Endilikda dekret puli kamayadimi?
Savol: 1 yanvardan dekret pullarini hisoblash tartibi o'zgardimi, miqdori kamayadimi?
Savolga huquqshunos Muhammadamin Karimjonov javob beradi.
vazirlar mahkamasining 2025 yil 17 dekabrdagi 796-son qaroriga 4-ilova — “Davlat ijtimoiy sug'urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug'ish nafaqalarini tayinlash hamda to'lash tartibi to'g'risida”gi Nizomga muvofiq, sug'urtalangan shaxslarga nafaqa miqdori quyidagi tartibda hisoblanadi.
Nafaqa hisoblash formulasi:
Nafaqa miqdori = O'OIH ÷ 25,3 × SK × KS
Bu yerda:
O'OIH — hisoblangan o'rtacha oylik ish haqi;
25,3 — ish kunlarining o'rtacha oylik soni
(365 — yillik kunlar, 52 — yakshanbalar, 9 — bayram kunlari = 304; 304 ÷ 12 = 25,3);
SK — sug'urta stajiga qarab qo'llanadigan koeffitsient;
KS — mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko'rsatilgan va jamg'arma hisobidan qoplanadigan kunlar soni.
Sug'urta stajiga qarab koeffitsientlar:
10 oydan 24 oygacha — 75%;
25 oydan 60 oygacha — 85%;
61 oy va undan ortiq — 100%.
Muhim o'zgarish
Nafaqa hisoblashda xodimning o'rtacha oylik ish haqining faqat mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha bo'lgan qismi hisobga olinadi. Ushbu limitdan yuqori qismi inobatga olinmaydi.
Qo'shimcha tartiblar:
Nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko'rsatilgan davr uchun to'lanadi.
Yakshanba kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari hisob-kitobga kiritilmaydi.
Sodda misol faraz qilamiz:
xodimning o'rtacha oylik ish haqi — 20 mln so'm;
sug'urta staji — 24 oy;
amalda hisoblashda limit sabab 12 mln 710 ming so'm (eng kam ish haqining 10 baravari) hisobga olinadi.
24 oylik staj (75%):
(12 710 000 ÷ 25,3) × 75% × 106 kun ≈ 39 mln 938 ming so'm
61 oydan ortiq staj (100%):
(12 710 000 ÷ 25,3) × 100% × 106 kun ≈ 53 mln 251 ming so'm
Ilgari esa 20 mln so'mlik ish haqidan kelib chiqib hisoblangani uchun dekret puli 80 mln so'mdan ortiq chiqishi mumkin edi.
Avval nafaqa xodimning to'liq o'rtacha oylik ish haqidan hisoblanar edi.
Endi esa — eng kam ish haqining 10 baravarigacha bo'lgan qismigina hisobga olinadi. Shu sababli ko'p hollarda dekret puli miqdori kamayishi mumkin.
(Eng kam ish haqi oshsa, hisoblash bazasi ham o'zgaradi.)



Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0