Endi pedagoglarga har oy "yo'l puli" beriladi
Qonunchilik sohasining shunday nozik tomonlari borki, yaratilgan hujjat har qancha mukammaldek ko'ringani bilan amaliyot uning puxta ishlangan yoki ishlanmaganiga oyna tutadi.
Kuni kecha Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli malaka oshirish institutida respublikamizning turli hududlaridan kelgan tuman kasaba uyushmasi kengashi raislari va maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining yuriskonsul'ti Jahongir Alijonov hamda Ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova ishtirokidagi muloqot uchrashuvida ham yana bir bor bunga amin bo'ldik. Tadbirda pedagoglar orasida, ularning issiq-sovug'idan xabardor bo'lib yurgan kasabachilar joylarda mehnat qilayotgan hamkasblarining ayrim e'tirozlari, shikoyatlari va savollarini vazirlik vakiliga yetkazdi. Jahongir Alijonov esa ularning har biriga javob va izoh berdi.
Masalan, 2023 yilda pedagoglar yetishmaydigan olis hududga borib dars o'tgan pedagoglarga qo'shimcha ustamalar tayinlangandi. Bundan ayrim uddaburon «pedagoglar» «oqilona» foydalanishga ham ulgurishibdi. Ya'ni, ular o'zlari avvaldan ishlayotgan va yashayotgan manzil ro'yxatdagi «sharoiti og'ir» hududlarga kirganidan foydalanib, rasmiy hujjatdagi o'z yashash manzillarini boshqa hududga o'zgartirishibdi. So'ng avvaldan o'zi ishlab yurgan maktabda dars o'tishda davom etib, o'sha belgilangan ustamani olishibdi. Bunday holatlar bir nechta tuman va viloyatlarda aniqlanib, aybdorlar davlatga olgan ustama pullarini to'layotgani ma'lum bo'ldi. vazirlik vakili muloqotda tuman kasaba uyushmasi raislaridan hamkasblarini har qanday holatda ham qonunni buzmaslikka chaqirishni, har bir harakat natijasiz yoki izsiz qolmasligini tushuntirishga chaqirdi. Shu bilan birga yaqinda qonunchilikda mehnatga haq to'lash borasida kiritilgan yangilik ham muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 24.11.2025 yildagi 740-son qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimcha kiritildi. Jumladan, ushbu qraorga asosan shu paytgacha uyda yakka tartibda o'qitiladigan o'quvchilarning uyiga borish uchun pedagog o'z yonidan yo'lkira sarflagan. Endilikda esa bir xil yoshdagi va bitta manzildagi ikki va undan ortiq o'quvchilarni o'qitganlik uchun umumta'lim maktablarining o'qituvchilariga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik yo'l kompensatsiyasi to'lanadi.
Ma'lumot uchun, yurtimizda 2023-2024 o'quv yilida salomatligida muammosi borligi bois uyda yakka tartibda ta'lim olgan o'quvchilar soni 14 mingdan ortiqni tashkil etgan. Ularga 41 ming nafar o'qituvchi jalb etilgan. Bu jarayonda pedagoglar o'zlari ishlayotgan maktabdan 1,2,3 kilometrdan 7,8,10 kilometrgacha, hatto undan ham olis hududlardagi xonadonlarga borib uy ta'limi berishiga to'g'ri keladi.
Zebo NAMOZOvA
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0