Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 820.475.69

  • EUR

    13 470.4727.77

  • RUB

    122.26-1.24

+13C

+13C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+13c

  • Hozir

    +13 C

  • 20:00

    +10 C

  • 21:00

    +7 C

  • 22:00

    +7 C

  • 23:00

    +6 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Chorshanba, 27-November

+13C

  • Hozir

    +13 C

  • 20:00

    +10 C

  • 21:00

    +7 C

  • 22:00

    +7 C

  • 23:00

    +6 C

  • Chorshanba, 27

    +13 +20

  • Payshanba, 28

    +14 +20

  • Juma, 29

    +9 +20

  • Shanba, 30

    +8 +20

  • Yakshanba, 01

    +6 +20

  • Dushanba, 02

    +5 +20

  • Seshanba, 03

    +4 +20

  • Chorshanba, 04

    null +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

Turkistonlik legionerlar qismati

Mustaqillikdan oldin yaratilgan tarix darsliklarida, ilmiy- tadqiqot markazlari nashrlarida, ommaviy axborot vositalarida Turkiston legioni mutlaqo yodga olinmagan. Сhunki bu haqda yozish kommunistik partiya mafkurasi va sovet siyosatiga to'g'ri kelmas edi.
Kolumnistlar
804 13:27 | 02.10.2023 13:27



Keyinchalik esa legion haqida elas-elas gap-so'zlar eshitila boshlandi. Biz O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Faxriylar kengashi a'zosi, iste'fodagi polkovnik, tarixchi Xudoyberdi Sohibov bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdik.





– Ustoz, marhamat, so'z sizga!


– To'g'ri ta'kidladingiz, mustabid zamonda bu mavzu «yopiq» edi. Turkiston legioni to'g'risida yozish tugul hatto davralarda gapirishga ham jur'at yetishmasdi. Aniqrog'i, bunga izn yo'q edi. Holbuki, aslida Turkiston legioni Ikkinchi jahon urushi davrining ajralmas tarkibiy bir qismi, qolaversa, uning hosilasi edi. Binobarin, legionni tashkil etish ishlari 1941 yil oxirida boshlanadi. Keyingi yil bahorida u to'liq shakllanib, faoliyat yuritishga kirishadi.


Tarixiy manbalarga ko'ra, urushning dastlabki yillarida g'arbiy jabhada ikki million turkistonlik askar xizmat qilgan. Ularning yarmidan ortig'i o'sha kezlar asir tushgan. Ha, aytgancha, turkistonliklar deganda bugungi Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari tushuniladi. Tashkilot nomi qadimgi hududimiz nomidan olingan. U paytlar mintaqa xalqlari millatlarga ajratilmas, barchasi o'zini turkistonlik hisoblar va bundan faxrlanardi. Hatto, legion bayrog'i ham Turkiston muxtoriyati zamoniga mos bo'lgan.


– Urushning ilk yillari mintaqamizning ko'plab vakillari nima sababdan jang maydonida paydo bo'lgani haqida to'xtalsangiz.


– Avvalo, shuni qayd etish joizki, Ikkinchi jahon urushi boshlangan kun, ya'ni nemislar Pol'shaga hujum qilgan 1939 yilning 1 sentyabrida Sovet Ittifoqida umumiy majburiy harbiy xizmat joriy qilinadi. Ungacha turkis­tonliklarga ishonch bildirilmagan va ular harb ishlariga jalb etilmaganlar. O'sha yili 30 noyabrda boshlangan Sovet Ittifoqi va Finlyandiya savashida ular ilk bor jangga tashlanganlar. Kelgusi bahorda bu qirg'in tugagach, vatanlariga qaytarilmay, «qizil askarlar» safida Ukraina va Pol'shada xizmatni davom ettirish uchun yuborilganlar.


Fashistlar Germaniyasi 1941 yil iyunida sobiq Ittifoqqa qarshi urush boshlashi bilanoq askarlar G'arbiy jabhaga jalb etilgan. Janglarning ilk kunlaridanoq ittifoq respublikalari, jumladan, O'rta Osiyo va Qozog'istonning norg'ul yigitlari frontga safarbar qilingan. Albatta, ular puxta jangovar tayyorgarlikdan o'tganlar va yaxshi qurollanganlar safida bo'lishmagan.


Turkiya manbalarida 1941-1943 yillarda 4 million 487 ming 775 nafar turkistonlik urushga olingani aytiladi. Boshqa ma'lumotnomalarda bundan ko'proq raqam keltiriladi. Sirasini aytganda, ilk urush voqealari sinchiklab o'rganilsa, yanada qiziq dalil-raqamlar yuzaga qalqib chiqadi. Men esa faqat mavzuimizga daxldorlariga to'xtalaman.


Urushda qatnashgan yigitlarimizning aksariyati rus tilini bilishmagan, bilganlari ham «moya-tvoya»dan nariga o'tmagan. Boz ustiga, ruslar o'rta osiyoliklarga unchalik ishonishmagan. Shu bois urushning dastlabki oylari ularning qo'llariga yog'och miltiqlar berib qo'yishgani, harbiy anjomlar bilan haminqadar ta'minlashgani to'g'risida ham ma'lumotlar bor. Shunga qaramay, ular old frontga tashlangan. Tasavvur qiling: orqangizda rus zobiti, qarshingizda nemis fashistlari. Ularning ikkisidan ham qochib qutula olmaysiz. Yo hayot, yo mamot! Turkistonlik askarlar urush boshida nima uchun nemislarga asir tushganlarining asl sababini shundan bilib olsa bo'ladi. Nemis xalqi esa hisob-kitobni juda to'g'ri oladi. O'sha paytda ham kelajakka qaragan, strategik reja tuzib, turkistonliklardan samarali foydalanishni ko'zlagan.


– Anglashimcha, asirlarni bir joyga to'plash, ularning boshini qovushtirish uchun Turkiston legioni tashkil etilgan ekan-da.


– Xuddi shunday! Urushning ilk oylari o'zbek, qozoq, qirg'iz, turkman, tojik va qoraqalpoq asirlari Varshavadan 18 kilometr uzoqlikdagi Legionovo degan joyda, so'ngra Germaniyaning Noigamburg va Myunzengen, Ukrainaning Rovno shaharlaridagi lagerlarga joylashtirilgan. Keyingi yillarda bunday kamplar Yevropaning boshqa shaharlarida ham ko'plab ochilgan.


72 kun yashagan Turkiston muxtoriyatining avval tashqi ishlar vaziri bo'lgan, keyin uni boshqargan Mustafo Сho'qay va o'tgan asrning 20-yillarida Germaniyaga o'qishga borib, u yerda qolib ketgan Vali Qayumxon bu ishga bosh bo'ladilar. Lagerlarga borib, mahbuslar bilan suhbatlashadilar. Turkiston batal'onini tuzib, ota-bobolarimizdan meros hududlarni qaytarib olish niyatida ekanliklarini ochiq aytadilar. Eng muhimi, ular harbiy asirlar jonini saqlab qolmoqchi bo'lishadi. Bu ish har holda samara beradi.


Biroq ayni yo'nalishdagi sa'y-harakatlar avj ola boshlaganda 1941 yil 27 dekabrda lagerma-lager' yurib, kasallik yuqtirib olgan Mustafo Сho'qay Berlinda vafot etadi. 1942 yil boshida Vali Qayumxonning bevosita intilishlari va Vermaxtning qo'llab-quvvatlashi bilan Turkiston milliy legioni tuziladi. Unga Vali Qayumxonning o'zi rahbar bo'ladi. Lekin legionning barcha lager' va batal'onlarini nemislar boshqargan. Ayrim rota va vzvodlarga legionerlar rahbar qilib tayinlangan esa-da, o'rinbosarlari nemis bo'lgan.


Mart oyida 1000-1200 kishilik jangovar batal'onlar tuzilib, asosan zavod-fabrikalar va strategik inshootlarni qo'riqlashga jalb etilgan. Shuningdek, ular Italiya, Yugoslaviya va Frantsiyadagi partizan urushlarida qatnashganlar.


– Iltimos, iloji bo'lsa, shu o'rinda nemislar legionlar tashkil etishga nega osongina ko'nishganiga aniqlik kiritib o'ting...


– Buning javobi juda oddiy. Fashistlar Sovet Ittifoqiga bostirib kirishidan yigirma yillar avval «qizillar»ning o'zlari o'ylab topgan «bosmachilar»ga qarshi kurashi hali xotiradan ko'tarilmagan, 30-yillardagi kollektivlashtirish balosi avj olgan, millatlarning asl ziyolilari qatag'onga uchragan, diniy va milliy kamsitishlar og'ir asoratlar qoldirgan edi. Qolaversa, bugungi mintaqamiz mamlakatlariga hurlik berish, Germaniya protektoratida himoyasi ostida Katta Turkiston davlati tuzish va'dalari amalga oshadigandek qabul qilingan.


Aslida fashistlarning uchinchi front ochish, ya'ni O'rta Osiyoga Afg'oniston orqali kirish va u yerda markaziy hokimiyatga bog'liq butafor – qo'g'irchoq hukumat tuzish niyati bo'lgani tarixiy hujjatlarda o'z ifodasini topgan. Ammo bu reja sovet qo'shinlarining Eronda ko'rsatgan faolligi natijasida barbod bo'lgan.


– Demak, turkistonlik legionerlar haqiqiy janglarda qatnashmagan bo'lib chiqadimi?


– To'g'rirog'i, hammasi emas, bir qismi urushga kirgan, xolos. Aslida ular bu ters jangga ruhan tayyor bo'lishgan. Fashistlarning «Ikkinchi jahon urushida g'olib chiqsak, Turkistonni sizlarga qaytarib beramiz», degan va'dalariga ishonishgani tufayli ularning safida bo'lib, Turkiston ozodligi uchun kurashishga shay turishgan.


Aksariyat yigitlarimiz Germaniyaning front ortida, turli yordamchi bo'linmalarda xizmat burchini o'tashadi. Artelleriya omborlarini qo'riqlashda, temir yo'llar qurishda, ularning ta'minoti va sapyorlik ishlarida faoliyat yuritishadi. Urush davrida jami 202 ta yordamchi bo'linma bo'lgan bo'lsa, ularning 111 tasida turkistonliklar mehnat qiladi. Lekin urush natijasi ko'rinib qolgan keyingi bir-bir yarim yil ichida legionerlarimizning ham qarashlari o'zgaradi va yoppasiga partizanlar tomoniga o'ta boshlashadi.


Misollarga murojaat qilsak, fashistlarga asir tushgan andijonlik G'ulom Aliev 1942-1944 yillarda legionda xizmat qiladi. G'alabaga to'rt kun qolganda, ya'ni 5 mayda sovetlar tomonidan qo'lga olinadi. Arxiv hujjatlariga ko'ra, tergov jarayonida u quyidagilarni bayon etadi: «1944 yil 25 dekabrda – Yangi yil arafasida do'stim Isoqjon Narziqul bilan nemislarni uyga taklif qilib, ziyofat beramiz, rosa «vodka»lar ichkazib, mast qilamiz. Keyin esa... ularni qo'shinga tizamiz. Isoqjon bilan nemislardan foyda yo'qligini anglab, shu yo'lni tanlagandik. ­Keyin slovaklarga, polkovnik Bol'shinski boshchiligidagi partizanlar otryadiga qo'shilib, fashistlarga qarshi kurash olib borganmiz». Bu nemislarga nafratni, partizanlarga qo'shilganlikni anglatadigan muhim dalildir.


– Milliy Turkiston birligi qo'mitasi to'g'risida qanday fikrdasiz?


– U 1942 yilning avgust oyida tashkil qilinadi va Vali Qayumxon rahbar etib tayinlanadi. Zamonaviy tilda aytganda, bu tashkilot mafkura bilan shug'ullanib, legionning siyosatini belgilab bergan. Qo'mitaning 15 ta bo'limi bo'lib, ularda mintaqamizning mahbusga aylangunga qadar taniqli bo'lgan ziyolilari, olimlari va ijodkorlari ishlashgan. Masalan, 25-30 kishidan iborat Milliy tashviqot bo'limi askarlar orasida siyosiy mavzularda suhbatlar o'tkazgan. Salomatlik bo'limi doktorlari va fidokorlari yaralangan askarlar va nogironlar dardiga malham bo'lishgan. Ijtimoiy bo'lim zimmasiga nogironlarga va adolatsizlik qurboni bo'lganlarga yordam berish choralarini ko'rish vazifalari yuklangan.


Ta'sis etilgan «Milliy Turkiston» jurnalining ilk soni «Bizning yo'l» shiori ostida o'sha yil 15 avgustda nashrdan chiqqan. «Yangi Turkiston» haftalik gazetasi esa 1943 yildan chop etilgan. Urush oxirigacha adadi 15 mingdan 80 ming nusxaga yetgan. 1945 yil aprelida so'nggi soni bosilgan.


Yana bir tashkilot – Turkiston milliy yozuvchilar birligi atrofiga tutqunlikdagi shoir va yozuvchilar jamlanadilar. Ular milliy va adabiy mavzularda asarlar yozib, chop ettiradilar. Сhunonchi, Fitratning besh pardali «Hind inqilobchilari» p'esasi lotin grafikasida 1944 yilda bosiladi. Unga so'zboshi yozgan Ahmadjon Umarxon o'g'li Turkiston xalqlari uzoq yillardan buyon rus imperializmi qo'li ostida ezilib kelganini, mustaqillikka erishish uchun bir necha marta tarixiy kurashlar olib borilganini uqtirib o'tadi.


Urush davomida «Manas» dostonining bir qismi, Abay va Maxtumqulining she'riy to'plamlari alohida kitob shaklida nashr etiladi. Shuningdek, 30-yillarda qatag'onga uchragan turkistonlik shoir va yozuvchilarning asarlari ham Berlinda dunyo yuzini ko'radi.


– Ancha jiddiy-ku bu faoliyatlar...


– Andak shoshmang, hali hammasini aytib ulgurmadim. Har bir zobit va askar maxsus kiyimga ega edi. Uning o'ng yengida «Turkiston, Alloh biz bilan!» degan yozuv bo'lgan. A'zolikka qabul qilish chog'i nomzod qo'llarini Qur'oni karim va ikki qilich ustiga qo'yib qasam ichgan. Bu marosimda, albatta, Turkiston bayrog'i bo'y ko'rsatib turgan.


Esingizda bo'lsa, rejissyor Ravil' Botirovning 1966 yili ekranlarga chiqqan «26-si otilmasin!» fil'mida Turkiston legioniga oid lavhalar aks etgan. Unda «legionchilar» jamoa bo'lib namoz o'qigan epizod ham bor. Sovetlar zamonida bu lavha fil'mdan atayin yo bilmay kesib tashlanmagan. Legionda namoz o'qishga ruxsat berilganini, diniy erkinlikka xuruj bo'lmaganini sovet fil'mi ham tasdiqlaydi. Uni tomosha qilgan millionlab kishilar legion qahramoni faoliyatini qo'llab-quvvatlaydi.


Sobiq asir Husan Ikromning xotirlashicha, Milliy Turkiston birlik qo'mitasi Qur'oni karimni ixcham hajmda tayyorlatib, barcha askarlarga tarqatgan. Hayit bayramlari keng nishonlangan, hatto Qurbon hayitda qo'ylar so'yilib, ehsonlar qilingan. (Diniy e'tiqodga ruxsat bo'lgani yana tasdiqlanadi).


1944 yil iyun' oyida Venada Milliy Turkiston birligi qo'mitasining 70 kishilik Milliy parlamenti tuziladi. Unga har millatdan ikki nafar vakil a'zo bo'lib kiradi. Tashkiliy yig'ilishda mingdan ortiq kishi qatnashadi. Milliy parlament xorijda milliy hukumat o'laroq qabul qilinadi.


Men tilga olayotgan bu voqealarning aksariyati arxiv hujjatlariga asoslangan. Ular orasida ayrim shaxslarga va legion qoshida tuzilgan batal'onlarga taalluqli ma'lumotlarni ham ko'rganman. Qo'shinlarning barchasi nemislarning maxsus xizmatlari yordamida tuzilgan. Dastlab «Sharqiy batal'onlar» paydo bo'lgan. 1943 yili esa tatarlar, boshqirdlar va ozarbayjonlardan iborat «Temur nomidagi Turkiston batal'oni» shakllangan. U Frantsiyada Angliya – Amerika qo'shinlariga, belarus' partizanlariga qarshi kurashgan. Ko'p yo'qotishlardan so'ng Litsmanshtat shahriga qaytarilgan.


Ayrim polklar Belorussiyada «qizillar»ga qarshi kurashgan, boshqalari 1944 yilda Сhexoslovakiyaga, Italiyaning Verona-Paduya rayoniga joylashtirilgan. 180-200 kishilik «SS» alohida dala rotasi razvedka maktabi kursantlaridan iborat edi. Shubhasiz, ular orasida turkistonliklar ham bo'lgan.


[caption id="attachment_16386" align="aligncenter" width="820"] Turkiston legioni askari formasi va belgilari[/caption]


– Turkiston legioni to'g'risida Vali Qayumxon va Ro'zi Nazarlar ham o'z fikrlarini bildirishgan bo'lsa kerak?


– Bu legion haqida gap ochilganda, avvalo, Mustafo Сho'qay va Vali Qayumxon eslanadi. 1918 yili Turkistondan quvilgan Сho'qay mintaqa ozodligi uchun kurashni so'nggi nafasigacha to'xtatmagan. Urush boshlanganda Parijda istiqomat qilardi. Turkistonliklarning asir tushishi unga tinchlik bermasdi. O'tgan asrning 20-yillarida Germaniyaga o'qishga ketgan Vali Qayumxon esa sho'rolar tazyiqidan cho'chib, o'sha mamlakatda qolib ketadi, oliy ma'lumotli bo'lib, jamiyatda o'z o'rnini topadi.


Ikkovlon kontslagerlarda qolayotgan turkistonliklar holidan xabar olib, ularga ko'maklashishga bel bog'laydi. Fashistlar bunday hamkorlikka xayrixohlik bildirishadi. Suhbatlar asnosi turkistonliklardan iborat batal'on tuzilishi va u sovetlarga qarshi kurashga kirishishi mumkinligi aytiladi. Nemis fashistlari sovetlar ustidan osongina g'alaba qozonishdan umidvor bo'lishgani bois avvaliga bu taklifni rad etishadi.


Qandayligidan qat'i nazar, Mustafo Сho'qay va Vali Qayumxonning maqsadi ota-bobolari hududlarini qaytarib olish edi. Vali Qayumxon «Bi-Bi-Si» va «Ozodlik» radiolaridagi suhbatlarida «Asirga tushgan yoshlar Yevropa, qolaversa, fashistlar ta'siriga tushib qolmasligi uchun o'z mafkuramizni shakllantirishga majbur bo'lganmiz», degan fikr bildiradi.


Amerikada yashayotgan 92 yoshli sobiq harbiy asir Ro'zi Nazar 2009 yil 7 mart kuni «Bi-Bi-Si» muxbiri bilan muloqot chog'i «Turkiston ozodligi uchun biz legionerlar hatto shayton bilan ham hamkorlik qilishga tayyor edik», deydi. U sovetlarning Afg'onistondagi interventsiyasi davrida mujohidlar qo'liga asir tushgan bir necha o'zbek yigitini qutqargan. Mustaqillikning dastlabki yillarida O'zbekistonga kelib turgan.


– Turkiston legioni tashkil etilgach, general Vlasov tutqunlar va qochoqlardan iborat armiya tuzadi. Fashistlar esa ikki legionning qo'shilishiga monelik bildirishmaydi. Shunday emasmi?


– Nemislarning bir necha oyda SSSRni bosib olish bo'yicha «Barbarossa» rejasi barbod bo'lgach, asirlar orasidan bol'sheviklarga qarshi kurashni boshqaradigan «nomzod» qidira boshlashadi, ta'bir joiz bo'lsa, sopini o'zidan chiqarmoqchi bo'lishadi.


Qarangki, 1942 yilning yozida fashistlar qurshovida qolgan sovet armiyasi generali Andrey Vlasov nemislarga taslim bo'ladi va ularning shartiga rozilik bildiradi. Oralarida hatto ikki nafar general bo'lgan bir millionga yaqin askarni to'plab, o'z armiyasini tuzadi. Shu jarayonda Turkiston legionini ham qo'shib olish payida bo'ladi. Murod-maqsadlari butunlay boshqa legionchilar esa bu taklifga ko'nishmaydi. Hatto, 1944 yili turkistonliklarning Milliy parlament yig'ilishida qatnashgan 400 delegat bir ovozdan Vlasov qo'shiniga qo'shilishga qarshi ovoz beradi. Vali Qayumxon esa oktyabr' oyida natsistlar rahbarlaridan biri Gimmlerga yozma murojaat qilib, undan Turkiston legioni rus asirlaridan iborat armiyaga qo'shilishga rozilik bermaslikni so'raydi.


1945 yilning bahorida Vlasovga jang qilish uchun ruxsat beriladi. U 12 mayda Germaniya kapitulyatsiyasidan keyin Amerika okkupatsiya qilgan hududga o'tish chog'ida qo'lga olinadi.


Agar ikkala guruh faoliyati solishtirilsa, Vlasov qo'shini g'irt sotqin bo'lib chiqadi, turkistonchilar esa, garchi fashistlarga xizmat qilgan bo'lsa-da, ularning asl g'oyasini himoya qilishmagan.


– Turkiston legioni taqdiri nima bilan tugadi?


Ittifoqdosh davlatlar – Amerika, Buyuk Britaniya va sobiq SSSR yetakchilari 1945 yil fevralida Yaltada to'planishadi. Butun dunyo tarixida muhim rol' o'ynagan ushbu konferentsiya ishidan va natijalaridan ko'pchilik voqif. Ammo uning katta ahamiyatga ega yana bir qaroridan omma bexabar bo'lsa kerak, deb o'ylayman.


Yig'ilish ishtirokchilari har bir mamlakat urushda asir tushgan o'z vatandoshini qaytarib olishga haqli degan to'xtamga kelishadi. Bu g'arblik asirlar uchun quvonarli voqea edi. Biroq Sovet Ittifoqidan Germaniyaga asir tushganlar uchun o'lim bilan barobar edi.


Oradan ko'p o'tmay, AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiya armiyalari o'z qo'llarida ushlab turgan turkistonlik va boshqa millat tutqunlarini majburan SSSRga qaytara boshlaydi. Germaniyada o'z legionini yaratgan va «qizillar»ga qarshi kurashgan 200 mingdan ortiq turkistonlik va o'zga millat asirlari bu ishga qarshi chiqishadi. Ittifoqdosh davlatlarning zobit va askarlari, ayniqsa, rus zobitlari nemislar safida Qizil armiyaga qarshi kurashgan asirlarni tutib, sovetlarga taslim etadilar. Mahbuslar peshma-pesh vagonlarda sobiq Ittifoqqa jo'natiladi.


– Uzr, «asirlarni tutish» nimaligini tushunmadim...


1943 yil aprelida har biri mustaqil Harbiy dengiz floti, Mudofaa hamda Ichki ishlar komissarliklarining «SMERSh» – «Smert' ­shpionam» («Josuslarga o'lim») kontrrazvedka bo'linmalari tuzilgan. Ular uch yil davomida Vatan sotqinlari, unga xiyonat qilganlar, harbiy qismni tashlab qochganlar ustidan ish olib borgan. Shu tariqa salkam 630 ming «jinoyatchi»ni aniqlab, qamoqqa tashlagan. Mahbuslarning bir qismi yo'lda yoki manzilga yetib borgach, otib o'ldirilgan, qolganlari Sibirga surgun qilingan. Bunday dahshatli fojialardan ogoh topgan boshqa asirlar o'z jonlariga qasd qilishni afzal ko'rishgan.


SMERSh o'z vazifasini bajarish jarayonida ko'p hiyla-nayranglar ishlatadi. Uning qabihliklari sovet kinolariga faxr bilan muhrlanadi. Asirlar «Sizlar ota-onangiz bag'riga qaytasiz, farzandlaringiz bilan diydorlashasiz» qabilidagi aldovlar bilan kemaga chiqariladi. Unga sig'maganlar afsus-nadomat chekib, do'stlariga qo'l siltab qolishadi. Kema esa, ko'zdan g'oyib bo'lar-bo'lmas, portlatib yuboriladi...


Sovetlarning zulmkorligini bilgan ittifoqdoshlar 1945 yil noyabr' oyida asirlarni qaytarmaslik tashabbusi bilan chiqadilar, ammo endi kech bo'lgandi, takror-takror ogohlantirishlarga hech kim quloq solmaydi. Men legionchi Ergash Shermat Buloqboshi Turkiya matbuotiga bergan interv'yularidan birida urushdan keyin tirik qolgan turistonliklarning boshiga og'ir kulfatlar tushgani haqida aytganini o'qiganman.


O'shanda turkistonliklar oldida ikkita yo'l bor edi yo ruslarning qo'liga tushmaslik uchun choralar ko'rish, yoki Qochqinlar bo'yicha boshqarma lagerlariga borib joylashish. Afsuski, har ikki yo'ldagi urinishlar ham natija bermaydi. Yalta konferentsiyasi qarorlari muqaddas hisoblanib, qator davlatlar murojaatlari rad etiladi. Qizil yarim oy jamiyati ham ko'makka tayyorligini bildirsa-da, amalda buning imkoni yo'q edi.


Alqissa, taxminan 70 ming turkistonlik sovetlarga bo'ysindiriladi. Urushdan so'ng 100 minglab turkistonlik Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida yashab qolishadi, bir qismi Turkiyaga, keyinchalik Amerikaga ketadi. Shunday qilib, minglarcha ota-onalar farzandlaridan ayriladi, ayollar tul, farzandlar yetim bo'lib qoladi.


– Turkiston legionidan qochib, Vatanga qaytganlar haqida ma'lumotlar bormi?


– Albatta, bor! Yuqorida eslatganimizdek, ularning ba'zilari majburlab yurtga olib kelingan, ayrimlari o'z ixtiyorlari bilan kindik qoni tomgan joyga qaytgan. Aksariyatining asir tushgani isbotlanmagan, ammo oradan yillar o'tib, turli voqea-hodisalar tufayli boshiga tashvish yog'ilganlari, arzimagan bahonalar bilan hamqishloqlari tuhmatiga uchraganlari ham bo'lgan. Ba'zi kishilar o'zaro kelisholmay qolsa, «Falonchi sotqin bo'lgan, urushda dushman tomonga o'tib, sovetlarga qarshi jang qilgan», degan malomat yog'dirgan. Qarabsizki, ular ustidan tergov olib borilib, uzoq muddatga qamalgan yoki Sibirga surgun qilingan.


1956 yil 17 sentyabrda SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining «1941-1945 yillardagi Ulug' Vatan urushi davrida okkupantlar bilan hamkorlik qilgan sovet fuqarolarini amnistiya qilish to'g'risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sovet armiyasi va flotining Jinoyat kodeksining 193- (jang maydonidan qochish va asirga tushish) va 58-1 «b» (Vatanga xiyonat, dushman tarafga o'tib ketish) moddalari bilan sudlangan barcha harbiy xizmatchilari afv qilinadigan bo'ldi...


– Ikkinchi jahon urushi bilan bog'liq Nyurnberg sudi haqida ham birrov to'xtalsangiz...


U natsistlar Germaniyasining bir necha harbiy jinoyatchilari ustidan o'tkazilgan ilk sud ishidir. Ilgari natsistlar partiyasining s'ezdlari shu yerda chaqirilgani sababli atayin tanlangan Nyurnberg shahrining Adliya saroyida bo'lib o'tgani uchun tarixga shu nom bilan kirgan.


Sud nemis, rus, frantsuz va ingliz tillarida olib boriladi. AQSh taklifiga binoan unda yangi usul – sinxron tarjima qo'llaniladi. Pirovardida 24 nafar asosiy ayblanuvchining teng yarmi o'limga loyiq ko'riladi, 3 nafari umrbod, qolganlari turli muddatlarga qamaladi. Umuman olganda esa, sud yakuni bo'yicha 24 kishi o'lim, 118 kishi qamoq jazosiga hukm qilinadi, 35 nafar ayblanuvchi oqlanadi. Oqlanganlar orasida Vali Qayumxon ham bor edi. U ikki yil qamoqda yotadi. Ammo Turkiston legioni na sovetlarga, na nemislarga qarshi urushda qatnashgani isbotlanmaydi...


O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki to'g'risidagi yangi ma'lumotlarda ilk bora dom-daraksiz yo'qolgan 158 ming kishining nomi keltiriladi. Ehtimol, ular orasida legionchilar ham bordir...


– Bugungi kunda Turkiston legioni qatnashchilari haqida xabarlar bormi?


– Bugungi muloqotimizda turkiyalik tadqiqotchi jurnalist, asli turkistonlik, O'zbekistonning do'sti Сhag'atoy Ko'char lutfan taqdim etgan ma'lumotlardan ham foydalandim. Uning aytishicha, shu yil aprel' oyida yuz yoshni qoralagan so'nggi legionchi Majid Bey Amerikada vafot etgan.


– Sho'rolar zamonida Turkiston legioniga munosabat qanday bo'lgani o'z-o'zidan ayon. Mustaqillik yillarida-chi, bu borada o'zgarishlar sezildimi?


– Suhbatimiz boshida ta'kidlaganimdek, legion haqida batafsil bo'lmasa-da, maqolalar berish boshlandi. Hatto, tarixga oid kitoblarda ham u haqda, oz bo'lsa-da, ma'lumotlar uchraydi. Xususan, zahmatkash tarixchi, professor Rustambek Shamsutdinov shu mavzuga oid chiqishlar qildi.


2000 yili «Sharq» nashriyot-matbaa kontsernida chop etilgan «O'zbekistonning yangi tarixi» turkumidagi ikkinchi «O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida» kitobida 1942 yili Turkiston milliy qo'mitasi tashkil etilgani, Vali Qayumxon uning prezidenti etib tayinlangani haqida batafsil ma'lumot berilgan. Legionning vazifalari, bajargan ishlari haqida so'z yuritilgan. Suhbatimizni ushbu asardan olingan quyidagi iqtibos bilan yakunlamoqchiman:


«... Legionerlarga ijtimoiy-siyosiy baho berish ham murakkabligicha qolmoqda. Sovet tarixshunosligida ular bir xilda, sovet xalqining «sotqinlari», deb ta'riflangan. G'arbiy tarixshunoslikda, keyingi vaqtlarda esa, bizning matbuotimizda «ko'ngillilar» – bular ­mustabid tuzumga qarshi g'oyaviy kurashchilar, nemis armiya­si yordamida stalincha zulmdan mamlakatni ozod qilish uchun qurolli kurash olib borishga tayyor turgan kishilar edi, deb baholanmoqda. Umuman, «Turkiston ­legioni» masalasida turlicha fikrlar mavjud. Bu masalani chuqur o'rganish va xolisona baho berish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifalardandir».


– Xudoyberdi Sohibovich, dalil va raqamlarga boy mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!



Abror G'ULOMOV suhbatlashdi
Suhbat “ISHONCH” gazetasining 2023 yil 21 sentyabr' sonida chop etilgan.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Kolumnistlar
Fevral' oyi nega buncha qisqa?
0 901 14:07 | 10.02.2024
Kolumnistlar
Kolumnistlar