“Сhangkent”ga taqiqlar emas, imkoniyatlar zarur
Toshkent shahridagi atmosfera havosi haqida qancha bong urilmasin, hozircha bundan foyda chiqmayapti. Aksincha, boshkent ifloslanish darajasi bo'yicha dunyo reytinggida tobora «ildamlab» bormoqda. Сhang-to'zonlar ko'tarilishi odatiy holga aylanib, odamlar achchiq havodan tomog'i achishib yurishga ham ko'nikdi, hatto.
Shu vaqtgacha sukut saqlagan mutasaddilardan nihoyat, sado chiqdi. Xususan, Ekologiya vazirligi yaqinda bu bo'yicha o'z munosabatini bildirib, havo ifloslanishi haqida o'z mulohazalarini bildirdi.
Vazirlikka ko'ra, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga tabiiy va antropogen omillar sabab bo'lmoqda. Umuman olganda, ularning hammasida jon bor. Buni ko'pchilik yaxshi anglab turibdi. Lekin hech kim jiddiy qabul qilmayapti.
Aslida vazirlik keltirgan sabablar ortida ayanchli oqibatlar yotibdi. Achinarlisi ham, mas'ullar sabablar qolib, oqibatlar bilan o'ralashib qolyapti.
Masalan, oxirgi yillarda poytaxtda yashil hududlar ayrim «uchar tadbirkor»lar qo'li bilan kamaytirildi. Bunga hatto moratoriy ham ta'sir qilmadi. Shu davr ichida 49 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesib tashlangani so'zimiz isboti.
Prezident Shavkat Mirziyoev ko'p va qayta-qayta ta'kidlashi, mas'ullarga qat'iy topshiriq berishiga qaramay, shaharning bosh rejasi haligacha tasdiqlangani yo'q. Qurilishga e'lon qilingan moratoriy ham kor qilmayapti. Aksincha, betartib, noqonuniy qurilishlar ayni avj pallada.
Mamlakatimizda kun sayin avtomobillar soni ortib boryapti. Misol uchun, 2021 yilda 3,14 million dona mashina hisobga olingan. 2023 yilda mazkur ko'rsatkich 4,6 million donani tashkil etgan.
Ma'lumotlarga ko'ra esa bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o'rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, hududlardan qo'shimcha ravishda 160 mingdan 300 minggacha avtoulov kirib kelyapti. O'z-o'zidan ayonki, bu holat ham atmosferaga sezilarli darajada salbiy ta'sir ko'rsatadi. Hozir ko'pchilik xalqaro standartlarga javob bermaydigan AI-80 markali benzindan foydalanayotganini hisobga olsak, holat yanada oydinlashadi.
Yana bir jiddiy muammo shundaki, poytaxtda yo'l harakati to'g'ri tashkil etilmagan. Agar siz birinchi svetoforning qizil chirog'ida to'xtasangiz, katta ehtimol bilan ikkichisida ham qizilga to'xtashga majbur bo'lasiz. Kunda kunora, tig'iz pallada tez-tez tirbandliklar yuzaga kelayotgani ham aynan shundan.
Turgan gapki, tirbandlikda to'xtab turgan mashina harakatlanayotganiga nisbatan atmosferaga ko'proq zarar yetkazadi.
Shuningdek, hozir ko'mirdan foydalanish yanada ortgan. 2019 yilda 3,9 million tonna ko'mir yoqilg'i sifatida ishlatilgan bo'lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 million, 2023 yilda esa 6,7 million tonnaga yetgan.
Ta'kidlash joiz, 10 tonna ko'mir yoqilg'isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurt II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.
Atmosferaga jiddiy zarar yetkazayotgan omillar ichida issiqlik markazlarining ham yaxshigina hissasi bor, albatta.
Ayni paytda poytaxtda oltita markazlashgan issiqlik maskani bor va ularda to'qqizta qozonxona mavjud. Ushbu qozonxonalar birgina dekabr' oyining o'zida 3 ming tonna mazut yoqilg'isidan foydalanilgan.
Toshkent shahri tog'lar bilan o'ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo'l bilan chiqib ketmaydi. Ayni shu holat ham havoning ifloslanishiga olib kelmoqda.
AI-80, “toq va juft” kunlar...
Vazirlik ifloslanish sabablarini sanab o'tish asnosi o'z takliflarini ham bildirib o'tgan.
“Evro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg'idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash, avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tig'iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo'ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash, 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o'tish uchun (elektromobil) imtiyozlar, preferentsiyalar va subsidiyalar berishni yo'lga qo'yish, so'nggi yillarda avtomobil' yo'llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish, shaharning diqqatga sazovor markaziy ko'chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish kabilar shular jumlasidan.
Shuningdek, Ekologiya vazirligi jamoat transportini to'liq elektr, gaz-ballon yoqilg'isi va boshqa muqobil yoqilg'i turlariga o'tkazish, shuningdek, yo'l infratuzilmasini tashkil etish, barcha turdagi qurilish ob'ektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid ob'ektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e'lon qilish, Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko'mir yoqilg'isidan foydalanishni taqiqlash, mikroiqlim mo''tadilligini ta'minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta'sir etish maqsadida sun'iy suv havzalarini barpo etish, Toshkent shahrida faoliyat ko'rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg'isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash, ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko'chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbog'”lar barpo etish, atmosfera havosining sifat ko'rsatkichini doimiy e'lon qilib boradigan tablo va monitorlar o'rnatish kabi takliflarni ham ilgari surgan.
Ammo ko'pchilik vazirlikning AI-80 markali benzindan foydalanish hamda 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash haqidagi taklifiga keskin norozilik bildirdi.
Xususan, Anvar Yaxshiboev ismli foydalanuvchi vazirlikning taklifiga quyidagicha fikr bildirdi:
“Ajoyib-ku, bunaqa aqlli takliflar qaysi kallaga keldi ekan? AI-80 rusumli benzindan foydalanishni taqiqlashmoqchimi? Avval qaysi mamlakatda yashayotganimiz, aksariyat aholining real ahvoli qanaqa ekanligidan kelib chiqish kerak emasmi?
Elektromobillarga o'tish uchun boj o'lgurni ramziy darajaga tushirib, monopoliyaga barham berib, raqobat muhitini kuchaytirish kerak emasmi, shunda bozor arzonlashmaydimi? Hozirda ishlab chiqaruvchi belgilagan narxdan kamida 3 baravar qimmatiga sotilayapti-ku elektromobillar. Aslida olib kirish bo'yicha jismoniy shaxslar uchun endigina joriy etilgan tartibni ham yo'qqa chiqarish rejalashtirilayapti shekilli?
Eski bo'lsa ham mashinaga erishish orzusi ushalmay yurgan aholini butunlay umidini yo'qqa chiqarish kerakmi? Shunda yili eskirgan mashinalar viloyatlarga yo'l oladimi, eski bo'lsa ham mashina minmoqchi bo'lganlar poytaxtdan chekka hududlarga ko'chib ketishsinmi?
Yuk mashinalarini nima aybi bor yoki belgilangan soatlarda harakatlansa havo tozalanib qolarmikan? Qaytaga aholi uchun yuk tashish narxi karrasiga oshib ketmaydimi? Daraxt ekish, sun'iy o'rmonlar, bog'lar, suv havzalari yaratsa foydasizmikan, nega bu masala umuman tilga olinmagan?” – deya e'tiroz bildirgan.
Holva degan bilan og'iz chuchimaydi
Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklardan so'ng Bosh prokuratura hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi o'zaro hamkorlikda mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi yuzasidan majlis o'tkazdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko'ra, yig'ilish yakuni bo'yicha “Avtomobilsiz kun”, hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga bo'lish, jamoat transport vositalaridan foydalanishni kengaytirish, standart minimumini “Evro-4”ga ko'tarish, sanoatda ko'mir yoqilg'isidan voz kechish va shu kabi ko'plab takliflarni ishlab chiqish va realizatsiya qilishga kelishilgan.
Biroq holva degan bilan og'iz chuchimaydi-da. Bir qarashda osondek ko'ringan “hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga bo'lish”ning ham o'zi bo'lmaydi. Bu ishning bahsli tomonlari ko'p.
Birinchidan, bugun har ikkita xonadonning bittasida avtoulov bor. Ayniqsa, poytaxtda bitta xonadonda uchtagacha ham ulov bor. Agar mashinalar toq va juft kunlarga ajratilsa, ular davlat raqamlarini juft va toq qilib oladi va kunning juftida ham, toqida ham undan bemalol foydalanaveradi.
Ikkinchidan, mutaxassislarning aytishicha, 2023 yilning dekabr' oyida, Toshkentda havoning ifloslanishi juda yuqori darajaga chiqqan vaqtlarda ko'chalardagi avtomobillar soni (metan va benzin yo'ligi bois) karrasiga kam bo'lgan. Bundan ko'rinib turibdiki, shahar havosini ifloslanishida mashinalarning hissasi boshqa omillarga nisbatan ancha kam. Demak, bu chorani amaliyotda tatbiq etishdan oldin boshkent atmosferasini eng ko'p nima ifloslantirayotganini o'rganish lozim.
Turli xil taqiqlardan ko'ra, jamoat transportini sifatli yo'lga qo'ygan afzal. Toki odamlar uchun shaxsiy avtomobilda emas, jamoat transportida yurish qulay bo'lsin. Shundagina ular o'z ixtiyori bilan ulovdan foydalanishni kamaytiradi. Aks holda, ming xil taqiqlarni o'ylab topmaylik, bari befoyda. Bu ularning yuragiga yetib bormaydi. Ayni kunning eng og'riqli masalasi ham shu, aslida.
Umuman, rasmiylar haqiqatan ham, garchi kech bo'lsa-da, poytaxt havosi haqida bosh qotirishayotgan ekan, qandaydir cheklovlar haqida emas, aksincha imkoniyatlar haqida ko'proq bosh qotirishi joiz, nazarimizda.
G'ulomjon MIRAHMEDOV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0