“Сhetda uy-joy qilish uchun yuribman” – xorijdagi yurtdoshlar dardlari
Migrantlar mavzusi har doim og'riqli bo'lgan. O'zbekiston aholisi yiliga 900-950 ming nafarga ko'paymoqda. Har yili mehnat bozoriga 700 ming ishchi kuchi kirib kelyapti. Migrantlar soni 2 mln, ya'ni aholi sonidagi ulushi 5,5 foizni tashkil etmoqda. Ularning katta qismi asosan, Rossiya va Qozog'istonda mehnat qiladi. Hatto viloyatlarda bitta qishloqdan 200-300 nafar erkak Rossiyaga ishlash uchun ketgan holatlar ham yo'q emas.
Ishonch.uz muxbiri chet davlatda ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbat qildi.
Uy-joy qilsam, keyin O'zbekistonga qaytaman…
– 2 yildan beri Rossiyada qurilishda ishlayman. O'zbekistonda ham shu sohasida ishlaganman, lekin daromadim kam edi. Bu yerda oylik maosh yomon emas. Ishning oson va qiyinligiga qarab, oyiga 100-110 ming rubl' topaman. Bu o'zbek so'miga 14 millon so'mga yaqin degani. Shundan 13 foizini soliq uchun olib qolishadi. Rossiyada ishlab yurib, rus tilini o'rgandim. Rus tili bo'yicha sertifikat ham olganman. Shaxsiy uyim yo'q. Bu yerda ishlab uy-joy qilib olsam, keyin O'zbekistonga qaytish niyatim bor, – deydi Sharofiddin Husanov.
Oliy ma'lumotliman, maktabda oylik kam bo'lganligi uchun Angliyada ishlayapman…
– Sportchiman. Jizzax pedagogika universitetining jismoniy madaniyat fakul'tetini tugatganman. Murabbiylik qildim, ustachilik bilan ham shug'ullandim. Mutaxassisligim bo'yicha ish qidirib ko'p maktablarga bordim. Mutaxassislar ko'p bo'lganligi uchun 10 soat dars olgan taqdirimda ham bir millon oylik beriladi. O'sha pulni men hozirgi ishlayotgan joyimda yarim kunda topayapman. E'lon orqali ish topib, Angliyaga keldim. Hozir haftasiga 600 dollargacha pul topyapman. Mavsumga qarab ish haqimiz ko'tarilib turadi. Bu yerdagi asosiy ishimiz bog'da, issiqxonalarda ishlash. Yeb-ichish va yotoq joylarimizning hammasi o'zmizning hisobimizdan. Bu yerda bir oylik olgan maoshimiz uchun 14 foizga yaqin soliq ushlanadi. Tilni uncha yaxshi bilmayman, ammo o'rganyapman, – deydi Angliyada ishlayotgan hamyurtimiz (ismini oshkor etishni istamadi).
Pul yig'ib O'zbekistonda tadbirkorlik qilmoqchiman
– Deyarli 10 yildan buyon Rossiyada ishlayman. To'g'risi, muqim ish joyim yo'q. Asosan qurilishda, ko'cha tozalashda, qishda qor kurab pul topaman. Topganimning 20 foizini kvartira xarajatlariga to'layman. Mana 2 yil bo'ldi, oilamni ham Rossiyaga olib keldim. Ikki farzandim shu yerdagi bog'chaga boradi. Er-xotin ishlab, O'zbekistondan uy oldik. Ishimiz yaxshi. Ammo pul to'plab o'z yurtimda tadbirkorlik bilan shug'ullanmoqchiman, – deydi Shuhratjon Sultonov.
Ishim, topish-tutishim yomon emas
– 2 yildan beri Rossiyadaman, – deydi Husan Mirxodjaev. Bu yerga tanishlarim chaqirdi. Hozir katta supermarket omborida yuk tashuvchiman. Maoshimiz vaqtida beriladi. Uyimga har oy 400-500 dollar pul jo'nataman. Asosiysi bu yerda ish ko'p. Dam olgan kunlarim qo'shimcha ish topib ham ishlayman. To'g'risi ish tanlab o'tirmayman. Yengilmi-og'irmi, qo'limdan kelsa bajarib ketaveraman. Bu yerga pul topish uchun kelganman. Shuning uchun dam olishsiz ishlayman.
O'g'lim, kelinim, qizim Rossiyada
– Hamma bolalarim Rossiyada. O'g'lim Ahrorjon oshpaz, qizim Shoiraxon oshpaz yordamchisi, kelinim Sevaraxon esa sotuvchi bo'lib ishlaydi. Topishlari yaxshi. Hammasining o'z ishi bor. Mana topganini jo'natib, uy-joyini yaxshilab oldi, – deydi O'ktamxon Po'latova.
Migrantlarni himoya qilish va ularga ko'maklashish uchun O'zbekistonda qanday ishlar olib borilmoqda, ular xorijda kafolatlangan ish o'rinlariga egami kabi savollar bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bosh mutaxassisi Umar Asrorovga yuzlandik.
– Xorijda ishlash taklifi bilan ko'plab insonlar keladi. Biz ularni imkon qadar o'z mutaxassisligi bo'yicha ishga yuborishga harakat qilamiz. Avvalo, xorijga ketayotgan shaxs ishga ketayotgan davlatni tilini yaxshi bilishi kerak. Agar til bilmasangiz, u yerda ham qiyinchilikka uchrashingiz mumkin. Yuridik shaxslarga O'zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish, ularning kasbiy malakasini va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash faoliyatlari bilan shug'ullanish huquqi berildi. Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Xorijda ishlab qaytib kelgan shaxslarni tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish maqsadida Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha subsidiya ajratilishi belgilangan. Xorijga ketayotgan fuqarolarning “ishchi viza”, yo'l chiptasi va xorijiy til yoki kasb bo'yicha malakani baholash xarajatlarini bir qismining qoplanishi natijasida ularga qo'shimcha moliyaviy imkoniyat yaratish ko'zda tutilgan.
Ma'lumot uchun malaka imtihonlari uchun – BHMning uch baravarigacha, “ishchi viza” uchun – besh baravarigacha, yo'l chiptasi uchun – ikki baravarigacha miqdorda to'lab berilishi kutilmoqda.
Madina Po'lat qizi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0