Bizning jamiyat uchun gender tenglik nimani anglatadi?
O'zbekistonda gender tenglik haqida qancha gapirilmasin, uni tushunmaydigan va bu tushunchaga doimiy qarshilar oramizda uchrab turadi. O'zbekiston gender tengligi ko'rsatkichi ro'yxatida 2019 yildan boshlab, qatnashishni boshlagan.
O'sha yili gender tengligi ko'rsatkichi ro'yxatdagi 189 mamlakat ichida 62-o'rinni egalladik. Shuningdek, bu yil O'zbekiston gender tengligi indeksida eng ilg'or o'zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kirdi.
O'zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida eng ilg'or o'zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga o'rin oldi. Ammo o'zbek jamiyatida gender tushunchasiga munosabat erkaklar oraasida qanchalik bugun o'zgardi? Ishonch.uz muxbiri bu borada jamiyatdagi ayrim faol erkaklar fikri bilan qiziqib ko'rdi:
Odiljon Jo'raev, tadbirkor: – Shu gender tenglik degan narsani hech tushunmayman. Unda og'ir sanoatga ham ayol ishchilarni qo'yaylik. Nega og'ir ishlar ayollarga berilmaydi? Buni sababi ayollar nozik hilqat! Ayollarga hurmatim baland, lekin ular ko'pincha xis-hayajonga berilgani uchun xato qilishadi yoki kechikishadi. Ularning vaziyatga reaktsiyasi erkaklarnikidek bo'lmagani uchun bunchalik mas'uliyatli (ko'pchilikni xayoti bilan bog'liq) ishlarni erkaklar qilavergani yaxshiroq, deb o'ylayman. Ayollarimizga yarashadigan chiroyli kasblar kam emas. Ayniqsa, talab yuqori bo'lib turgan kasblarga yo'naltirish kerak, deb hisoblayman. Misol uchun, malakali shifokorlarni ko'pchiligi erkaklar. Ayollarni ham ko'pincha erkak shifokorlar davolaydi. Tibbiyotni hamma sohasida ayollarni ko'paytirish kerak. Masalan, meni ayolim umurtqa pog'onasida muammosi bor edi, yaxshi vertebrolog-do'xtirga ko'rsataman, desam hammasi erkak kishi, ayollar ham yo'q emas, lekin topish muammo. Shu jihatlarga e'tibor berish kerak. Ha aytgancha, boyagi metallurgiya soxasi ham ayollarimizga yarashmaydi, shuning uchun u yerda ishlashmagani maqul deb o'ylayman.
Zahriddin Azimov, Savdo-sanoat palatasida bosh mutaxassis:
– Hozirgi kunlarda gender tenglik degan mavzu ko'pchilikning etiboriga tushib bormoqda. Сhunki ko'plab sohalarda xotin-qizlarni jonbozlik ko'rsatayotganini ko'rayapmiz. Ko'plab yaxshi natijalarga erishyotgan xotin-qizlarni kuzatamiz. Misol uchun, ichki ishlar, temir yo'l sohalarida va Mudofaa vazirliklarida xotin-qizlar gender tenglik tamoyili asosida erkaklar bilan birdek o'z xizmat vazifalarini sidqidildan o'tab kelmoqda. Ko'plab ulkan marralarni ham egallab, o'z kasblariga sadoqat bilan xizmat qilyapti. Bundan tashqari, boshqa ko'plab soxalarda xususan, hokimlik, Vazirlik Idoralarida xam ko'plab xotin-qizlar yuqori mansablarga tayinlanib, faoliyat yuritishmoqda. Lekin gender tenglik, deb xotin-qizlarning o'ziga yarashmaydigan sohalarga kirib kelishi achinarli ahvol, deb hisoblayman.
Masalan, hozirgi kunda xotin-qizlarga og'ir yuk mashinalari, jamoat transportlarni boshqarish huquqi berildi. Bundan tashqari, ko'plab ayol, degan nomga yarashmaydigan ishlarga gender tenglikni ro'kach qilib, og'ir sohalarga xotin-qizlarni kirib kelayotganini ko'rishimiz mumkin. Bizning millatimiz uzoq tarixga ega, qadimdan og'ir ishlar ota-bobolarimiz tomonidan bajarilib kelingan. Xotin-qizlarni ardog'lab uy-ro'zg'or ishlari bilan band qilishgan. Bunda ayollarga past nazar bilan qarash emas, balki ularni e'zozlash, asrab-avaylash ko'zda tutilgan. Сhunki ayollar nozik hilqat, deb bejizga aytilmaydi. Ayol kim, degan savolni o'zingizga berib ko'ring! Ayol ona, opa-singil, jufti-halol emasmi? Shunday ekan, gender tenglik, degan tushunchaga aniq nimalar kirishi haqida ko'proq ma'lumotlar, tushunchalar berish kerak. Yurtimizda ayol kadrlar yetishmaydigan sohalar juda ko'p. Misol uchun, pedagokika, tibbiyot, farmateftika, tikuvchilik va bundan tashqari, ko'plab soxalarda ayol mutaxassislar yetishmaydi. Ko'proq xotin-qizlarimizni shu sohalarda malakasini oshirsak, yurtimizda sog'lom avlodlarni yaratishga bel bog'lagan bo'lamiz. Сhunki ayol bilimli bo'lsa, farzandlariga bilim bera oladi. Ayol sog'lom bo'lsa, sog'lom avlodni dunyoga keltiradi.
Shuningdek, mavzu yuzasidan jamoatchilik faoli, jurnalist Aziza Qurbonova fikrlarini keltirishni lozim topdik:
– Ayol bo'lish BAXT. Ammo bu baxtga erishish uchun mashaqqatlarni yengib o'tish kerak. Men ularni shartli ravishda 10 taga ajratdim. Bu hech qanday ilmiy asosga ega emas. Bu mening fikri ojizimcha, kuzatishlarim mahsulidir. Ular uchun tanlab berishadi! Ularning aksariyatida tanlov imkoniyati yo'q desa ham bo'ladi. Qizlar ko'pincha na qaysi kasb egasi bo'lishni, na qaysi to'garakka borishni, na qaysi hunar o'rganishni, na kimga turmushni chiqishni o'zlari mustaqil tanlay olmaydilar. Ular o'qimoqchi bo'lsa, erga tegish kerakligini tanlab berishadi. Ular erga tegmoqchi bo'lsa, kimga tegish kerakligini tanlab berishadi. Ular ishlamoqchi bo'lsa, erlari unga ishni tanlab beradi. Ular tug'moqchi bo'lsa ham o'g'il bo'lishini talab qilishadi. Har tugul farzand o'g'il-qiz bo'lishini odamlar hal qilolmaydi. Ularning tanlovi doim so'roq ostida. Xilma-xillik yo'q, yo medga o'qiydi, yo pedga. Balki u zo'r rasm chizar, balki undan yaxshi programmist chiqar, balki yaxshi bankir bo'lar? Buni ko'p ota-onalar o'ylab ham ko'rmaydilar, hatto qizlarning o'zlari ham qat'iy turib buni atrofidagilarga yetkazishga kuch topa bilmaydilar.
Ko'pincha qizlarimiz 4 ta yaltiroq ko'ylakka aldanib, 3 marta uchrashib, yuzini ko'rar-ko'rmas, gapini eshitar-eshitmas kelgan sovchilar orasidan ajratib ko'rsatilgan bir insonga turmushga chiqadi. Shunday qilib, qizlar uchun avvaliga ota-onalari hal qiladi. So'ng yo turmush o'rtog'i. Yana o'z hamjinslari bo'lgan qaynonalari. Keyin esa farzandlari. Ular tanlasalar ham doim ikkisidan bittasini tanlashlari kerak. Ha, shunday. Ikkitasidan bittasi. Masalan, ayol yo oila, yo kar'erani tanlashiga to'g'ri keladi. Nimaga bilasizmi? Сhunki ish beruvchilar ayolda potensialts o'suvchi, sosial liftga chiqa oladigan xodimni ko'rmaydi. Ko'p hollarda karera qilish uchun kechgacha ishlash kerak, oilali ayol ko'pincha bunday qilolmaydi, eri ruxsat bermaydi, bolalarini ko'zi qiymaydi va u o'rtamiyona ishchi bo'lib qolishga ko'nikadi. Yo oila yoki o'qish.
Yana bo'lmasa, yo oila, yoki ish. Nihoyatda iste'dodli ayollarimiz bugun o'zlari istagan joyda ishlashga qurblari yetsa ham oldlariga tanlov qo'yishganda ikkisidan bittasini tanlashlariga to'g'ri kelgan. Agar bugun ishxonalarimizda Mehnat kodeksi so'zsiz ishlaganida edi, menimcha hurmatli erkaklarimizning ko'pchiligi ayolining ishlashga ruxsat berardi. Oilani tanlaganlarni men doim qo'llab-quvvatlayman albatta. Ular kelajakka sarmoya tikadilar. Lekin buni ular rozi bo'lib tanlashlari kerak.
Ruhan o'zidan qoniqmagan ayol ko'pincha asabiy bo'lishi, alamini bolalar va erdan olishi, ishlamagani uchun iqtisodiy mustaqil bo'lmasligi, oilaga o'zini qurbon qilinganini pesh qilishi ko'p kuzatiladi. Va bu ham o'ziga yarasha oilaviy kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Yana boshqacha tanlovlar ham bo'ladi. Deylik, ayolning oilaga nisbatan ishonchi poymol bo'ldi. Unga chidasang shu, chidamasang katta ko'cha deyishadi. Uning har jihatdan qaramligini bilishadi, bolalarni bitta o'zi eplolmasligini ro'kach qilishadi. Aksariyat hollarda ayol chidashni va qolishni tanlaydi. Va U bu tanlov yo'lida har kuni o'lib yashaydi.
Ko'rib turganingizdek gender tenglikni oqlaydiganlar va uni qoralaydiganlar bir-biriga qarama-qarshi fikrlar juda jo'p. Haligacha bu davom etib kelmoqda. Gender tenglikka sizning munosabatingiz qanday? Fikrlaringizni kutib qolamiz.
Madina Po'lat qizi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0