Farrux ZOKIROV: Nimani kuylaysan, kuylamoqchisan, avval o'zing ishon...
San'atning sarhadi, iztirobning millati, go'zallikning mazhabi bo'lmas... Ayrim san'at asarlari umuminsoniyat ovoziga aylangani sari unda O'ZLIK hodisasi o'shancha qabarib boraverar ekan.
O'zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov ijodi «mahalliylik»dan oshib o'tgan milliy san'atdir. Uning ijrosidagi umuminsoniy tuyg'ular sharqona haroratga burkalgancha Osiyo ohangida saslanadi. Xonanda qay tilda kuylamasin, Sharq nafasi ufurib turadi...
– Сhingiz Aytmatov «Eyfel' minorasi qoshidagi o'ylar» essesida Maykl Jeksonni «XX asrning shamani» deb ataydi va shu o'rinda «Yalla» ansamblining ildizlari nihoyatda chuqurligini eslab o'tadi. Negaki, siz qay tilda kuylamang, sharqona harorat, Osiyocha nafas ufurib turadi. Masalan, Sergey Yeseninning «Men Bosforda bo'lmaganman hech» she'rini qo'shiq qilgansiz, rus tilida ijro etilgan o'sha qo'shiqda ham Osiyo ovozi bo'lib chiqasiz. Siz bu o'zgachalikka atay intilasizmi yoki tabiiy kechadimi?
– Uzr, nokamtarlikka yo'ymasangiz, Сhingiz Aytmatov menga yo'llagan tabriklarida ham Sharqda qo'shiqlarimizning alohida o'rni borligini yozgan edilar. Ochig'i, bu tabrikdan boshim ko'kka yetgandi. Endi savolning o'ziga to'xtalsak, buni hech o'ylamaganman, ya'ni atay qilinmagan. Ular dildan chiqqan kuy-qo'shiqlar edi. Сhindan ham, ildizlarimiz nihoyatda chuqur. Men tomirlari baquvvat bu ko'hna tuproqdan uzilib ketolmadim. Boshqacha bo'lishi xayolimga ham kelmadi. Buning siri oiladagi muhitga, tarbiyaga borib taqaladi, deb o'ylayman.
Esenin she'rini misol qildingiz, yuzlab she'rlar ichidan qalbimga yaqinroq bo'lgani uchun shu matnni tanlaganman. Biroz o'zimning hissiy munosabatimni qo'shganim uchun sharqona ohang tug'ilgan. Сhindan, rossiyalik yoki yevropalik bu she'rni kuyga solganda boshqacha chiqishi mumkin edi. Bir o'zbek yigiti hech qachon Bosforga bormagan, degan kayfiyatni, ma'noni yetkazib berishga harakat qilganman.
– Sizning ijroingizda shunday xususiyat borki, she'r qo'shiqqa aylanganida u butkul boshqa hodisaga, Farrux Zokirovning xos asariga do'nadi. Masalan, qo'shiqqa ko'chgan Alisher Navoiyning «Lolalar» g'azali yoki Azim Suyunning «Oq va qora» she'ri...
– Furqatingdin za'faron uzra
to'karmen lolalar,
Lolalar ermaski, bag'rimdin
erur pargolalar.
«Oq va qora» – hayot haqiqati haqidagi she'r. Nimagadir intilasiz, unga erishmoqchi bo'lasiz va turfa to'siqlarga duch kelasiz-da, dood deb yuborasiz...
Men o'zbekning ikki buyuk o'g'loni – Botir Zokirov bilan Abdulla Oripovning o'zaro suhbatlariga ko'p guvoh bo'lganman. Ular o'zbek millatining tarixi, adabiyoti va san'ati haqida kuyinib, yayrab gaplashishardi. U suhbatlar yozib qo'yilganda edi, avlodlarga qoladigan betakror xazina bo'lardi. O'sha suhbatlar mening butun ongimga, qalbimga, vujudimga singib ketgan. Hamon o'zim bilan qolganimda, o'sha gurunglarni qo'msayman, «qanchalar baxtli odam bo'lgan ekanman», deb o'ylayman. Eslasam, ichim shodlikka to'ladi.
She'riyatga hurmat tuyg'usi ham Botir akamdan meros. Ular qo'shiqda she'rning mag'zini olib chiqish kerakligini aytardilar. Qo'shiq yaralishida shoir, bastakor va ijrochi uyg'unligi juda muhim. She'r – qo'shiqning ustuni. Ilhomni aynan matndan olaman. Misralar ichra yashirinib yotgan yurakni topa olsangiz bas, musiqasi o'zi bilan keladi. Masalan, rahmatli Turob To'la qalamiga mansub «Majnuntol» she'rining musiqiy g'oyasi o'zida edi. Lekin hozir ijrochilar she'rga e'tibor bermay qo'yishdi. Bu bizga yarashmaydi. O'zbek aynan she'riy xazina borasida g'arib emas. Hazrat Alisher Navoiydek buyuk shoiri bor millatga yengil-elpi she'rlarga qo'l urish yarashmaydi.
– Aruz vaznini estradaga ko'chirish qiyin kechmaganmi? «Lolalar» g'azalining qo'shig'i juda muvaffaqiyatli chiqqan.
– O'tgan asr saksoninchi yillari o'rtalarida Sharqning buyuk shoirlariga bag'ishlangan dastur qilmoqchi bo'ldik. O'shanda Alisher Navoiy, Rabindranat Thakur, Umar Xayyom va Furqatdan she'rlar tanladik. Men uchun aynan Navoiyning «Lolalar» g'azalini kuyga ko'chirish qiyin kechgan. Сhunki mas'uliyat yuksak. Axir, Navoiy ijodi bo'yicha katta maqomlar, juda jiddiy musiqiy asarlar yozilgan, endi estrada yo'nalishida qanday bo'larkan, deb ko'p o'ylaganman. Juda ehtiyotkorlik bilan yondashdim.
– Bir interv'yuda sizga «Kinoda qaysi rolni o'ynashni istaysiz?» deyishganda, Siz «Navfal rolini» degansiz. Bu akangiz xotirasiga bo'lgan hurmatmi yoki asar qahramoniga ixlosingiz?
– Avvalo, asar qahramoniga bo'lgan mehrim. Tabiiyki, bosh qahramon roliga da'vo qilolmayman. «Layli va Majnun» asaridagi Navfal obrazi olijanoblik timsolidir. U «Romeo va Jul'etta»dagi gertsog Eskalni eslatadi. Navfalu Eskal kabi qahramonlarning bu dunyodagi missiyasi – adovatlarga barham berish. Bunday insonlarga hurmatim juda baland. Shuning uchun ham qani edi «Layli va Majnun» ekranlashtirilsa, shu rolni menga berishsa edi, deb orzu qilganman.
– Rahmatli Botir Zokirovning kundaliklarida o'qigandim: «Eng yomoni didsiz odamning amaldor bo'lishi. Сhunki uning daqqi didi mezonga aylanadi». Siz ma'lum vaqt madaniyat sohasini boshqardingiz, vazir bo'ldingiz. Jarayonga qanday ta'sir qila oldingiz? Ya'ni yuksak didli Farrux Zokirov amaldor Farrux Karimovichni o'z izmiga sola oldimi? Yoki vazirning san'atkorga bosimi baland keldimi? Qay biri ustun keldi?
– Goh unisi baland keldi, goh bunisi. 1993 yillarda «Mana, Latviyada Raymond Pauls, Ozarbayjonda Po'lat Bulbul o'g'li Madaniyat vaziri, sening ulardan nimang kam» deb aytishganida, men «Nima ayb qilib qo'ydim?» deganman. Sahnada bo'lsam, san'atga ko'proq yordamim tegishini aytgandim.
Yillar o'tib, baribir shu to'xtamga kelindi. O'shanda «Mayli, ijodiy safarlarida yuraversin, xohlagan qo'shig'ini aytaversin, lekin bu lavozimda ham bir ko'raylik-chi» deyishgandi. Avvalo, men yo'q, deya olmasdim. O'ylagandimki, butun umrim san'at olamida o'tdi, zora san'atkorlarga foydam tegar deb, lekin sal adashibman. Kabinetda meni boshqacha muammolar, boshqacha masalalar kutib turgan ekan. Hechqursa, teatrlar bilan bog'liq masalalarga foydam tegarmikan, deb o'ylovdim. Lekin «tepa» topshiriqlari bilan ovora bo'lib qoldim. Xullas, men tizimni boshqacharoq tasavvur qilgan edim...
– Betakror sahna liboslaringizning tarixi haqida gapirsangiz.
– Bir kun Botir akam «Nega Kamoliddin Behzod chizgan rasmlarni sahnaga olib chiqish mumkin emas?» deb qoldilar. Akam Behzod miniatyuralaridagi kiyimlarga biroz zamonaviy sayqal berib chizib bergandilar. Ularning bu g'oyasidan rus hamkasblarimiz, libos rassomlari hayratlangandi. «Sizlarda madaniy meros buncha rang-barang, boy bo'lmasa! Bu go'zallikni faqat siz namoyon eta olasiz», deb e'tirof etishgandi.
– Poytaxtimiz markazida qad ko'targan Botir Zokirov haykalining ochilish marosimini o'zgacha kechinmalar bilan kuzatdim. Hukumat a'zolarining san'atkor «poyi»ga ehtirom bilan gul qo'yayotgandagi holati, yuzidagi samimiyati xayollarimni yaqin tarixga, aniqrog'i Botir Zokirovning sarkash olamiga olib ketdi... Mavlono Rumiyning «Sen oltin bahosidasan, o'zingni mis chaqaga sotma» degan gapi aynan Botir aka kabi eryigitlarga qarata aytilgandek... Katta iste'dod egalari haqida gap ketganda beixtiyor «iste'dodi qadar ziddiyatli va murakkab shaxsiyat» degan sifatlar tilingga ko'chadi... Lekin Botir Zokirov «boshqa dunyodan kelmish bir kishi» bo'lib xayollarda kezadi. Siz u zotni hammadan ko'ra yaxshi bilasiz va sog'inasiz. Bu siymoning o'ziga xosligi, beqiyosligi siri nimada edi?
– Botir akam o'ta printsipli, balandparvoz rasmiyatchilikka murosasiz inson edilar. «Vijdonim qabul qilmaydi, butun vujudim ularni inkor etadi» degan gapni ko'p aytardilar. Amali gapiga mos shaxsiyat edi. Xos xarakter edilar. Akamdagi qat'iyatga, erkakcha sifatlarga doim havasim kelgan. Hamisha san'atkor mas'uliyati, iste'dod e'tiqodi haqida gapirardilar. «Minbar yo sahnaga chiqishdek sharafga ega bo'ldingmi, seni tinglayotganlar oldida mas'ulsan!». Nimani kuylaysan, nima haqida gapirasan, avval o'zing ishon, deb ta'kidlardilar. U kishi uchun hamma narsa yuqori saviyada bo'lishi kerak edi. Dadam ham san'atkor yurib-turishiga, fe'l-atvoriga e'tiborli, muloqotda madaniyatli bo'lishini aytardilar. Lekin akamdan farqli o'laroq, halim, kishi ko'ngliga qaraydigan, murosago'y, yon beradigan inson edilar. Yosh bolalar bilan «sizlab», o'zlariga teng ko'rib gaplashardilar. Botir akam esa boshqacha, odamga, olamga munosabati aniq, kezi kelsa, o'ta keskin edi. Adabiyotni, tarixni, san'atni teran tahlil qilardi, ko'p mutolaa qilganidan, buyuklar olamida ko'p yurgani uchun ham o'lchovlari katta, mezonlari baland shaxs edi. Ayniqsa, qarindoshlarni ayab o'tirmasdilar. «Aka, nima qilibdi bitta qo'shiq aytsam» desam, «yo'q, uka, oldin o'qi» deganlar.
– Shunday bahs yuradi, avval so'z, keyin kuy, undan keyin ijro deyishadi. Ijro so'nggi o'ringa tushib qoladi. So'z yaxshi bo'lsagina, qo'shiq yaxshi bo'ladi, degan qarash ham bor. Ammo «Ra'no» qo'shig'ini matn holida o'qisangiz, nihoyatda oddiy, qo'shiqqa aylanganda esa go'zal san'at asariga do'ngan. Balki, Mavlono Rumiy ta'biri bilan aytganda, yog'och oshiq qo'liga tushsa, o'z-o'zidan nayga aylanar...
– Ha, shunday. Lekin qo'shiqdagi uch unsur – musiqa, she'r va ijro uyg'unligini bir-biridan ajratib bo'lmaydi. Bular tirik jonga o'xshaydi. Biri bosh, biri qo'l. Xonanda musiqa va matnni nafaqat birlashtiradi, o'z hayotiy qarashlarini, hissiy munosabatini ham qo'shadi. Shundagina mukammal ijro yaraladi. «Gazli» va «Qaydasan, azizim» qo'shiqlarining yaralishiga guvoh bo'lganman. Juda katta jarayon kechgan. Ikrom Akbarov, Turob To'la va Botir Zokirov bir jonu tanga aylanardi. Qo'shiqda uch xil ong, uch xil hissiyot omixta bo'lib ketgan. Bugun hamma narsani komp'yuter ixtiyoriga topshirganmiz. Komp'yuterda na dil bor, na ong bor. Unda munosabat yo'q. O'z nomi bilan texnika. Shu uchun ham bugungi estrada ilgarigi sof, yuksak estrada emas. Haqiqiy musiqiy asar ruhiy to'lg'oqlardan, insoniy iztiroblardan, mubtalolikdan yaraladi. Iching ishqqa to'la bo'lsa, chindan ham, cho'p nayga aylana oladi. Botir akam ishq odami edi, majnun edi. Oddiy narsalardan go'zallik yarata olardi. Qo'shiq orqali chiqara olmagan his-tuyg'ularini mo'yqalam ixtiyoriga topshirardi. Mo'yqalam ham ojiz qolsa, she'ru hikoyalar qoralashga tushardilar. Yostiqlari tagidan topilgan «Layli» she'rini eslang... «Qaydandir navo keltirar bu tun/ Kuylagay go'yo oh urib Majnun». Oxirgi al'bomlari uchun she'rlarni o'zlari yozmoqchi bo'lganlar, shekilli. «Layli» dardida bir yil yurdim. Akam musiqamni qabul qilarmidi yo yo'qmi, deb ko'p o'ylaganman... Bastakorlik faoliyatimni boshlayotganimda ham Botir Zokirov dasturiga loyiq kuy yoza olarmikanman, degan talabni qo'yganman o'zimga...
– Zokirovlar sulolasi deganda nafaqat o'zgacha iste'dod sohiblari, yuksak did, aslzoda insonlar ko'z oldimizga keladi. Karim Zokiriy farzandlarining o'tirib-turishida, muomalasida yuksak madaniyat mujassam. Lekin Zokirovlarning keyingi avlodlarida shu mezonlar o'zgargandek… Bu nima bilan bog'liq?
– Farzandlarimizga doim aytaman «Iltimos, bolam, Karim Zokiriyning nevarasisan, esingdan chiqmasin!». Iste'dod o'z yo'liga, ammo… Onam rahmatli «hamma narsada me'yor bo'lishi kerak» der edilar. Men uchun mahalla – eng oliy maktab vazifasini o'tagan. Uning sabog'iga o'nta universitet ham teng kelolmaydi. Odamlar bilan munosabatni aynan Ko'kcha ko'chalarida o'rganganman. Dadam ham o'sha muhitning vakili edilar. Onam doim hamma bilan teng munosabatda bo'lishimizni, kattayu kichikka hurmat ko'rsatishimizni nazorat qilib turardilar. «Hov, bola, sani burning ko'tarilib ketmadimi?» degan dakkilari hanuz qulog'imdan ketmaydi. Hozir iloji boricha farzandlarimga, jiyanlarimga shu o'gitlarni eslatib turishga harakat qilaman. Lekin kuch yetmayapti, jamiyat va zamon shiddati, ularni shakllantirayotgan muhit bizdan ustunlik qilyapti. Ming afsus… Balki bu bosqich tabiiydir.
Ochig'i, Markaziy Osiyo xalqlaridan qozoq bovurlarimizning an'analari, tojik qardoshlarimizning qadriyatlari boshqacha, har birining qadri bo'lak men uchun. Lekin o'zbekona an'analarning, qadriyatlarning ma'naviy qiymati alohida ekan. Uzoq yillik kuzatuvlarim, qiyoslashlarimning xulosasi shu bo'ldi. Qani edi shularning bahosini yoshlarimiz bilganda edi, qadriga yetganda edi, katta yutuqlarga erishgan bo'lardik. Yoshlarimizga aytgim keladi, mayli ozod odam bo'ling, erkin ijodkor bo'ling, lekin qanday insonlarning avlodi ekaningizni unutmang.
– Rahmatli Jamshid aka bilan bir necha bor suhbatlashganman, ularni har xil vaziyatlarda ko'rganman, u kishi katta sulolaning urib turgan yuragi bo'lib ko'rinardi...
– Jamshidni Alloh rahmat qilsin, chindan boshqacha inson edi. Ko'plar ukamni dadamga o'xshatishadi. Bag'rikeng, yuragi ochiq, jonkuyar, kamtar, toza yigit edi. Yoshlik paytimizda Qo'qondagi qarindoshlarimiz Karim akaning o'zi deb, Jamshidni rosa maqtashardi. Bilasizmi, erishgan mukofotu unvonlarim uchun behisob shukr, lekin men uchun eng oliy mukofot – «otasiga o'xshabdi», degan olqish. Oramizdan Jamshid shu oliy mukofotga sazovor bo'lgan edi.
– Keng dunyoni tor qiladigan narsa nima?
– Mag'lubiyatga uchragan chog'ingda yaqinlaring seni tushunmasa, dunyo ko'zingga torayib ketadi.
– Farrux aka sog'inganda, eslaganda umrning qaysi pallasini ko'proq qo'msaysiz?
– Albatta, eski shahardagi hovlimizni, oilaviy yig'inlarimizni xo'p qo'msayman. O'sha yig'inlarda Botir akamning kelinoyim va o'g'illari bilan mehmon bo'lib kelishlarini sog'inaman. Odamoxun otamning o'zbekona mehmondo'stliklarini, osh damlashlarini, hazil-huzul hangomalarini ko'p eslayman. U davralarning gashtiga, fayziga hech narsa yetmas ekan. Shunaqangi shodu xurram, shunaqangi ajoyib damlar ediki... To 1976 yilning kuziga qadar... Navfal akam fojiasi oilamiz ko'ksidagi beg'ubor kulgini, shirin qahqahani o'g'irladi. O'sha damgacha ayriliq azobini, o'lim musibatini bilmas edim...
Iqbol QO'ShShAEVA
suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0