Jahonning eng qudratli davlatiga tarsaki. Yaponiya AQShni qanday g'aflatda qoldirgandi?
Bundan bir necha kun avval uzoq 1941 yilda militaristik Yaponiyaning AQSh strategik porti sanalgan Perl-Xarborga hujumi chog'ida cho'kib ketgan “Arizona” jangovar kemasidan omon qolgan so'nggi faxriy askar Lou Konter vafot etdi. Konter 102 yoshda edi.
1941 yil 7 dekabr' kuni ertalab yapon kuchlarining hujumi paytida, dengizchilar bayroqni ko'targanda, Konter asosiy kemada bo'lgan. O'zining tarjimai holida qariya boshqa tirik qolganlar bilan birga yaradorlarni evakuatsiya qilishga yordam berganini aytadi – ular omon qolganlar yo'q degan xulosaga kelgandagina kemani tashlab ketishgan.
“Arizona” portlashi va cho'kishi oqibatida 1177 dengizchi halok bo'ldi. Perl-Harborga hujum esa AQShning Ikkinchi Jahon urushiga kirishiga olib keldi. Qo'shma Shtatlar urushga kirib, jami yarim millionga yaqin askarini yo'qotdi. Lou Konter ana shunday dahshatli tarixiy jarayonni tirik guvohi bo'lgan so'nggi kishi edi.
AQSh va Ikkinchi jahon urushi
Barchaga ma'lumki, AQSh jahon urushlarida Yevropa davlatlari kabi katta talofat ko'rmagan. Ammo u tomonlarni faol ta'minlab kelgan, Yevropa va SSSRning kuchsizlanishi va Qo'shma Shtatlardan katta qarz bo'lib qolishi Vashington uchun ayni muddao bo'lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda ham, AQSh Frantsiya va Buyuk Britaniyani quvvatlasa ham, aslida ayyorlik bilan urushning borishini diqqat bilan kuzatdi.
Lekin AQSh nazardan qochirgan yana bir katta kuch bor edi. Bu fashistik Germaniya va Italiyaning ittifoqchisi bo'lgan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasini iskanjaga olayotgan Yaponiya edi. Yaponiya Xitoyni bo'lib tashladi, Hindixitoyni mustamlakaga aylantirdi va qariyb 500 million kishi yashaydigan hududda hukmronlik o'rnatdi. Aynan Tinch okeani mintaqasida Yaponiya AQShga bevosita tahdid qilib uni Ikkinchi jahon urushiga tortdi. Yaponiyaning faollashib borishi, Xitoyni yarim mustamlakaga aylantirishi AQShning g'ashiga tegib kelardi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1941 yil kuzida Germaniyaning sovetlarga qarshi muvaffaqiyatli hujumlaridan ilhomlangan yaponlar o'zlarining okeandagi ashaddiy raqiblariga qaqshatqich zarba berishni pinhona reja qildilar.
Perl-Xarbor: AQSh uchun unutilmas saboq
1941 yil 7 dekabrda yapon samolyotlari va suv osti kemalari Gavayi orollaridagi Amerika harbiy-dengiz bazasi bo'lgan Perl-Xarborga kutilmaganda hujum uyushtirdi. AQShning Tinch okean floti katta yo'qotishlarga uchradi va olti oy davomida faol jangovar operatsiyalarni o'tkazish qobiliyatini yo'qotdi. Yaponiyaning hujumi va Gitler Germaniyasining amerikaliklarga urush e'lon qilishi Yevropadagi janglarni amalda Ikkinchi jahon urushiga aylantirdi. AQSh prezidenti Franklin Ruzvel't urush e'lon qilish bo'yicha nutqida 1941 yil 7 dekabrni “sharmandali sana” deb atadi. Yaponiyalik uchuvchilar uchish-qo'nish yo'laklarida va aerodromda turgan Amerika samolyotlarini yo'q qilishdi. Ulardan ba'zilari yonib ketdi.
Keyin Perl-Xarbor markazidagi Ford orolining sharqiy qirg'og'ida langar qo'ygan Amerika harbiy kemalarining navbati keldi. “Arizona” jangovar kemasi torpedolar va og'ir bombalar bilan urish natijasida cho'kib ketdi, u bilan birga 1100 nafardan oshiq harbiy qurbon bo'ldi.
Yapon kuchlarining hujumiga boshchilik qilgan kapitan Mutsio Futida aytadi: “Dahshatli kuch shiddatli tarzda portladi. Qora va qizil tutunning ulkan to'lqini 1000 metr balandlikka ko'tarildi. Ko'rinishidan, kemaning qurol-yarog' zaxirasi portlagandi. Biz portdan bir necha mil uzoqlikda bo'lsak ham, portlash to'lqinining ta'sirini his qildik…”.
“Arizona” linkorida kontr-admiral Isaak Kidd va 1100 dan ortiq ekipaj dengizchilari halok bo'ldi. “Kaliforniya” jangovar kemasi cho'kib ketdi, “Oklaxoma” jangovar kemasi bir nechta bombalar zarbasi natijasida 395 kishini tubsizlikka olib ketdi. Yong'indan zarar ko'rgan “G'arbiy Virjiniya” jangovar kemasi, o'quv kemasi bo'lib xizmat qilgan “Yuta” jangovar kemasi ham yo'q qilindi. Xuddi shunday taqdir minachi “Oglala”ning boshiga ham tushdi. “Nevada”, “Merilend”, “Tennessi” va “Pensil'vaniya” jangovar kemalari shikastlangan.
Aviatsiyadan farqli o'laroq, yapon suv osti kemalari 7 dekabrda muvaffaqiyatga erisha olmadi: yengil kreyser “Sent-Luis” yaponlarning ikki suvosti kemasi uyushtirgan hujumni chetlab o'tishga muvaffaq bo'ldi.
Soat 09:45 da Pearl Xarborga hujum tugadi – yapon rahbariyati o'z kemalariga orqaga chekinishni buyurdi va Perl-Xarborning kemasozlik zavodlari va neft tankerlari daxlsiz qoldi.
Perl-Xarborga hujum natijasida 2403 nafar amerikalik dengizchi va askarlar, shuningdek, 68 nafar tinch aholi halok bo'ldi. Shuningdek, 188 samolyot va 8 jangovar kema yakson bo'ldi. Yaponlar esa 29 ta samolyot va 64 ta uchuvchini yo'qotdi.
Hujum oqibatlari
Yaponiya hujumining eng fojiali sahnasi albatta yirik “Arizona” jangovar kemasining halokati bo'ldi.
Kema vayronalarni tahlil qilish deyarli 2 yil, 1943 yilning kuzigacha davom etdi. Jami 233 kishining jasadi topildi va 900 dan ortiq dengizchilar qoldiqlari esa kema korpusida qolmoqda. O'sha fojiali kundan beri “Arizona” jangovar kemasining cho'kishi haqida afsonalar va mish-mishlar ko'p tarqaldi. Ushbu talqinlarning ba'zilari hatto “Arizona” memorialidan unchalik uzoq bo'lmagan yodgorlikda eslatib o'tilgan: “Bombalar korpusga urildi. Kemaga 7 ta samolyot bombasi tushdi, keyin bomba quvurga tegib, kemani butunlay vayron qildi”.
Perl-Xarbor fojiasi nafaqat muhim voqea, balki Ikkinchi jahon urushidagi burilish nuqtasi ham bo'ldi. Yapon floti bu yerda hal qiluvchi g'alabaga erishdi: Gavayi operatsiyasi AQShning Tinch okean flotiga og'ir zarba berdi, ammo uni to'liq yo'q qilinishiga olib kelmadi. Perl-Xarbordagi g'alaba Yaponiya dengiz flotiga 1941 yil oxiri va 1942 yilning birinchi yarmida Britaniya Malayyasini, Filippinni, Britaniya Birmasini, Gollandiya Sharqiy Hindistonini, Yangi Gvineyani va boshqa bir qator hududlarni egallab, sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishga imkon berdi. Shu bilan birga, AQSh hududiga kutilmagan hujum tinchlik muzokaralarini barbod qildi, natijada Yaponiya imperiyasi oxir-oqibat mag'lubiyatga uchradi. Сhunki yaponlar Tinch okeanida shu paytgacha jimgina fursat kutib yotgan qudratni “uyg'otib yuborgandilar”.
Perl-Xarbor hujumi bo'yicha “fitna nazariyasi” ham mavjud. Bu nazariyaga 1944 yil sentyabrida America First hammuassisi Jon Flinnning nutqi asos bo'ldi, u 46 betlik “Perl-Harbor haqidagi haqiqat” nomli kitobchani nashr etdi. Flinga ko'ra, AQSh rasmiylari hujum haqida avvaldan bilgan, ammo Ruzvelt hukumatining niyati AQShni Ikkinchi jahon urushiga “orqa eshikdan sudrab kirish” edi. Biroq ko'pchilik akademik tarixchilar bu nazariyani inkor etadilar.
Gavayiga qilingan hujumdan so'ng, Amerika ingliz tilisida “to Pearl-Harbor” fe'li paydo bo'ldi, bu “to'satdan hujum qilish” degan ma'noni anglatadi. Masalan, 1961 yilda Kubadagi raketa inqirozi paytida Robert Kennedi uning akasi, prezident Jon Kennediga murojaat qilib, SSSRga yadro zarbasi bermaslikka chaqirgandi.
Shu bilan birga, Perl-Xarborga qilingan hujum Yaponiya imperiyasi uchun strategik falokat bo'lib chiqdi, garchi Yaponiya hukumati buni dastlab anglamagan bo'lsa ham. Tinch okeanidagi uzoq davom etgan mojaro paytida, portlatilgan “Arizona” jangovar kemasidan tashqari Amerikaning yirik kemalari xizmatga qaytdi; ularning ba'zilari keyingi harbiy harakatlarda asosiy rol o'ynagan. Amerikalik harbiy ekipajning aksariyati ham omon qoldi, bu esa qayta qurilgan flotni tezda xodimlar bilan ta'minlash imkonini berdi. Keyingi yillarda AQSh nafaqat muvaffaqiyatli urush olib bordi, 1945 yilda Yaponiyaning ikki shahriga atom bombasi tashlab, dahshatli tarzda o'ch olishga ham erishdi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0