Bolam yetti yil avval oqqonga chalindi,ilojsizlikdan poytaxtda qolib ketdim
Ikki bolasi, o'zi ham dardga chalinganiga qaramay tinmay ishlaydigan 38 yoshli usta – Hurmat Abdullaev hikoyasi “32 yoshimgacha Toshkentga kelmaganman. O'zi usta emasdim, bolam oqqonga chaliinib qolganidan keyin gematologiyaning yonida yuraverib tushundimki, bu yerda hali ko'p qolarkanman. Joy yo'q, ish yo'q, bemor bolaga dori yetkazib turish kerak. Ilojsizlikdan nima ish bo'lsa qilaverdim.
Nega Xorazmga qaytmadim?
O'z yurtimga, qishlog'imga qaytmayotganim haqida ko'pchilik so'raydi. O'zim ham juda sog'inaman. O'g'lim Izzatbek shifoxonadan chiqqanimdan keyin yaxshi bo'lib, “bo'ldi, ketamiz” dedik. Bolamni olib poezdda ketdik. Sho'lning ichida og'irlashib qoldi, burni qonab ketdi. Na oldinga yura olaman, na orqaga qayta olaman. “Skoriy” kutib turdi, uyga emas, bol'nitsaga tushdik. Sal yaxshi qilib: “Sen Toshkentda davolat” deyishdi.
Toshkentga qaytib, yana davolatdim. Ijara oldim, ishladim. Bir yildan ortiq ezilib ketdim, yana Xorazmni sog'indim. “Poezdda keta olmagandir, endi samolyotda boramiz” dedim. Borib qo'nishi bilan baribir ko'karishni boshladi. Yana ketdik...
Katta o'g'limm 11 yoshga kirdi, oqqonga nazoratda turadi. 3 yoshli o'g'lim haligacha gapirmaydi
“Er-xotin qarindosh bo'lganmisizlar?” deb so'rashadi. Yo'q, begona bo'lganmiz, sevib olganman va baxtli qilaman deb va'da berganman. Haligacha bolamning ko'ziga qarab titrab turaman, oqqon ustiga tutqanog'i qiynab turibdi. Sinov ham ko'p ekanda – bitta buyragini ham olib tashlash kerak. Kichkina bolamda ham dard ilashdi, uch yoshga kirib qoldi, haligacha gapirmaydi. Ko'p tekshirtirdim. Doim davolanishi kerak ekan. Ikkoviniyam nazorat qilib turish kerak. Ishda paytimda uydan telefon bo'lsa ich-ichimdan qo'rqib ketaman...
Orzuim... Orzularim ko'p
Eng muhimi shu ikki bolam sog'-salomat bo'lsa bas. Ijaralardan ko'chganimizda bolalarim juda tushkunlikka tushib qoladi. Ko'p ijarada yashadik, to'rt marta uydan uyga ko'chdik. Yo sotadi, yo chiqarib yuboradi... “Endi nima bo'lsa ham uy olmasam bo'lmaydi” deb Angliyaga ketdim. Rosa qarz-havola qildim. Biz cho'l odamlarimizda. Uyoqda yomg'ir ezib tashlarkan, hujjatlash ishlari ham ko'p ekan. Unga ham chidardim, lekin bolalarim juda ichikib ketdi. Ilojsiz qaytdim, qarzlarimni amallab uzdim. Angliya qayoqda, ishlaydigan joylarimda ham yotib qola olmas ekanman. Bolam borgunimcha uxlamay o'tiradi. Ko'ziga qarashim kerak, ko'zimga qarashi kerak...
O'zimda ham kasallik bor
Ko'pchilik “Akrogamaliya degan kasal bo'lgansiz shekilli” deyishdi. Do'xtirlarga uchrashdim, gipofiz patologiyasi bor ekan. Qo'llarim, quloqlarimni ko'rib hayron bo'lishadi. O'zim ham qo'rqdim.
Yaqinda sovuqda ishlab yuzim osilib qoldi, ancha qiynaldim. Lekin ishlayverdim. Men ishlab charchamayman, lekin bolalarimni o'ylab ezilaman. Shukr, bu sinovlar ham bor ekanda...
O'zim ta'mirlagan uylarni ko'rib havas qilaman
O'zi vetvrach edim, santexnik bo'lib ketdim. Ungacha har xil ishlarni qildim. Hozir hammasini o'rganib oldim, to'liq ishlayapman. Yaxshi pul topsa bo'ladi, Toshkentda 10-15 mln pul topaman, lekin xarajatlar ham ko'pda. Ijara, ikkita bolani davolash, ro'zg'or... Yuzlab uylarni ta'mirladik. Hammasini ko'rib havas qilaman. Xudo xohlasa bizga ham yetkazadi, yaxshi niyatdaman. Shunisiga ham shukr, hammasi yaxshi bo'ladi...”
Abror Zohidov suhbatlashdi
(Hurmat Abdullaev bilan suhbatimiz juda og'ir kechdi – ustani gapirtirish qiyin bo'ldi. videosini qo'ldan kelgancha sayqalladik, maqolani esa ma'lumotlar bilan to'ldirdik va badiiylashtirdik)


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0