Tarix sahifalari: O'n millionlab odamning yostig'ini quritgan ocharchiliklar
Ochlik, millionlab qurbonlar deganda ko'z o'ngimizga sobiq SSSRda 1922-32 yillarda sodir bo'lgan dahshatli ochlik keladi. Bu jarayon Rossiya, Ukraina, Qozog'iston aholisining katta qismiga ta'sir qilgan. Afsuski, bunday mash'um voqealar tarix sahifalarida yana topiladi.
Jumladan, bundan taxminan 250 yil avval (1769-1773 yillarda) Hindiston sharqidagi Bengaliyada katta ocharchilik yuz beradi. Oqibatda yetti milliondan o'n milliongacha kishi bu ochlikdan qirilib ketgani aytiladi (ayrim manbalarda 1,5 mln. kishi halok bo'lgan degan farazlar bor). Dahshatli tomoni, bu raqam hudud jami aholisining uchdan birini tashkil qilardi.
Bu nega sodir bo'ldi?
Hindiston XvIII asr oxiriga kelib, deyarli mustaqil feodal davlatchalarga bo'linib ketgan, Boburiylar davlati juda zaiflashib qolgandi. Paytdan foydalangan yevropalik mustamlakachilar mamlakatga suqilib kira boshladilar. Buyuk Britaniya imperiyasining qudratli Ost-Indiya kompaniyasi savdo niqobi ostida Hindistonni ingliz mustamlakachiligini yoya boshladi.
Oqibatda 1757 va 1764 yillarda katta to'qnashuvlar yuz berdi. Bu urushlar Britaniya g'alabasi bilan tugadi, oqibatda Ost-Indiya kompaniyasi katta hududlarni egallab oldi.
Mustamlakachilar hududni ayovsiz talay boshladilar, bu ham yetmaganday, iqtisodiy hayotga faol aralasha ketdilar. Aynan hudud hayotiga noto'g'ri aralashish va no'noq siyosat dahshatli ochlikni keltirib chiqargan asosiy sabablardan bo'ldi.
Ijara solig'i taxminan ikki baravar oshirildi. O'sha davr zamondoshining guvohlik berganidek: “Ular dehqonlardan hamma narsani oxirigacha tortib oldilar. Soliq yig'ishda qiynoqlar (masalan, qamchilash), jumladan, o'lim qo'llanilgan, ularning qurbonlari hatto bolalar edi”.
Mahalliy savdogarlarga tashqi savdo bilan shug'ullanish taqiqlab qo'yildi. Inglizlar Bengaliya ichidagi savdoning eng muhim tarmoqlarini monopoliyaga oldilar. Yuz minglab bengal hunarmandlari majburiy ravishda kompaniyaning savdo nuqtalariga biriktirilgan, ular o'z mahsulotlarini minimal narxlarda, ko'pincha ularga hech qanday haq olmasdan yetkazib berishga majbur bo'lishgan.
Bozorlar, don omborlari butunlay vayron qilingan. Sholi ekiladigan katta hududlarga tamaki va boshqa ekinlar ekib yuborildi.
Ost-Indiya amaldorlari esa foyda ilinjida tuz, opiy va tamaki monopol savdosi jamiyatini tuzdilar. Zamindorlar va to'g'ridan-to'g'ri ishlab chiqaruvchilar bu jamiyatga tovarlarni majburiy arzon narxda topshirishlari shart edi. Bu hind yer egalarining ham, dehqonlar va hunarmandlarning ham halokatiga olib keldi, ammo kompaniya keskin boyib ketdi.
Buning ustiga 1768-69 yillarda qurg'oqchilik yuz berdi. Bosqin va tabiiy ofat bir bo'lib, Bengaliya aholisining ustiga ochlik balosi yog'ildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, ochlikdan hozirgi Hindistonning G'arbiy Bengaliya shtati hududi va Bangladesh katta zarar ko'rgan. Garchi 1770 yilda qurg'oqchilik chekingan bo'lsada, bu ochlikka ta'sir ko'rsata olmadi. Hatto 1780-90 yillarda ham millionlab odamlar uning qurboni bo'ldi.
Katta hududlar jungliga aylandi
Ochlik natijasida ko'pgina aholi punktlari kimsasiz hududlarga aylandi, ekin maydonlari yana changalzor holiga kelib qoldi.
Hind iqtisodchisi, Nobel mukofoti sohibi Amartiya Sen ushbu ocharchilikka sun'iy vujudga keltirilgan voqelik deya ta'rif beradi. Uning aytishicha, nafaqat Bengaliya, balki Hindiston hududi mazkur yillargacha o'z tarixida bunchalik katta ochlikka duch kelmagan.
Ochlik yaqin tarixda ham kuzatilgan
Baxtga qarshi, 1769-1773 yillardagi falokat yagona bo'lib qolmadi. Ikkinchi jahon urushi shiddat bilan davom etayotgan 1943 yilda, Buyuk Britaniya imperiyasi hukmi ostidagi Bengaliyada yana ocharchilik boshlandi.
Ushbu hodisa oqibatida kamida 800 ming kishidan 3,8 million kishigacha odam halok bo'lgani aytiladi. Ocharchilikka oziq-ovqat mahsulotlariga talabning keskin oshishi va 1942 yilda kuzatilgan kuchli tsiklon ta'sir qildi. Noqulay ob-havo guruch yetishtiriladigan katta hududlarni vayron qildi. Ko'chalar ochlik qurbonlarining murdalariga to'lib ketdi.
Shuningdek, mustamlakachi britan hukumatining harakatlari ham falokatni kuchaytirdi. Aholi ocharchilikdan aziyat chekib turganda, inglizlar 80 ming tonnadan oshiq donni hududdan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari Yaponiya bosqini ro'kach qilinib, aholidan odam tashuvchi qayiqlar tortib olindi. (Inglizlar yaponlarga qarshi “yondirilgan yer” taktikasini qo'llaganlar). Natijada baliqchilar dengizda ov qilish imkoniyatidan mahrum bo'ldilar.
O'sha paytda qudratda bo'lgan Сherchill hukumati ham Bengaliyani qutqarishga qiziqish bildirmadi. Сhunki Ikkinchi jahon urushi shiddat bilan borar, ko'pchilikning e'tibori Yevropadagi frontlarga qaratilgan edi.
Nihoyat, 1947 yilga kelib Hindiston mustamlakachilik zulmidan ozod bo'ldi. Hozirda Bengaliya hududi ikkiga bo'lingan bo'lib, G'arbiy hudud Hindiston shtati sanaladi. Sharqiy Bengaliyada esa Bangladesh davlati tashkil topgan.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0