Tibbiyot xodimlariga yakshanba va dushanba dam olish kuni bo'lishiga nima deysiz?
Jamoatchilik taklifi
Haftaning 5 kuni ishda bo'laman. Aksariyatimiz shunday. Shuning uchunmi, ijtimoiy tarmoqlarda «2026 yil 1 apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish rejimiga o'tkaziladi», degan xabarni o'qiganimda «Eh, o'zi ko'pincha shifokor bilan bog'liq ishlarimizni shanbaga to'g'irlab yurardik, endi shuni ham boy berarkanmizda…» degan fikr o'tdi. Ammo so'nggi kunlarda ko'rayapmanki, bu yangilikka e'tiroz bildirayotganlar o'ylaganimdan ko'proq ekan. Bo'lmasam-chi? Keling, oxirgi bir haftadagi holatni misol qilib keltirsam.
4-sinfda o'qiydigan qizim o'tgan haftaning boshida qog'ozcha ko'tarib keldi. Qarasam, maktab hamshiralari odatdagidek bir yilda bir marta bolani laborator tekshiruvidan o'tkazishimiz uchun yo'llanma yozib beribdi. Tabiiyki, qizim bilan shanba kuni oilaviy poliklinikaga chiqib bu tekshiruvlardan o'tdik. Bu haftaning dushanbasida esa o'g'limning ham maktabidan xuddi shunday yo'llanma va tibbiy daftarcha qo'shib berilibdi. Maktabda tibbiyot xonasi bo'lmagani uchun barcha tor mutaxassilar ko'rigidan o'tish zarurligi ko'rsatilgan. Hafta davomida o'g'lim ikki marta «Oyi, qachon «doktorlar»dan o'tgani boramiz?» deb so'radi. Tabiiyki, men shanba kuni deb javob berdim.
Endi tasavvur qiling, shu shanba kuni ham dam bo'ladigan bo'lsa… Albatta, tibbiyot xodimlari ham dam olishi kerak. Bunga hech qanday qarshiligim yo'q. Ammo shanba kuni davlat tibbiyot muassasalari ishlamaydigan bo'lsa, tabiiyki ko'pchilik xususiyga borishga majbur bo'ladi. Ammo u yerdagi narx-navoni hammaning ham cho'ntagi ko'tarmaydi. Shuning uchun jamoatchilik yaxshi taklif bildirishyapti. Tibbiyot xodimlari shanba kuni ishlab, yakshanba va dushanba kuni dam olishsin, degan.
Xo'sh, siz qanday fikrdasiz? Ushbu taklifga qo'shilasizmi?
Zebo Namozova,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
1