Zamonaviy hindular: ular dunyoning eng qudratli davlatida qanday yashamoqda?
Ko'pchiligimiz Amerika qit'asining tub aholisi bo'lgan hindular haqidagi badiiy fil'mlarni yoshlikdan ko'rib katta bo'lganmiz. Ular erksevar va qiziqqon kishilar sifatida tasvirlanadi. Hindular haqidagi asarlar asosan ularning tarixi, oq tanlilar bilan qarama-qarshiliklar yuz bergan davrlarni o'z ichiga oladi. Ammo hindular bugun ham Amerika materigi, jumladan, AQSh hududida yashab kelmoqda. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, ularning taxminiy soni 5-6 million kishidan oshadi (ayrim manbalar 2,5 million kishi). Eng qizig'i, hindular hayotini taraqqiyot ostin-ustun qilib tashlamagan. Ko'pchiligi ajdodlari kabi yashash tarzini saqlab qolishgan.
Hindularning dunyodagi umumiy soni 50 million kishidan oshadi. Shundan eng ko'p hissa Meksikaga to'g'ri keladi, qariyb 10 milliondan ziyod. Shuningdek, Boliviya, Gvatemala, Peru va Ekvadorda ham millionlab ushbu millat/elat/qabilalar vakillari yashaydi. AQShda esa hindular asosan Kaliforniya, Oklaxoma, Yuta va yana qator shtatlarda istiqomat qiladi. Ular mazkur shtatlarda rezervatsiya deya ataluvchi hududlarda yashaydilar. Eng ko'p hindular yashaydigan shtatlar Kaliforniya (taxminan 740 ming), Oklaxoma (415 ming) va Arizonadir (366 ming). Los-Anjeles eng ko'p hindu aholisi bo'lgan shahar sanaladi.
Hindular Amerika qit'asining eng qadimiy aholisidir. Manbalarga ko'ra, yevropaliklar kelguniga qadar qit'ada 25 milliondan 50 milliongacha aholi yashagan. Biroq, ularga AQSh fuqaroligini olish huquqi faqat 1924 yilda, prezident Kalvin Kulidj tegishli qonunni imzolagandan so'ng nasib etdi. AQSh qonunlariga ko'ra, agar bir shaxs bobo yoki buvilaridan biri AQSh hududida yashagan tub aholining avlodi ekanini isbotlay olsa, u hindu hisoblanishi mumkin.
Hozirda AQShda federal hokimiyat tomonidan rasman tan olingan 565 ta hindu qabilalari mavjud. Rasmiy tan olinish uchun, qabila “hindu bo'lmagan halqlar” (evropaliklar va yevropaliklar avlodlari) kelishidan oldin mustaqil ravishda mavjud bo'lganligini, ibtidoiy tuzilishi va an'anasini saqlab qolganligini isbotlash kerak.
Qabila maqomini federal tan olish muhim: bunday qabila AQSh hukumati bilan alohida munosabatlarga ega, ya'ni barcha aloqalar faqat hukumat darajasida amalga oshiriladi. Rasmiy yozishmalarda ularni belgilash uchun “suveren millat” atamasi qo'llaniladi. Bundan tashqari, hindularning (yoki ota-bobolarining) mulki AQSh hukumati tomonidan rekvizitsiya qilinganligini (mulkni haq to'lab majburiy ravishda davlat egaligiga to'la yoki vaqtincha foydalanish uchun olish) isbotlagan qabilalar federal subsidiyalar va grantlar oladi. AQSh hukumati bu qabilalarning o'zini-o'zi boshqarish va o'z taqdirini o'zi belgilash huquqlarini tan oladi va ularning suverenitetini qo'llab-quvvatlaydi.
Suveren millatlar o'z hukumatini tuzish, qonunlar qabul qilish va amalga oshirish (davlat qonunlari ularga taalluqli emas), soliqlar o'rnatish, qabila maqomini belgilash, faoliyatning deyarli barcha turlarini litsenziyalash va tartibga solish va hokazo huquqiga ega. Qabila sudlari aksariyat rezervatsiyalar va huquqni muhofaza qilish idoralarida faol qo'llaniladi. Qonuniy jihatdan, hindular rezervatsiyalari AQSh shtatlari bilan deyarli bir xil huquqlarga ega. Xuddi shtatlar kabi, ular boshqa davlatlar bilan rasmiy munosabatlarga kirisha olmaydi, urush olib borolmaydi yoki tanga zarb qila olmaydi.
Shtatlar qonunlari odatda rezervatsiyaga ta'sir qilmaydi. Aksariyat rezervatsiyalarda qabila sudlari va huquqni muhofaza qilish idoralari faol ishlaydi. Hindular Qo'shma Shtatlardagi boshqalar kabi federal soliqlarni to'laydilar. Hudud rezidentlari, agar ularning daromadlari rezervatsiya doirasidan kelib chiqqan bo'lsa, davlatga daromad solig'i va rezervatsiya bo'yicha mol-mulk solig'ini to'lamaydi.
Rezervatsiyalar yerga egalik qilishning o'ziga xos qoidalarini o'rnatadi: ularning 140 tasida barcha yerlar qabila mulki, qolganlarida esa mulkdorlar xususiy shaxslardir. Bir qator shtatlarda hindu rezervatsiyalarida kazinolarga ham ruxsat berilgan.
Hozirgi kunda AQSh hududida yashayotgan eng yirik hindu qabilalari quyidagilar: cheroki (310 mingga yaqin), navaxo (280 mingga yaqin), tsiu (115 ming) va chippeva (113 ming kishi).
Umuman olganda hindu qabilalari hozirda AQSh hududining taxminan 2 foizini nazorat qiladi: bu yerlarda rezervatsiyalar tashkil etilgan. Ba'zi rezervatsiyalar 1 akrdan (4 kvadrat kilometr) ko'p bo'lmagan maydonga ega, eng katta rezervatsiya navaxo qabilasiga tegishli - uning maydoni G'arbiy Virjiniya shtatining kattaligiga teng. AQSh hindularining uchdan bir qismidan ko'prog'i hozir rezervatsiyalarda yashaydi. Hindular demografiyasi ham boshqa amerikaliklardan ancha farq qiladi. Jumladan, AQSh tub aholisining o'rtacha yoshi sezilarli darajada kamdir. Hindu oilalarida AQShdagi o'rtacha ko'rsatkichdan ko'proq bola bor. Ular yevropaliklar kelganiga qadar ham katta oilalarda yashashgan. 1524 yilda Narragansett ko'rfaziga tashrif buyurganidan italiyalik Jovanni da Verazzano “bu yerda juda katta oilalar yashaydi, chunki ba'zilarida biz 25 dan 30 gacha odamni ko'rdik” deb yozgan.
Shu bilan birga, amerikaliklarning 66 foizi va hindularning atigi 55 foizi turar-joy mulkiga ega. Hindu uylari mamlakatdagi o'rtacha ko'rsatkichdan ancha arzon (129,8 ming dollarga nisbatan 185,2 ming). 2009 yilda hindularning 23,6 foizi qashshoqlik chegarasida yashagan. AQSh bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich 14,3 foizni tashkil etgan.
Tub aholi bo'lgan amerikaliklarning oliy o'quv yurtlariga kirishda katta imtiyozlarga ega bo'lishlariga va ular uchun ta'lim odatda bepul bo'lishiga qaramay, hindular orasida ta'lim darajasi juda past. Amerikaliklarning 28 foizi oliy ma'lumotga ega bo'lsa, hindularda bu ko'rsatkich atigi 16 foizni tashkil qiladi. AQSh Adliya vazirligining uzoq muddatli statistik ma'lumotlariga ko'ra, amerikalik hindularning zo'ravonlik jinoyati qurboni bo'lish ehtimoli boshqa AQSh aholisiga qaraganda ikki baravar ko'p. Qizig'i, hindular orasida alkogol' va tamakini iste'mol qiladiganlar qolgan aholi bilan solishtirganda ko'proq.
AQSh federal hukumatida hindular ishlari bilan shug'ullanuvchi ikkita yirik agentlik mavjud. Bu AQSh Davlat departamenti tarkibiga kiruvchi hindular ishlari bo'yicha byuro va Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi xuddi shu nomdagi byurodir.
Afsuski, AQSh hindulari asta-sekin o'z tillarini unutib bormoqda. Hozirda Qo'shma Shtatlarda 139 ta hindu tili mavjud, ammo ularning yarmidan ko'pi yo'q bo'lib ketish xavfi ostida. 2008 yil ma'lumotlariga ko'ra, Amerika hindularining 72 foizi ingliz tilidan boshqa tilda gaplashmaydi va hindlarning atigi 21 foizi uyda ingliz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Bu omil hindularning baribir til va madaniyat jihatdan boshqa amerikaliklar bilan aralashib borayotganini anglatadi.
Yana bir qiziq ma'lumot: 2009 yilda AQSh Kongressi mudofaa xarajatlari to'g'risidagi qonun loyihasiga “Amerika Qo'shma Shtatlari fuqarolari tomonidan mahalliy xalqlarga qilingan ko'plab zo'ravonlik, yomon muomala va e'tiborsizlik uchun” kechirim so'rash haqida bayonotni kiritdi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0