Shumaxer – shon-shuhrat, muvaffaqiyat va ayanchli fojiaga yo'g'rilgan hayot
Mixail Shumaxer jamoatchilik ko'z o'ngidan deyarli g'oyib bo'lganiga o'n yil to'lgan bo'lsa-da, uning familiyasi butun dunyoda, jumladan o'zbekistonliklar orasida haligacha mashhur. Mahoratli poygachi ixlosmandlar qalbidan shunchalik joy egallaganki, qaerda katta tezlikda ketayotgan uchar haydovchilarni ko'rishsa, Shumaxer nomi yodga kelaveradi. Hatto uni biror marta ko'rmagan, poygalarini kuzatmagan hozirgi avlod ham avtomobilni uchirib ketganlarga qarata: “Shumaxer ekanku” deb qo'yishni odat qilishgan.
Baxtsiz hodisa tufayli nogiron bo'lib qolgan, hatto uzoq vaqt komada yotgan sportchi hali-hanuz insonlar uchun tezlik, chaqqonlik timsoli sanaladi.
Rekordchi Shumaxer
Shumaxer familiyasining mashhurligi, albatta Mixailning poygada erishgan ulkan yutuqlari bilan bog'liq. Bu yil 54 yoshini qarshi olgan sportchi o'tgan asr oxirida “Formula-1”ni tom ma'noda “yondirgan”. Shumaxer ushbu musobaqada naq yetti marta g'olib chiqqan va ketma-ket besh marta chempion bo'lib rekord natija qayd etgan. Shuningdek, u qisqa masofalar va ikkinchi o'rin g'olibligini eng ko'p qo'lga kiritgan sportchi sifatida ham rekordchi sanaladi.
Faoliyat
Mixail go'dakligidayoq poyga olamiga kirib keldi, uning otasi Rudolf sohaga aloqador inson edi. U to'rt yasharligidayoq karting (poyga mashinalari haydash) bilan shug'ullana boshlagan va hatto bir bor temir ustunga urilgan. Biroq to'qnashuv yosh Shumaxerda qo'rquv uyg'otmadi va ortga qaytishiga sabab bo'lmadi.
Ammo yosh cheklovi tufayli bolakay Shumaxer ancha vaqtgacha o'zini ko'rsatishning ilojini topolmadi. Hatto yosh iste'dod avtomexanik yordamchisi sifatida ham ishlab yurdi. Oxir-oqibat uning noyob iste'dodidan boxabar bo'lgan menejer Villi Veber uning “Formula-3”ga qatnashishi va keyin Mercedez jamoasi bilan shartnoma imzolashiga ko'maklashdi.
Bu musobaqada Shumaxer 1989 yilda uchinchi o'rinni egalladi. Bir yil o'tib esa Makao gran-prisida zafar quchdi. 1990 yilda u “Formula-3” bo'yicha Germaniya chempionligini qo'lga kiritdi va 1992 yilda Benetton jamoasi safiga kirib, Belgiyaning Spa shahridagi “Formula-1” poygasida eng qiyin trassalardan birida uchinchi bo'ldi. 1994 yilda esa ilk chempionlik qo'lga kiritildi.
Ayovsiz haydash uslubi va trassadan tashqarida o'ta kamgapligiga qaramay, Shumaxer tezda ko'plab muxlislarni o'ziga jalb eta oldi. "Formula 1" saytida yozilishicha, u nafaqat qobiliyatli, balki poygachi o'z dunyoqarashi va mentalitetiga ham ega bo'lgan, bu esa unga ikki soniyada qarorlar qabul qilishga yordam bergan.
Shumaxer o'zgaruvchan sharoitlarga qanday moslashishni va mashinani tezlikda harakatlanayotganda oldindan o'ylashni bilardi. U ajoyib jismoniy holatda bo'lgan va buni uzoq vaqt davomida barqaror saqlab qola oldi. “Hech bir Ferrari haydovchisi jamoa bilan Shumaxerchalik qattiq mehnat qilmagan”, — deyiladi “Formula-1" xotiralarida.
Yulduzli onlar
Shumaxer faoliyatining cho'qqisi “Ferrari” safidagi natijalar sanaladi. 1995 yilda jamoa bilan shartnoma imzolagan sportchi dastlab biroz kamtarona natijalar qayd etdi. Italiya, Avstriya va Ispaniyada gran-prilarida zafar qozondi va shaxsiy hisobda uchinchi o'rinni egalladi.
2000 yilda Shumaxer Yaponiya gran-prisida g'alaba qozondi va “Ferrari”ga 21 yil kutilgan natijani olib keldi. 2001-2004 yillar ham nemis sportchisiga omad keldi, u chempionlik bo'yicha mutlaq rekord o'rnatdi. Shu yillarda uni to'xtatib bo'lmadi. Ammo 2005 yil Shumaxer va “Ferrari” uchun omadsiz keldi, yetakchilikni “Reno” jamoasi ilib ketdi.
Faoliyatidagi muvaffaqiyatsizliklar boshlangach, 2006 yilda Shumaxer poygadan ketishini e'lon qildi. Lekin 2009 yilda u qaytishga qaror qildi. Afsuski, Shumaxerning yulduzlik onlari va ajoyib natijalari nihoyasiga yetgandi. Faqatgina 2012 yildagi Yevropa gran-prisida Shumaxer uchinchi o'rinni egallab, podiumga ko'tarilishga muvaffaq bo'ldi, xolos. Sportga qaytishi “yopishmagani”ni ko'rgan sportchi butunlay ketishga qaror qildi.
Tog'dagi fojia
2013 yil dekabrida dunyo nigohi yana Shumaxerga qaratildi: afsuski bu xayrli voqea sabab emasdi. Frantsuz Alp tog'laridagi Meribel kurortida sportchi chang'i uchayotib katta baxtsizlikka uchradi. Shumaxer boshi bilan qoyaga borib urilgan, shlemi qoq ikkiga bo'linib ketgan. Bemor yarim yil komada yotdi, undan keyin ham sobiq poygachining ahvoli jamoatchilik uchun juda sirli bo'lib qoldi. Endi muxlislar uning ahvoli haqida OAVda chiqadigan paydar-pay ma'lumotlar orqali bilib olardi. Jumladan, 2016 yilda Shumaxerning sog'lig'i uchun 16 million yevrodan oshiq mablag' sarflangani, oila uning xususiy samolyoti va Norvegiyadagi uyini sotishga majbur bo'lgani haqida ma'lumotlar paydo bo'ldi.
2018-2020 yillarda Shumaxer ancha o'ziga kelib qolgani va tuzalayotgani haqida ma'lumot berildi. Biroq 2021 yil Neftlix platformasida chiqqan suhbatda Shumaxerning ayoli va o'g'li uning mustaqil harakat qila olmasligi va atrofdagilar bilan muloqot qilishida muammolar borligini tasdiqlashdi.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Shumaxerning sportdagi faoliyati izsiz ketgan emas. Uning o'g'li Mik Shumaxer ham ota yo'lidan ketdi. Garchi sportda unchalik porlamagan bo'lsada, Mik 2021-2022 yillarda Haas jamoasi safida “Formula-1” musobaqalarida qatnashdi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0