Dunyoning eng aqlli odamlaridan biri — Uil'yam Saydisning ayanchli taqdiri
U mohir matematik, tilshunos va yuqori aqliy qobiliyatga ega shaxs edi. Bor-yo'g'i 18 oyligida The New York Times gazetasini o'qiy olgan, sakkiz yoshga kirgunga qadar to'rtta kitob yoza olgan. IQ darajasi esa 250 dan 300 gacha baholangan (yuqori daraja). Shunday qobiliyatlarga ega bo'lsada, vunderkind Uil'yam Jeyms Saydisning hayoti qisqa va g'amg'in kechdi, favqulodda iste'dod uni baxtli qila olmadi. Yoshligida “portlagan” iste'dod atigi 46 yil umr ko'rdi, o'zining imkoniyatlarini to'liq namoyon etmadi.
Uning ildizlari Ukrainaga borib taqaladi
Jeyms Saydis 1898 yilda N'yu-Yorkda dunyoga kelgan. Otasi Boris Saydis Rossiya imperiyasiga qarashli Berdichev shahrida, yahudiy oilasida tug'ilgandi. (Berdichev hozirgi Ukraina hududiga to'g'ri keladi). U psixolog bo'lib, Zigmund Freydni juda yomon ko'rardi va uning g'oyalarini tanqid qilardi. O'z vatanidagi tazyiqlar tufayli Boris AQShga ko'chib kelib qo'nim topishga majbur bo'ldi.
AQShga kelgan Boris bolasini aqlli va kuchli qilib o'stirishga qaror qildi. Jeyms favqulodda bilimdon chiqdi, olti yoshida u bir yildan kamroq vaqt ichida yetti yillik maktab dasturini tamomlab, Boston maktab o'qituvchilarini hayratda qoldirdi.
Sakkiz yoshida Uil'yam oltita chet tilini o'rganib oldi: frantsuz, nemis, lotin, ibroniy, yunon, rus tillari. U shuningdek, "Vendergud" deb atagan o'z tilini ham o'ylab topdi.
Boris o'g'lining zaif nuqtasi matematika deya o'ylardi. Ushbu fanni o'rganishga yordam berish uchun otasi Uil'yam bilan uni hayotda amaliy qo'llash nuqtai nazaridan muhokama qildi. Natijada 12 yoshida yigit o'n ikkilik sanoq tizimiga asoslangan logarifmlar jadvalini ishlab chiqdi.
Garvardga o'qishga kirgan bolakay
Nufuzli Garvard universitetiga kirishda Uil'yam to'qqiz yoshidayoq muvaffaqiyatga erishgan. Ammo qabul komissiyasi bola ruhiy jihatdan talabalikka tayyor emas degan qarorga keldi va kutishni taklif etdi. Bu orada jurnalistlar Saydisni tinchini buzishdi: ularning ayrimlari bolakayning porloq kelajagidan bong ursa, ayrimlari “Uil'yamni bolalikdan mahrum etgan” ota-onasini tanqid qilishardi.
Nihoyat vunderkind 11 yoshida Garvardga kirdi va 16 yoshida uni imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ammo ulg'aygan sari unda odamlar bilan muloqot qilishda muammo tug'ila boshladi. Maktabda u sinfdoshlari bilan o'zaro muloqotda qiynalmasdi, universitetda kursdoshlari bilan orada jarlik hosil bo'ldi. Talabalar o'ta aqlli bilimdonni ko'p mazax qilishardi. Shu davrda Saydis oila qurmasligini va yolg'iz yashashni istashini e'lon qildi.
Faoliyat
Garvardni tugatgach yosh yigitcha Texasdagi Rays universitetida o'qituvchi yordamchisi bo'lib ishga kirdi, ammo faoliyat uzoqqa bormadi. O'zidan yosh yigitning dars berishiga chidolmagan talabalar uni haqorat qilishdi, Saydis esa buni qabul qila olmadi.
Shundan so'ng, u yana ilmga qaytishga urindi, Garvard huquq maktabiga kirib uni chala tashlab ketdi, siyosatga qiziqib Birinchi may namoyishlarida qatnashdi, hatto 18 oy qamoqqa ham hukm qilindi. U sotsializmga qiziqib qolgan va Rossiyadagi voqealardan ta'sirlangandi. AQSh hukumati esa ushbu g'oyalarni qo'llovchilarga qattiq choralar ko'rishni boshlagandi. Oqibatda Saydisni ruhshunos va psixolog bo'lgan otasi qutqarib qoldi va uni guyoki shifoxonaga davolash uchun joylashtirdi.
Uil'yamning keyingi yillari deyarli noma'lum holda o'tdi: u kichik kompaniyalarga buxgalter sifatida ishga qabul qilindi va kimdir uning o'tmishi haqida bilishi bilanoq, u hamma narsani tashlab, boshqa shaharga ketib qolaverdi.
Noxush yakun
Ulg'ayib borgan sari Uiyalm Saydis yolg'izlanaverdi. U ko'p yaqinlari bilan aloqalarni uzdi, matbuotdan bekinishga harakat qilardi. Ba'zan ishsizlik nafaqasini olib, kun ko'rardi. Hatto u insultdan jon bergan otasining dafn marosimiga ham bormagandi.
Umrining oxirlarida Uil'yam o'z hayoti haqida yozadigan nashrlar bilan o'chakishib qoldi. Gazetalar bir paytlar yorqin kelajagi bashorat qilingan vunderkindning ayanchli va ojiz holati haqida yozardi. The New York Herald Tribune yozadi: “1909 yilgi vunderkind hozir haftasiga bor-yo'g'i 23 dollar evaziga hisob mashinasi operatori bo'lib ishlayapti...”.
Umrining nihoyasida Saydis transport tizimiga qattiq qiziqib qoldi. U transport biletlarini to'plar, soha bo'yicha maqolalar chop etardi.
Uiyalm Saydis 1944 yilda, xuddi otasi kabi insultdan vafot etdi. Aniqrog'i, uning jasadini ijara uy xonalarining biridan topishdi. U 46 yoshda edi, otasi esa 56 yoshidan vafot etgandi.
Saydis haqida erta rivojlanishning ajoyib namunasi sifatida ko'plab kitoblar yozilgan; ularning ko'pchiligi otasi tomonidan yozilgan va boshqa taniqli, eng mashhurlari Avraam Sperling va Emi Uollesning asarlaridir. Uil'yam Saydisning o'zi to'rtta to'liq metrajli ilmiy asar, to'rtta risola, 13 ta maqola, to'rtta davriy nashr (36 ta son), 89 ta haftalik jurnalga maqolalar yozgan.
Uning merosi butun dunyoda hali ham qo'llaniladigan abadiy kalendarni o'z ichiga oladi. “Tirik va o'lik”, “Tarjimalar to'plamiga oid eslatmalar”, “Qabilalar va davlatlar” kitoblarini bugungi kunda AQSh do'konlaridagi kitob javonlarida topish mumkin.
Uil'yam Saydis ijtimoiy hodisalar va ularga ta'sir qiluvchi omillar haqida ko'plab maqolalar yozgan. Uning hayoti davomidagi asarlarining aksariyati taxalluslar ostida chop qilingan va nashr etilmaganlari uning singlisi Helena Saydisga qolgan, uning sa'y-harakatlari bilan Uil'yamning vafotidan keyingi barcha asarlari nashr etildi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0