13 yil o'tib adolat tiklandi
Yusupboy Qo'chqorov 2007 yilda “Shovot paxta tozalash” AJda agronomlik faoliyatini boshlagan edi. Mutaxassis 2008 yilda ish beruvchi buyrug'i bilan “Bo'ston-Agronom” MMTPga yuborildi. U urug'lik chigitni ekish, parvarishlashga mas'ul edi.
Xizmat burchini bajarish chog'ida zaharlanish oqibatida kasb kasalligiga chalindi. TMEKning 2010, 2017 va 2023 yillardagi xulosalari uning ahvoli yomonlashib, 70 foizgacha mehnat qobiliyatini yo'qotganini tasdiqladi. Yusupboy Qo'chqorovga tovon puli avval “Shovot paxta tozalash” AJ, korxona tugatilgandan so'ng Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasining Shovot tumani bo'limi tomonidan to'lanib keldi.
Yu. Qo'chqorov tovon pullari kamayib ketganidan norozi bo'lib, kasaba uyushmalariga murojaat qildi. 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Qo'chqorov oyiga 1 129 301 so'm olishi lozimligi, amalda esa 514 724 so'm to'langani aniqlandi. Kasaba uyushmalari bu qonun talablariga zid ekanini ko'rsatib, jamg'armaga taqdimnoma kiritdi, ammo ijro etilmaganidan keyin ish sudga oshirildi.
Sud da'voni qanoatlantirib, 2024 yil sentyabr' – 2025 yil iyul oylari uchun kam to'langan 6 145 762 so'mni Qo'chqorov foydasiga undirdi. 2025 yil 1 iyuldan unga har oy 1 129 301 so'm to'lash belgilandi.
Erkinboy Bayjanov, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi mehnat texnik inspektori



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0