Attestatsiyadan o'tolmagan xodim yana tanlovda ishtirok etishi mumkinmi?
— Xodim attestatsiyadan o'tolmadi. Uning egallagan lavozimiga ish beruvchi tomonidan qaytadan tanlov e'lon qilindi. Ushbu xodim bu tanlovda ishtirok etishi mumkinmi?
Ushbu savolga mehnat huquqlari bo'yicha ekspert Muhammadamin KARIMJONOV javob beradi.
— Mehnat kodeksining 4-moddasiga binoan, har bir shaxs mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Bu norma mehnat sohasida kamsitishlarning oldini olish va barcha xodimlarga teng sharoitlarni ta'minlashga qaratilgan. Shu jumladan, bu huquq attestatsiyadan yiqilib, yana shu ishga qayta kirmoqchi bo'lgan shaxslar uchun ham tegishli.
Mehnat kodeksining 5-moddasi esa mehnat erkinligini kafolatlaydi. Unga ko'ra, har kim o'z qobiliyatlarini namoyon etish, ish joyini, kasbini va mutaxassislikni erkin tanlash huquqiga ega. Ushbu huquq xodimning tanlovda ishtirok etish imkoniyatini ham qamrab oladi.
Yuqoridagi normalardan kelib chiqib aytish mumkinki, agar xodim attestatsiyadan o'ta olmagan bo'lsa ham, bu uning tanlovda ishtirok etish huquqini bekor qilmaydi. Egallagan lavozimiga qayta e'lon qilingan tanlovda qatnashish uchun xodim hech qanday to'siqlarga duch kelmasligi kerak.
Ish beruvchi qonuniy asosda xodimga boshqa talabgorlar qatori teng sharoitlarda tanlovda qatnashish imkoniyatini yaratishi lozim.
Biroq Mehnat kodeksining 2-moddasiga asosan, ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo'yish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish huquqi bor. Shu bois, ish beruvchi tanlovda qatnashuvchi xodimni faqat tanlov shartlari va natijalariga ko'ra ishga qabul qilishi mumkin.
Ammo uning lavozimga qabul qilinishi tanlov shartlari va natijalariga bog'liq bo'ladi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0