Ehson ham millat axloqining ziynatidir
Ehson – beminnat xayru saxovat, himmat qilish, muruvvatli, qo'li, ko'ngli ochiq bo'lish. Ehson – insoniylikning eng ulug', ibratli, savobga boy fazilat, karamlaridan. Ehsonning eng ulug'i minnatsiz, malomatsiz, ko'z-ko'z, kibru havo, soxta shuhrat uchun qilinmasligi, ta'masizligi. Hazrat Alisher Navoiy ham “...yo'q fe'l kishiga yaxshiroq ehsondin”, deydilar.
Ehson savob, xayr-baraka, yaxshilik, solih amallar, mushkulot eshiklarini ochadi, insonning xulqini go'zallashtiradi, xayrixoh, duogo'ylarini ko'paytiradi, obro'li, martabali, so'zini qiymatli qiladi.
Xalq himmatsiz, ehsonsiz kishini baxil deb ayblaydi, ehsonli kishilarni oliyhimmat, oliyjanob deb qadrlaydi, haqlariga yosh-qari, sog'-bemor duoyi xayr qiladi. Ehson ham millat axloqining ziynatidir. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida mo''tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat). Mana, buyuk ibrat, hukm hamma masalada oltin o'rtaliq-mo''tadillikni tutishga ilohiy ko'rsatma. Ehsonning ham eng maqbuli isrofga yo'l qo'yilmagani ekan. Afsus, hozir riyo ehsonlar ham oz emas. Qarz olib, “arendaga” dasturxon bezatib, kibr, soxta shon uchun “falon restoranda” bo'layotgan “ehsonlar” ham hamon “moda”da. Bu millat axloqiga salbiy ta'sir qiladi, ortiqcha, maqsadsiz xarjlarni ijtimoiy, shaxsiy hayotda zarari katta.
Isrof – saxovat, ehson emas-da! Hozirgi ayrim “ehson”larda “poyga” – kim-kimdan o'zari, sal haddan oshishlar ham yo'q emasdekmi-ey...
Lekin bugun dunyoda shunday beminnat, buyuk ehsonlar ham borki, labingga uchuq chiqadi.
Masalan, dunyodagi eng boy odamning to'rttasidan bittasi Uoren Baffet –AQShlik biznesmagnat, bugun 84 milyard dollar boylik sohibi. Bu kichkinaroq bir necha mamlakat milliy daromadiga teng. Shu ulug' shaxs har yili bir necha milyard (million emas!) ehson qiladi. Yoki dunyoning eng boy odamidan uchtasidan bittasi – Bill Geyts. Har yili ta'lim, meditsina, ijtimoiy himoyaga, millatdoshimiz Alisher Usmonov islomiy qadriyatlarga, fan va madaniyatga, obodonchilikka qancha milyon, milyardlarni ehson qilmoqdalar.
Bugun buyuk ehson sohiblari safi kengaymoqda.
Biz goh ehsonni bir tomonlama, moddiy himmat, saxovat, xayriya ma'nosida tushunamiz.
Ehson-serqirra va serma'no tushuncha. Aytaylik, kimgadir haq, to'g'ri yo'lni minnatsiz ko'rsatish, kimnidir gunoh yo'ldan qaytarish, beg'araz yordam, maslahat, mehr, muhabbat, hamdardlik ham ehson, faqat o'rtada manfaat, tama' bo'lmasa. Kimdadir ilm, iste'dod bor, ammo to'g'ri yo'lda emas, aql, kuchini “o'tin yorishga” sarflab yuribdi, deylik. Uni haq, chin ijod yo'liga boshlash, muhim bilan nomuhim farqini o'rgatish, fikrini charxlash ham ehson. Kimdadir ilm, imkoni bor, tadbirkorlik qilmoqchi, ammo tajriba yetmaydi, yo'l, usul ko'rsatish ham ehsonning bir turi, sababi, uning amalidan oilasi, el-naf' ko'radi. Yoki muhtoj odamga ko'z-ko'z qilmay yordam berishning xosiyat, savobi qancha?!
Mana, shamsul millat Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub”da nima deydilar: “Har bir davlatmand tirikligida xayr-ehson qilib odamlarni xursand qilmagan ekan, o'lganidan keyin uni hech kim duo bilan yod etmaydi. Ehson-tiriklikda yaxshi nom qoldirmoqdir”.
Haq rost! Jiddiy o'ylab qaraylik-chi?! Bugungacha millat, tarix ko'rki bo'lib kelayotgan mo''tabar kitoblar, kashfiyotlar, osori atiqalar kimning bizga ehsoni? Tirikligida yaxshi nom qoldirish uchun Alloh yo'lida fidoiylik, jasorat ko'rsatib, moddiy va ma'naviy, o'lmas ehson qoldirganlarniki-da!
Himmatsiz, xudbin, xasis, topgan, orttirganini ilondek bosib yotadigandan nima qoladi?! Baxillik, mehrsizlik, himmatsizlik yomon ot. Bu sohada, shukr, sharqda buyuk ibratlar ko'p, g'arbda ham oz emas. “Odam yaxshilarning quli” degan hadisda ham shu farz-ehson nazarda tutilgan.
Hazrat Navoiy yana “Nazmul javohir”da yozadilarki: “Ehson birovning ichki dunyosida bor bo'lsa yaxshi, ehson insonga har qancha zeb-ziynat bo'lsa ham, muloyimlik-ochiq chehra bilan qilingan ikkinchi ehsondir”. Xulosa chiqadiki, chiroyli xulq, odob ham eng go'zal ehson. Rost-da, sizni bir notanish odam muloqotda yoki ishingiz tushib borganda samimiy, beg'ubor, ochiq chehra bilan halim holda kutib olsa ehson-da, axir.
Biz bu ko'ngil, samimiyat, beta'ma ehsonlarga qanchalik tashnamiz?!
Hazrat Navoiy yana “Nazmul javohir”da: “Faxrlanish bilan ehson qilasan, go'yoki dunyoda ulug' ish qildim, degandek. Qilgan ehsoningni elga hech pisanda qilma, balki butunlay unutgin”.
Bu “unutilgan” ehsonlarning eng ulug' sohibi amalda Alisher Navoiyning o'zlari bo'lganlar. Qurgan madrasa, masjid, rabot (mehmonxona) chiqargan ariq, hovuzlarining o'zi 300dan ortiq-xalqqa minnatsiz, ibratli buyuk ehson!
Demak, ehson har qanday kishini azizu mukarram qiladi, omad, baxt, rahmatga muyassar etadi, ko'ngilni Haq nuriga to'ldiradi, sharaf olib keladi, duoga ko'madi. Ehsonli kishi iymonli kishidir! Ehsonsiz-behimmat, fe'li, yuragi tor, baxil, ko'ngil ko'zi zanglagan, xudbindir. U ehson qilmaydi-yu, ehson kutadi. Alloh adolatli, hamma narsaning ichu tashqarisini ko'rib, niyati, qalbi, amaliga qarab, ne'mat-ehson beruvchidir. Samimiy, Haq yo'lida qilingan himmat, ehsonlar millatni birlashtiradi, bir-biriga mehr-muhabbatini, yaqin, do'st, xayrixoh qiladi. Ehsonlardagi diniy-ma'rifiy, dunyoviy foydali gap, hikmat, hikoyatlar odamlar qalbiga nur, ruhiga yengillik, ish, amaliga baraka, oilasiga fazl olib kiradi.
Odamlar yaxshilik, xayr-ehsondan ibrat oladilar, adashganlar qalbida ilohiy ta'limotlardan so'zlangan hikmat gaplar insof, diyonatni uyg'otadi hidoyat yo'liga boshlaydi. Ko'ngli, qo'li ochiqlar ko'payadi. Ehson sohibi haqqiga qilingan duolar, uning ijobati kishilar havasini keltirib, shu havas jur'at, harakat va xayrli amalga aylanadi. Yaxshilik maydoni kengayadi. Ehson nafaqat sohibini, ishtirokchilarni ham bir qadar tozartiradi, mushkulini oson, sabr, shukurini mustahkam qiladi, millat o'smir-yoshlariga amaliy ibrat bo'ladi.
Xalqimiz bekorga farzandlariga ehson, himmat, shukur deb ism qo'ymaydi. Bu ismlarda elning ulug' niyati jamlangan. Bu dunyoda iymoni, imkoni bor odam xalqqa chin dildan ehson qilsam, ulug' orzu umidlarim ushaladi yo ushalsin, deydi va shu himmat yo'lida g'ayrat, shijoat bilan halol mehnat qiladi, daromaddan orttirganining, molining sadaqasi deb ehson qiladi, nuri rahmatga sazovor bo'ladi.
Сhuqurroq qarasak, qobil, komil farzandlar ham iymon-e'tiqodi but ota-onalarning buyuk ehsoni va ular millatimizning ertangi orzu-umidi!
Dunyodagi jami narsalar, zarradan to koinot qadar barcha- barchasi insonning ehtiyojlari uchun xizmt qiladi. Ne'mat-juda keng tushuncha, ma'nodoshi rizqdir. Ilohiy kalomda shunday marhamat qilingan: “Erda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'limoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq kitob (Lavhul-mahzuf)da (yozilgan)dir”. (Hud surasi 6-oyat) “Lavhul mahfuz” -Alloh barcha mavjudotni yaratmasdan oldin to qiyomatgacha yaratiladigan ashyolarni, qiladigan ishlarini, insonlar taqdirini, ilohiy kitoblar matni va boshqa ma'lumotlar aslini yozib qo'ygan manbaning nomi (Abdulaziz Manzur).
Bu dunyoda Yaratuvchi Zot yaratgan ne'matlarning hisobiga hech kim yetolmasligi haqida ilohiy kitobda aytilgan. O'ylab qarasak, hozir har bir odamning o'ttiz mingdan ortiq ehtiyoji bor. Endi uni 7,5 milyardga ko'paytiring. Bu Haq taolo yaratgan ne'matlarining hali bir qismi, xolos. Suv, havo, olov, tuproq ham ne'mat, rizq. Sog'ligimiz, ilmimiz, oilamiz, davlat, shuhrat, mavqeyimiz ham ne'mat, rizq. Yaratganning ne'mati shu qadar cheksizki, yerning bir necha chaqirim chuqurligidagi toshning ichidagi zarradek qurtga ham hayot-rizq bergan, mo'ru malaxga ham, yuz ellik tonnalik kitga ham, qonsiz kapalakka ham. Alloh faqat o'zidan qo'rquvchi, ilm, sabr, shukr qiluvchilarga rizqini ziyoda qilib beraveradi. Noshukrdan esa tomchilab bergan rizqini chelaklab oladi. Savobtalab rizqini qo'sha qiladi, gunohkordan esa yuz o'giradi, alamli azob yuboradi. Qur'oni karimda marhamad qilinadiki: “Parvardigoringizning (sizga ato etgan barcha) ne'mati haqida esa (odamlarga) so'zlang!” (Zuho surasi, 11-oyat). O'zi bu dunyodagi yaxshilik, ulug'lik ham, yomonlik va tubanlik ham rizq ekan. Ikkalsiga sababchi ham insonning o'zi, niyati, amali, tanlagan yo'li.
Imom G'azzoliy “Saodatga eltuvchi ilm” da yozadilar: “Olimlarga ko'ra, Allohning insonlar uchun taqdir etgan narsalari to'rtga bo'linadi:
1.Ne'mat. 2.Shiddat (zahmat). 3.Xayr. 4.Gunoh ne'matga rizo vojibdir” (191-bet). So'ng Imom G'azzoliy rizq haqida batafsil ma'lumot berib yozadilar: “...Rizq... topish-tutish dardidir. Bu har bir inson uchun bosh og'rituvchi bir darddir. Insonni ko'p qiynaydi, o'ylantiradi va ko'p ovvora qiladi. Nafsga iztirob, qalbga g'amginlik va andisha beradi. Oqillarni mulohazaga cho'mdirsa, g'ofillarni telba qilib yuboradi. Gunohlarni orttiradi, amallarning havoga ketishiga sababchi bo'ladi, topgan tutganlarini sovuradi. Obidlarni ibodatlaridan chalg'itadi. Kecha demay, kunduz demay, bu vafosiz dunyo bilan ovvora qilib qo'yadi. Shu sababli odamzod qorong'ilik, g'aflat, horg'inlik va yolg'izlikda zillat va safolatda (tubanlikda va qashshoqlikda) kun kechiradi”. Bu rizqning tor-nafs ma'nosigina sharhlash.
Hozir ko'pchilik rizqni xuddi shu tor ma'noda yeb-ichish, farovon yashash yo'l, usuli sifatida, ehtiyoji sifatida tushunadilar.
Qur'oni karimda yana rizq haqida shunday marhamat qilinadi: “Zero, Allohning o'zi (barcha xaloyiqqa) rizq beruvchi, quvvat sohibi va qudratlidir”.(Vaz-zoriyot,58-oyat).Shu haqiqatni ko'pchilik bilmagani bois, bu besh kunlik dunyoda moddiy rizq ustida tortishuv, ziddiyat, nizo, hasad, talofat, janjal va hatto katta fojia, urushlar ham bo'ladi. Maqsad esa bitta, nafs: Sen ko'p yeding, men kam yedim, sen hammasini olding, menga qolmadi, talosh, yoqavayronlik, fitna-fujur, yoza-yoz, umrni yelga sovurish.
Holbuki, hammaga rizq berilgan. Hammaning niyati, sa'y-harakati, iymon-e'tiqod, maslak, amallariga qarab. Odamzod esa hovliqma, shoshmashoshar, sabrsiz, jahli aql-idrokiga parda tortuvchi. Ana shu nafsakilik-moddiy rizqtaloshlik eng ko'p ziddiyatlar, notinchliklar, tanazzullar sababchisidir.
Aslida esa rizqning ma'no ko'lami ne'matdek keng.
Hazrat Alisher Navoiy “Nazmul javohir”da aytadilarki: “Xoh shoh, xoh gado shukr qilsa, o'z ne'matini ortishiga sabab bo'ladi. Kimki tilida ne'matga shukr aytib, dilida kufon qilsa, ne'mati zoe bo'ladi”. Ilohiy haqiqat, qonunlardan bebahra kishi rizqsiz qolishdan hadiksirab yashaydi. Holbuki, har bir kun, har bir jonliqqa o'z rizqi-nasibasi bilan kelaveradi.
Rivoyat: bir odam o'tmishda zindonga tushibdi. Kuni bo'yi ishsiz, yarim och, zerikib yotarkan. Ko'zi birdan zindon burchagidagi o'rgimchak to'riga tushibdi va o'ylabdi.
Men-ku bir bandi, kuni qaro, yaxshimi-yomonmi har kuni yarim kosa yavg'on ovqat, qotgan non beradilar... Bu o'rgimchak qaysi hisobdan yashaydi?!
Shu o'y bilan o'ziga so'z beribdi:
- Kuni bo'yi ko'zimni uzmay kuzataman, qani, qaerdan bu hasharot rizq topadi?! Ertalabdan peshingacha ko'zini uzmay turgan ekan, zindon qopqog'i ochilib, unga qorovul yarim kosa yovg'on ovqat uzatgan oni bir pashsha ham uchib kirib, o'sha o'rgimchak to'riga ilinibdi...
Mana rizq falsafasi, haqiqat va siri.
Rizq va ne'matni yo'q joydan beradi ba'zan Yaratuvchi. Mana Saudiya Arabistoni, Eron, Quvvayt... yer osti neft' zahiralari shularga oqib boradi. Bo'lmasa sahrodagi mamlakatlar, jazirama issiq... Uzoqqa bormaylik, o'zimizdagi tadbirkor, asl dehqonlar yerdan bir yilga uch bor hosil-rizq oladilar. Ayrimlar esa bir martasini ham halol-pokiza ololmaydi.
Oddiy sigir, qo'y, echki sut va go'sht –rizq beradi.
Men bir gal televizorda ilonlarning rizq topishiga hayratda qoldim. Kattakon tosh ustida ilon og'zini ochib, tilini chiqarib, o'ynatib ov qilib o'tirarkan. Oz vaqt o'tib qushlar, ayniqsa chumchuq, ilon og'zidagi qimir etgan tilni qurt deb o'ylab o'zini ilonning og'ziga urarkan...
Yoki timsoh-yirtqich, suv ostida ovini poylab, qirg'oqqa yaqin turadi va hayvon galasi kelsa, shartta bittasini bo'g'izlaydi. Qarang, u yaxshi, puxta ovchi-galani kutadi. Hushyorlikni yo'qotganlar esa tayyor rizq, kuchli va zaif qonuniyati...
Suv ostida ham rizq uchun kurash, taktika, strategiya tanlash, makr, buqalamunlik, zulm... Shunday suv jonzotlari borki, balchiqqa botib, quyqa rangiga singib ovini soatlab kutadi. Gala keldimi, o'shal on zabt etadi. Sher, bo'ri, chiyabo'ri ham gala bo'lib ov-qilib, rizq topadi. Qoplon esa rizqini hatto daraxt tepasida raqiblaridan yaxshigina yashiradi ham, o'rmon qonuni, rizq topish falsafasi. Lekin rizq kamaymaydi. Nimadir bir yerda kamaysa, ikkinchi joyda paydo bo'ladi. Butun mavjudot ichida faqat odam rizqim kamayib qoladi deb qo'rquvda, joni halak, asablari o't, kecha-kunduz demay yugurgadi, dangasalari esa qorin qashlab, pashsha haydab, soyada kimdir meni boqadi, deb xomxayolga g'arq...
Rizq o'z-o'zidan ham kelmaydi. U halol ishlab, solih amallar qiluvchi, raqobatbardosh, hamkor, faqat o'zini o'ylamay, yurt va millat farovonligi uchun yashayotganlarni sevadi.
Yalqov, ishyoqmas, tanbal, badfe'l, ochko'z, kibrli, dilozordan esa qochadi.
Rizq hamisha Allohdan qo'rqqan, komil axloqli kishi bilan birga, hamnafas, mehnatkash, fidoyi, hunarmand, ma'rifatli odamni sevuvchi, quvuvchi tabiatga ega.
Rizq manfaat qullari, nafsaki, andishasiz, oqibatsiz, lafzsizlardan hamisha uzoqda yuradi. Rizq fosiq, hasadxo'r, nizokash, yuzsiz, da'yus, xoin, sotqindan nafratlanadi.
Xalqimiz rizqning kelish-ketish qoida, sirlarini ming yillik tajribadan juda yaxshi biladi:
Mehmon kelsa eshikdan,
Rizqi kelar teshikdan.
Alloh abadiy muzliklarda to'ng'ib yotgan oq ayiqqa ham, kunida tonnalab ovqat yeydigan kitlarga ham, nabotot olamiga ham rizq bergan.
Xo'sh, biz-ku, jonzotlar harakat qilamiz, o'rmonlar-chi?!. Suv, havo, quyosh, gullarni changlash uchun shamol, hasharot... Hammasi buyuk mantiq, muvozanatda...
Bizda “rizq-ro'z” degan ibora ko'p ishlatiladi. Bu kundalik rizq, demak. Lekin hayot, umr faqat yeb-ichish, aysh, maishatdan iborat emas. Yemak-tiriklik uchun, fikr-tafakkur go'zal, hur, iymon halovatiga erishib yashash, baxt, yaxshi nom qoldirish uchun.
Bugun Allohning ne'mati, rizqiga shukr qilayotgan, obro', shuhratli, ko'ngli xotirjamlar ham ancha. Ammo kufroni ne'mat qiluvchilar ham yo'q emas-da.
Aziz asrdosh, shu dardli so'roq bilan bir atrofga jiddiy nazar solaylik-chi?!
Hamma narsasi yetarli: hovli, qo'sha mashina, dala hovli, chet elda uylar, savdo rastalari, ustda eng qimmat kiyim-bosh, taqinchoqlar tillo, brilyant, sapfir...yana nolib turadi-da: Eh, hayot og'ir bo'ldi-da, yashash qiyin, pul topish qiyin, chiqim ko'p. Bu nima - kufroni ne'mat!
Ayrimlar soxta shon-shuhratga burkangan, davlatmand, kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlab, yugurib yeladi ham. Ammo oila notinch, farzand tarbiyasiga vaqti yo'q, bola yo giyohvand, yo ichkilik quli, yo o'g'ri, yo qotil. Buyam ne'matga shukrona qilmay, nonko'rlik qilib, bola-kelajak millat tarbiyasiga befarqlik, xiyonat.
Yoki shunday o'smir yoshlar borki, xotira quvvati, aql, mushohada iste'dodi bilan siylangan, til biladi, kom'pyuter, internet va lekin umrini bekorchi narsalarga-elga sovuradi, aqlni to'g'ri yo'naltirolmagan. Buyam ne'matga shukr emas.
Shunday kishilar ham borki, 60 yoshda nafaqaga chiqib, 30-40 yil o'limini kutib yashagandek. Kun bo'yi bekor yo darvoza oldida, behuda gaplar, yo choyxonada g'iybat, bekorchilik.
Biror foydali uy-ro'zg'or yoki mayda ishlab chiqarish, dehqonchilik, hunarmandlik bilan shug'ullansa bo'ladi-ku?! Foydali mehnat-farovonlik garovi, umrni bezaydi, kishini harakat sog'lom qiladi.
Allohga odam dil, til, amal, harakat bilan shukr qilsa, ne'matga muyassar bo'lib boraveradi.
O'zini tanigan odam-ne'matning qadrini biluvchi.
Shayx Zunnundan so'ragan ekanlar:
“Odamlarning eng ko'p xatolari nima bilan bog'liq? Zunnun javob bergan:
- Haq taoloning lutfi va ne'matlaridan g'ururlanadi va shu holi yuzasidan aldanganini o'zi ham bilmay qoladi”. Aldanish, shoshish, hovliqish odamning tabiatida bor. Uning aldanish, aldanmasligi aqliy, fikriy, maslak qudratiga bog'liq.
Alloh ne'matni bandaga qo'sh berganda goh shoshib qoladi-yu, Allohni unutib “o'zim zo'rman-da!” deb kibrga to'ladi. Ayniqsa, boshga davlat, mansab qushi qo'nganda o'ta ehtiyotkorlik, kechasini unutmaslik, oxiratini doimo o'ylash foydali, ko'zni parda tutmaydi. Xullas, ne'mat va rizqning javhari shukr va sabr, zikr va tavba, harakat va g'ayrat ekanda.
Lekin yana bir haqiqat doim ko'z o'ngimizda turmog'i kerakki, ne'matlarning o'zi ham baxt-saodat omili emas. Ne'matning qadriga yetish, halol mehnat, amal, toat-ibodat uni ziyoda qilishini anglashimiz bizni hidoyatga, komil axloq, farovonlikka, haqga yetaklaydi.
Ilhom G'ani,
filologiya fanlari doktori



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0