi shart.
Aslida, 1975-yildan oldingi ishlab chiqarilgan avtomashinalarning barchasi hozir yaroqsiz holatda, sababi ularning dvigatellari, kuzovlari nosoz. Ba'zilari fuqarolarning o'zboshimchaligi bilan ta'mirlanib, boshqa avtolarning ehtiyot qismlari joylashtirilgan. Bunday transport vositalarini boshqa odamlarga berib yuborish, davlat raqam belgilarini yechib olib, boshqa avtolarga taqib olish holatlari ko'p. Hatto o'sha raqamlar bilan radarlarga tushishadi, yo'l harakati qoidalarini buzishadi va oqibatda raqam kimning nomida bo'lsa, o'sha fuqaroga jarima solinyapti. Hozirda e'tirozli murojaatlar ham ko'payib ketdi.
Masalan, Toshkent viloyatining o'zida 9 ming dona ana shunday avtomobillar bor. Ularni inventarizatsiyadan o'tkazish jarayonida ularning ko'pi xonadonlarda yaroqsiz holda saqlanayotgani aniqlandi. Hozir bu mashinalarning davlat raqam belgilarini yig'ib olish, jinoyat yo'llarida foydalanishga yo'l qo'ymaslik, boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermasligi va yo'l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida inventarizatsiya jarayoni to'liq olib borilmoqda. Aynan yuqoridagi holatlar yuzaga kelgani uchun ham bunday avtomashinalarni hisobdan chiqarish maqsadga muvofiq deb topildi.
Demak, IIBB YHXB matbuot xizmati rahbariga ko'ra, ayni paytda eski avtomobillar saqlanishi va ulardan foydalanish bo'yicha turli chalkashliklar mavjud va yagona yo'li – ularni davlat ro'yxatidan chiqarish. Uning yana keltirishicha, eski avtolar kirakashlik faoliyatini olib borish uchun ham talabga javob bermaydi. Birinchidan, mashina texnik ko'rikdan o'tkazilmaydi, ikkinchidan esa unga yo'lovchi tashish uchun maxsus ruhsatnoma ham olib bo'lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda bong urayotganlar aslida, qonun-qoidalarni chetlab o'tmoqchi bo'lgan fuqarolar. Bu eski avtolar hattoki fuqarolarning hayoti uchun xavf ham tug'diradi. Hozir ularda asosan, qishloq joylar va tog'li hududlarda foydalanishmoqda va mashinalarning ag'darilib ketish holatlari ham uchramoqda. Shuning uchun, fuqarolar bunday choraning eng avvalo ularning hayotini muhofaza qilish, hujjatlardagi noaniqliklar va yo'llardagi turli holatlarning oldini olishga qaratilganini tushunib yetishsa, maqsadga muvofiq.
Ma'lumot uchun, respublikada 2025-yilga kelib transport vositalari soni 5,2 milliontadan oshgan bo'lib, shundan 87,6 mingtasi ishlab chiqarilganiga 50 yil bo'lgan mashinalardir.
Ta'kidlanishicha, bunday avtotransport vositalari xavfsizlik talablariga javob bermaydi va ekologik me'yorlarga (Evro-4, Yevro-5) mos emas, 30 foiz ko'proq zararli gaz ajratadi hamda ma'nan eskirgan transport vositalari davlat raqam belgisini noqonuniy taqib yurish (139 ta holat aniqlangan) holatlariga sabab bo'lmoqda.
Qolaversa, 2024-2025 yillarda 50 yillik avtomobillar ishtirokida 67 ta yo'l-transport hodisalari sodir etilgan va ularda 23 nafar fuqaro halok bo'lgan.
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0