“Sug'ur kuni”: g'aroyib udum va uni dunyoga tanitgan film
Amerikalik kinoijodkorlar ishlagan “Sug'ur kuni” filmi o'zbek tomoshabinlariga yaxshigina tanish. Fil'mning yumori va qiziq syujeti tomoshabinni o'ziga rom etadi. Yillar davomida qayta-qayta ko'rilsada, zeriktirmaydigan fil'm. Film qahramonining doim bir kunga tushib qolaverishi va bir xil hodisalarni boshidan kechirishi, umuman qiziqarli g'oya uning asosini tashkil qiladi. Ammo ushbu kartinaning “xamirturushi” bo'lgan “Sug'ur kuni” an'anasi haqida ko'pchilik bilmaydi.Filmda u bir qadar qisqa sharhlangan. Xullas, “Sug'ur kuni” bu faqat film emas.
Shimoliy Amerikada (xususan AQSh va Kanada) shunday udum bor: ramziy nomi “Sug'ur kuni” bo'lgan bu an'ana har yili 2 fevral sanasida nishonlanadi. Shu kuni mahalliy aholi inidan chiquvchi sug'urning harakatlarini kuzatadilar. Agar havo bulutli bo'lsa, kemiruvchi o'z soyasini ko'rmaydi va uyasini bemalol tark etadi. Bundan holatda bahor erta keladi, deya ishoniladi. Aksincha, kun quyoshli bo'lib, sug'ur iniga qaytib kirib ketsa, yashil faslning kelishi yana olti haftacha cho'ziladi, degan farazga borishadi.
Eng qizig'i, ushbu marosim katta festivalga aylanib ketadi va uni kuzatish uchun minglab turistlar tashrif buyurishadi.
“Sug'ur kuni”ning ildizlari G'arbiy Yevropaga borib taqaladi. Qadimda, Germaniya shimolidagi xalqlar tipratikan, bo'rsiq yoki ayiqning uyg'onishi va inidan chiqishiga qarab, yilning kelishi haqida prognozlar qilishgan. Bu bayram diniy xarakterga ham ega edi. Ayrim manbalarga sug'ur kuniga o'xshash bayramlar xristianlikkacha ham bo'lgan deya ma'lum qilinadi. Xususan, tipratikanlar yordamida ob-havoni bilish Qadimgi Rimda bo'lgan. Hozir ham ba'zi xalqlar Ayiq kuni yoki Bo'rsiq kunini kutib oladilar.
Amerikaga ham bu odatni nemislar olib kelishdi. Udumning ilk o'chog'i Pensil'vaniya shtatidagi nemis migrantlari manzillari sanaladi.
Ammo Amerika qit'asiga ko'chib kelgan yevropaliklar bo'rsiq yoki tipratikanni uchratishmagan. Shundan keyin “meteorolog” vazifasini bajarish sug'urning chekiga tushdi.
Nega aynan 2 fevral' sanasi tanlangan degan savol ham bor. Ma'lumki, fevralning boshi qish zahri ketib ulgurmagan, ammo bahorga ham oz vaqt qolgan muddat sanaladi. Qadimda tirikchilikning asosi bo'lgan dehqonchilik va chorvachilikni yuritish uchun ob-havoni hisobga olish zarurati kuchli bo'lgan. Aynan sug'ur kunining tashabbuskorlari qish betalofat va sog'-omon chiqishni umid qilgan dehqon va chorvadorlar edi.
Zamonaviy “Sug'ur kuni”ning vujudga kelishi esa 1886-yilga borib taqaladi. Shu yili Pensil'vaniyada mahalliy gazeta muharriri Klaymer Fris 2-fevralni sug'ur kuni deb e'lon qilgan bitik chop etdi. Bir yil o'tgach, o'zini “Panksatoni sug'ur klubi” deya atagan mahalliy ishbilarmonlar va ovchilar guruhi Gobler-Nob deb nomlangan tepalikka borishdi. U yerda sug'ur inidan chiqdi va soyasini ko'rib, orqaga yugurdi va shu bilan yana olti hafta qish bo'lishini bashorat qildi.
O'shandan beri bayram har yili an'anaga aylangan. Butun dunyodagi odamlar hayvonning uyg'onishini kutmoqdalar va kun bulutli bo'lishiga umid qilishmoqda va shunda kemiruvchi o'z soyasini ko'rmasdan, qat'iyat bilan sayrga chiqadi.
Bugungi kunda Panksatoni shahridagi yillik bayramlar “Qadrdon davra” tashkiloti a'zolarining ko'magi tufayli o'tkazilmoqda. Ular rasmiy kostyumlar va shlyapalar kiyib, Gobler Nob tepaligida rasmiy uchrashuvlar o'tkazadilar, bu yerda Fil Panksatoni deya nomlangan mashhur sug'ur marosim qahramoniga aylanadi.
Garchi bu Qo'shma Shtatlar va Kanadada o'tkaziladigan ko'plab “Sug'ur kuni” marosimlaridan biri bo'lsa-da, Panksatonidagi tadbir eng mashhuri hisoblanadi. Xususan, AQSh Kongress kutubxonasi Panksatonida suratgan olingan “Sug'ur kuni” fil'mini 2015-yilda Milliy kino reestriga kiritilgan.
Shu o'rinda savol tug'iladi: “Sug'ur kuni” shunchalik o'ylab topilgan mantiqsiz tomoshami yoki unda zig'ircha bo'lsada, haqiqat bormi?
Garchi 135 yildan beri nishonlanib kelayotgan bo'lsada, aksariyat hollarda sug'urning hatti-harakati ob-havoga mos kelmaydi. Jumladan, AQSh Milliy iqlim ma'lumotlari markazi va Kanada meteorologiya xizmati tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, 2011-yildan 2020-yilgacha mashhur sug'ur Fil Panksatoni prognozlarining faqat 50 foizi to'g'ri chiqqan.
Bayram dunyoga qanday mashhur bo'ldi?
Shubhasiz, 1993-yilda ekranlarga chiqqan, yoshligimizdan tomosha qilib kelganimiz “Sug'ur kuni” filmi sabab. Ushbu fil'mda bosh qahramon bir kunni qayta-qayta yashaydi. U dunyoda cheksiz takrorlanishni biladigan yagona odamdir va qo'rquv, chalkashlik, isyon va umidsizlik hujumlarini boshdan kechirib, u o'z tabiatiga xos bo'lmagan narsani qilishni boshlaydi - boshqacha yashashni o'rganadi. Bundan kelib chiqadiki, fil'mda faqat yumor va sarguzasht emas, falsafiylik ham bor.
Mashhur aktyor Bill Myurrey film bosh qahramoni Fil Konnors melanxolik, pessimist va o'zini boshqalardan aqlli hisoblaydigan inson. U o'zini, o'z kasbini, hamkasb do'stlarini, hatto butun insoniyatni yoqtirmaydi. Uning bir vaqtga qayta-qayta sayohat qilishi ajoyib metaforadir. Bu har doim imkoniyat berilsada, qayta-qayta bir xil xatoni takrorlaydigan insoniyat taqdiriga ishora qiladi.
Sohibjamol Endi Makdauell ham qatnashgan filmning muvaffaqiyati sabab tilimizda “Sug'ur kuni” (“Den' surka”) degan atama paydo bo'ldi. Bu aynan bayramni emas, zerikarli muammolarga to'la, bir xil o'tuvchi, o'xshash muammo va maishiy tashvishlardan iborat kunlarni ifodalovchi tushunchaga aylandi.
Darvoqe, bugun 2-fevral, ya'ni Sug'ur kuni. Shunday ekan, hayotingizni “Sug'ur kuni”ga aylantirmang va katta o'zgarishlar uchun harakatni boshlang.
Abror Zohidov
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0