Amir Temurning ekologik siyosati
Sohibqiron bobomiz Amir Temurning harbiy yutuqlari va imperiyasining ulug'vorligi haqida ko'p yozilgan bo'lsa-da, uning ekologik siyosati va atrof-muhitga munosabati haqida kam ma'lumotga egamiz.
Amir Temurning ekologik siyosatini baholashda ikki tomonlama yondashuv zarur. Bir tomondan, irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish va qishloq xo'jaligini qo'llab-quvvatlash ijobiy ekologik ta'sir ko'rsatgan. Boshqa tomondan, harbiy yurishlar va qishloq xo'jaligi yerlarining keng ko'lamli ishlatilishi salbiy ta'sirga olib kelgan bo'lishi mumkin. Aniq raqamlar va dalillar yo'qligi tufayli bu ta'sirlarni aniq miqyosini aniqlash qiyin.
O'sha davr Markaziy Osiyo va yaqin Sharqda iqlim o'zgarishi va tabiiy ofatlarning kuchayishi bilan tavsiflanadi. Qurg'oqchilik, sel va ocharchiliklar tez-tez uchrab turgan. “Zafarnoma”da qayd etilgan ba'zi urushlar va harbiy yurishlarning tabiiy ofatlar bilan bog'liqligi aniqlanadi. Masalan, qishloq xo'jaligi yerlarining vayron bo'lishi va suv resurslarining kamayishi natijasida yuzaga kelgan ocharchiliklar qo'shinlarning jang qobiliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatgan.
Bu davrda irrigatsiya tizimlari alohida ahamiyatga ega qismlardan biri edi. Tarixiy manbalar uning kanallar va suv omborlarini qurdirish, mavjud tizimlarni ta'mirlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini ko'rsatadi. Bu esa qishloq xo'jaligini rivojlantirish va aholining oziq-ovqat ta'minotini yaxshilashga yordam bergan. Shu bilan birga, keng ko'lamli qurilish ishlari ekologik muammolarga olib kelishi mumkin edi — masalan, suv resurslarining noto'g'ri taqsimlanishi yoki qayta tiklanmaydigan tuproqlarning eroziyasi.
Bog'lar — quvvat va madaniyat ramzi
Amir Temur davri shaharsozlik va bog'dorchilikning yuksalishi bilan ajralib turadi. Uning hukmronligi davrida Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi shaharlar nafaqat harbiy va siyosiy markazlar, balki go'zal bog'lar va ko'kalamzorlashtirilgan hududlar bilan ham mashhur bo'lgan. Bog'lar nafaqat estetik zavq manbai, balki dam olish, muloqot va ijtimoiy hayotning muhim qismi bo'lgan. Ular suv ta'minoti, meva va sabzavot yetishtirish, iqlimni yumshatish kabi amaliy funktsiyalarni ham bajaradigan bo'lib, shu tariqa shaharning ekologik muvozanatiga ijobiy ta'sir ko'rsatgan.
Daraxtlarga hayot va barokat timsoli sifatida qarashgan. Tarixiy manbalarda uning ko'plab daraxtlar ektirishga buyruq bergani haqida ma'lumotlar mavjud. Bu nafaqat shaharlarni ko'kalamzorlashtirish, balki qurg'oqchilikka chidamli o'simliklarni ekish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga urinish sifatida qaralishi mumkin. Daraxtlar shaharlarning iqlimini yumshatish, chang va ifloslanishdan himoya qilish, tuproq eroziyasini kamaytirish kabi amaliy vazifalarni ham bajargan.
Amir Temur davridagi bog'lar va ko'kalamzorlashtirish suv ta'minoti bilan chambarchas bog'liq edi. Keng kanallar va arig'lar tizimi orqali suv shaharlarga va bog'larga yetkazilgan. Bu suv boshqaruvi nafaqat qishloq xo'jaligining rivojlanishiga, balki ko'kalamzorlashtirish ishlarining amalga oshirilishiga ham imkon yaratgan. Shunday qilib, suv boshqaruvi va ko'kalamzorlashtirish bir-birini to'ldiruvchi va bir-biriga bog'liq jarayonlar sifatida qaralishi mumkin.
Amir Temur bog'lari xususidagi dastlabki ma'lumotlar o'tmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi.
Shuningdek, Amir Temur bog'lari O'rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan. Bog'i Baland. Amir Temur Samarqandning shimolidagi Сho'ponota maqbarasi yaqinida nabirasi (Mironshohning qizi) ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog'chilik san'ati ustalari hamda me'morlari qatnashgan. Bog' o'rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo'lib, uning atrofidagi uzumzor, anjirzor va olmazorlar boqqa go'zal bir tarovat baxsh etib turgan.
Bog'i Behisht. Amir Temur Samarqandning g'arbida suyukli xotini Tumanog'a (Xayrunniso)ga atab qurdirgan (1378 y.). Yozma manbalarda “Bog'i Jannat” nomi bilan ataladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, bog' o'rtasidagi atrofi xandak bilan muhofaza etilgan sun'iy tepalik ustida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli saroy bo'lgan. Saroyga bir necha ko'tarma ko'priklar orqali kirilgan. Saroyning bir tarafida hayvonot bog'chasi ham bo'lgan.
Bog'i Davlatobod. Amir Temurga Hindiston yurishidan qaytgan kuni (1399 yil 22 aprel') hadya qilingan. Amir Temur bu bog'da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, tantanali marosimlar o'tkazgan, elchilarni qabul qilgan.
Bog'i Dilkusho (ko'ngil ochuvchi bog'). Amir Temur xotinlaridan biri — To'qalxonim sharafiga qurdirgan (1397 y.). Har tarafi 900 metr uzunlikdagi baland paxsa devor bilan o'ralgan, 4 darvozasi, markazida hashamatli saroy bo'lgan. Saroy uch qavatli bo'lib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Amir Temur olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo'yilgan. Amir Temur Ispaniya elchisi Rui Gonzales de Klavixoni ana shu bog'da qabul qilgan. Bu bog' o'rnida hozir Dilkusho qishlog'i joylashgan.
Bog'i Jahonnamo (Jahon ko'zgusi). Unda saroy va qal'a bo'lgan. “Zafarnoma”da yozilishicha, bu bog'ning hududi benihoyat katta bo'lib, yo'qolib qolgan ot 6 oydan so'ng topilgan ekan. Bog'i Maydon. Amir Temur Samarqandning shimolida, Сho'ponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog'da hashamatli bir ayvon (ko'shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo'lgan. Mirzo Ulug'bek bu bog'ni yanada obod qilgan. Bobur shu haqda bunday deb yozadi: “bu bog'ning o'rtasida (Ulug'bek) bir oliy imorat qilibdur. Сhil(qirq) sutun derlar, du (ikki) oshyona (qavat), sutunlari tamomi toshdin. Bu imoratning to'rt burchida to'rt manordek Burjlar qo'poribturlarkim, yuqorig'a chiqar yo'llar bu to'rt burjdindur. O'zga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Ba'zini morpech xiyora (burama, ko'pqirrali) qilibturlar. Yuqorigi oshyonaning to'rt tarafi ayvondir, sutunlari toshdan. O'rtasi chordora uydir. Imorat kursisini tamom toshdan farsh qilibdirlar”. Bu bog' o'rni hozir ham bog'i maydon deb ataladi.
Bog'i nav (yangi bog'). Amir Temur Samarqandning Janubida qurdirgan (1404 y.). Lolazor qishlog'i o'rnida joylashgan. Bu bog' to'rtburchak shaklda bo'lib, atrofi baland paxsa devor bilan o'ralgan, har burchagida minora qad ko'tarib turgan. Markazida boshqa bog'lardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida hovuz bo'lgan.
Bog'i Сhinor. Unda chinorlar ko'p bo'lgan. Markazida xochsimon tarxli saroy joylashgan.
Bog'i Shamol. Undagi saroy to'rtburchak shaklda bo'lib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qora yog'och va fil suyagidan ishlangan. Bu bog' joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham “Bog'i shamol” deb ataladi.
Samarqand atrofida bulardan tashqari yana bir qancha bog'lar bo'lgan. Сhunonchi, Bog'i Bo'ldu, Bog'i Zog'on, Bog'i Naqshi Jahon, Bog'i Amirzoda Shohrux, Bog'cha, Bog'i Dilafro'z, Bog'i Sheron, Gulbog', Lolazor, Bedana qo'rug'i, Сhumchuqlik, G'ozxona va boshqalar shular jumlasidandir. Amir Temurning bog' qurish an'anasini temuriylardan Shohrux, Ulug'bek, Bobur va boshqalar ham davom ettirishgan.
Zamonaviy ekologik fikrlar atrof-muhitning barqaror rivojlanishi, uzoq muddatli rejalashtirish va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan. Amir Temurning yondashuvi zamonaviy ekologiya printsiplaridan farq qilsa-da, u o'z davri uchun tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga urinishlarini aks ettiradi.
Mashhura JO'RAQULOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0