Сhiqindilar bilan ishlashdagi kamchiliklar: tahlil va yechim
Сhiqindilar aholi salomatligi, atrof-muhit uchun xavfli, boz ustiga ular hududlarning sanitariya va ekologik holati, mamlakat imijiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Shundan kelib chiqqan holda atrof-muhit va fuqarolar sog'ligi muhofazasi nuqtai nazardan chiqindilarni boshqarish sohasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Unda joriy yil bahorda boshlangan “Yashil makon” loyihasini joylarda amalga oshirish jarayonlari hamda chiqindilar bilan ishlash sohasi tanqidiy ko'rib chiqildi.
Davlat rahbari tomonidan yig'ilishda belgilangan vazifalar, xususan mamlakatda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida mavjud holat, muammo va yechimlar masalasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo'mitasi a'zosi Islom Xushvaqtovga murojaat qildik:
– Aytingchi, bugun mamlakat miqyosida qancha chiqindilar hosil bo'ladi, aholiga sanitariya xizmatlarini ko'rsatish, ya'ni chiqindilarni yig'ish, saralash va poligonlarda yig'ish va qayta ishlash borasida qanday natijalarga erishilmoqda?
– Ma'lumotlarga ko'ra mamlakatda birgina maishiy chiqindilarning yillik hosil bo'lish hajmining prognozi 14-14,5 mln tonna atrofida baholanib, aholining o'rtacha 1,5 foizga ko'payish sur'atini hisobga olganda, ushbu ko'rsatkich 2028 yilga kelib 16-16,7 mln tonnaga yetishi, sanoat chiqindilari esa 100 mln tonnadan oshishi mumkin.
Respublikada sanitar tozalash korxonalari tomonidan 8759 ta mahalla fuqarolar yig'inlaridagi aholiga maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari ko'rsatilib, xizmatlar bilan qamrov darajasi 93,1 foizni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda respublikada maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqib ketish xizmatlari “Toza hudud”, “Maxsustrans” va “Maroqand obod” davlat unitar korxonalari, 50 ta davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan korxonalar hamda 93 ta xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirda sanitar tozalash korxonalari tasarrufida 4 282 ta maxsus texnikalar, 4 037 ta chiqindi yig'ish maydonchalari, 19 335 ta chiqindi konteynerlari mavjud.
Maishiy chiqindilarni ko'mish, joylashtirish uchun 221 ta chiqindi poligoni mavjud bo'lib, ularning umumiy yer maydoni 1493 gektarni tashkil etadi. Ushbu chiqindi poligonlarida 2 mlrd. tonnaga yaqin maishiy chiqindilar saqlanmoqda. Viloyatlardagi 31 ta chiqindi poligonlari sanitar-ekologik me'yoriy talablarga javob bermaganligi va to'lganligi sababli foydalanishdan to'xtatilgan.
Сhiqindi poligonlarni boshqarish va sohaga zamonaviy texnikalarni jalb qilish masalasida 2024-2026 yillarga mo'ljallangan manzilli dasturga muvofiq 2024 yilda 36 ta maishiy chiqindi poligonlari rekul'tivatsiya qilish, 6 ta poligonni tartibga keltirish hamda 3 ta chiqindilarni qayta yuklash stantsiyalari qurilishi borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Sohada o'z navbatida kamchiliklar ham yetarlicha. Ularni bartaraf etish bo'yicha qanday choralar amalga oshirilishi ko'zda tutilgan?
– Joriy yilning 4 yanvarida “Сhiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta'sirini kamaytirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unda hosil bo'layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to'planishining oldini olish, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta'sirni minimallashtirish, “nol' chiqindi” tamoyiliga erishish va aylanma (tsirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha qator vazifalar belgilandi.
Aholiga o'z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki tizimli ravishda chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilishi kuzatiladigan hududlarda o'z mablag'lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o'rnatish yuzasidan Vazirlikka buyurtma berish imkoniyati yaratildi. Bunda, javobgarlikka tortish choralari ko'rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag'larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan buyurtma bergan shaxslar rag'batlantirilishi ko'zda tutildi. Bu odamlarning o'z hududi ozodaligini nazorat qilishga rag'batlantiradi.
“Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimini joriy qilinishi esa o'z navbatida sohada nazorat tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Va eng asosiysi xodimlarni rag'batlantirishning yangi menxanizmlari joriy etildi. Sanitar tozalash korxonalarining ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug'ullanuvchi ishchilari xizmatlarini rag'batlantirish maqsadida soha ishchilariga, ekofaollarga va jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga Ekologiya jamg'armasi mablag'lari hisobidan har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlar tashkil etilishi belgilandi.
Sohada ko'rsatilgan xizmatlar uchun elektron to'lov tizimlari joriy etiladi. Sir emas, bugungi kunda sanitar tozalash xizmatlari uchun to'lovlarni amalga oshirishda inson omilining yuqoriligi, markazlashgan elektron to'lov tizimining to'liq joriy qilinmaganligi sababli sohada debitor qarzdorlik ko'paygan. Bu borada ham xuquqiy xujjatda bir qator mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bunda avvalombor, barcha sanitar tozalash korxonalari tomonidan Yagona elektron tizimga ulangan holda fuqarolarga xizmat ko'rsatishni tashkil etish, ushbu talabni bajarmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish va ular xizmat ko'rsatadigan hududlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonalarga biriktirish mexanizmi joriy etilmoqda.
Huquqbuzarliklarga nisbatan ma'muriy choralar ham kuchaytirilmoqda. Сhiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog'liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish hamda huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo'lgan ashyoni musodara qilish ko'zda tutilgan. Сhiqindilarni maydonchalardan noqonuniy olib chiqib ketish uchun ma'muriy javobgarlik kiritish, shuningdek, o'z hududlarini tozalashga mas'ul bo'lgan jismoniy va yuridik shaxslar vazifalarini bajarmaganligi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi uchun javobgarlik kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.
Maishiy chiqindilarni qayta ishlash faoliyati yanada rag'batlantiriladi. Ayrim chiqindilarni qayta ishlashni yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilishni yo'lga qo'ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy etilmoqda. Maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish maqsadida ayrim shahar va tumanlarda maxsus loyihalarni amalga oshirish belgilanmoqda. Bunda chiqindilarni chiqindi yig'ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig'ishni tashkil etiladi hamda ular toifalariga qarab turli ranglarga ega maxsus chiqindi paketlari fuqarolarga bepul tarqatiladi.
– Сhiqindi poligonlari bugun belgilangan talablarga qay darajada javob beradi, deb o'ylaysiz?
– Bugungi kunda olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, sohada qator kamchiliklar saqlanib qolayotganligini ko'rsatmoqda. Xususan, maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish bo'yicha xizmatlar ko'rsatilmaydigan hududlar tadbirkorlik sub'ektlariga imtiyozli asosda biriktirib berilishi lozim bo'lsada, hududlar to'liq biriktirilmagan. Sohada bozor iqtisodiyoti mexanizmlari, xususan davlat-xususiy sheriklik, xususiy sektor ta'siri sezilmaydi.
Aksariyat chiqindi poligonlarida chiqindilarni saqlash va ko'mish talablariga rioya qilinmagan, poligonlar quriladigan joylarda geologik va gidrogeologik tadqiqotlar, ekologik ekspertizadan o'tkazilmagan. Ayrim poligonlar sanitariya-epidemiologiya xulosasisiz faoliyat yuritmoqda. “Сhiqindilarni ko'mish va utilizatsiya qilish joylari davlat kadastrini yuritish tartibi tÿg'pisida”gi nizom talablariga asosan chiqindilarni ko'mib tashlash va utilizatsiya qilish joylari davlat kadastri to'liq yuritilmaydi.
Shuningdek, ayrim poligonlarda “O'zbekiston sharoitida qattiq maishiy chiqindilarni maxsus poligonlarda saqlash va zararsizlantirishga oid sanitariya talablari”ga asosan chiqindi pasporti ishlab chiqilmagan, chiqindilar hisobi yuritilmaydi, sanitar himoya, kuzatuv zonasi mavjud emas. Poligonlar to'liq ichimlik suvi, elektr energiyasi, ovqatlanish xonasi va hojatxona bilan ta'minlanmagan. Eng achinarlisi ko'plab poligonlarga kirish yo'llari mavjud emas va atrofi o'ralmagan.
Ayni paytda “Сhiqindilar to'g'risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Hujjatga qator zaruriy normalar kiritilmoqda.
Aytish kerakki, hududlarda paydo bo'layotgan noqonuniy chiqindixonalar nafaqat maishiy chiqindilar, balki qurilish, ishlab chiqarish hamda tibbiyot chiqindilaridan ham iborat. Boz ustiga ularning aksariyati tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan tashkil etilmoqda. Сhiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasiga xususiy sektor vakillarini kengroq jalb qilishga qaratilgan choralarni ko'rish, tadbirkorlik sub'ektlarini kengroq jalb qilish, ularga hududlarni biriktirib berish jarayonlarini soddalashtirish hamda teng sharoitlarda faoliyat olib borish imkoniyatlarini yaratish bo'yicha normalar kiritilmoqda.
Shahar va tumanlar markazlarida hosil bo'layotgan qurilish chiqindilarini joylashtirish uchun hududlar atrofida qurilish chiqindilari poligonini tashkil etish hamda ularni qayta ishlab, qurilish materiali sifatida ularga qayta hayot berish yo'li bilan yangi hamda arzonlashtirilgan xomashyo bazasini yaratishni qo'llab-quvvatlash ko'zda tutilgan.
Сhiqindilar hosil bo'lishining o'sish sur'ati aholining yashash sharoiti va respublika iqtisodiyotining o'sishini ko'rsatib beruvchi asosiy indikator ekan, kelgusida chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimini modernizatsiyalash va takomillashtirish yanada dolzarb bo'lib qoladi.
ishonch.uz muxbiri
Gulruh ODAShBOEVA suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0