Homilador xodim mehnat intizomini buzsa, ish beruvchi qanday chora ko‘rishi mumkin?
Amalda ko‘pchilik ish beruvchilarni qiynaydigan savollardan biri — homilador xodima o‘z maqomidan foydalanib, sababsiz ravishda ish qoldirsa yoki mehnat intizomini muntazam buzsa, unga nisbatan qanday chora ko‘rish mumkin?
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 22-moddasiga muvofiq, har bir xodim, jumladan homilador ayollar ham, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat shartnomasi talablariga va ichki mehnat tartibi qoidalariga qatʼiy rioya qilishi shart. Xodim o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishi, mehnat intizomiga amal qilishi qonun bilan belgilangan majburiyat hisoblanadi.
Biroq qonunchilikda homilador ayollarga alohida ijtimoiy himoya kafolatlari ham mavjud. Xususan, Mehnat kodeksining 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan faqat tashkilot tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgan holatlar mustasno hisoblanadi.
Shuning uchun, agar homilador xodima muntazam ravishda ishga kelmasa, progul qilsa yoki mehnat vazifalarini qo‘pol ravishda buzsa ham, uni mazkur holatlar asosida ishdan bo‘shatish mumkin emas.
Lekin bu degani xodimga nisbatan umuman chora ko‘rib bo‘lmaydi degani emas.
Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashi mumkin:
• hayfsan berish;
• o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizigacha miqdorda jarima solish;
• agar tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida nazarda tutilgan bo‘lsa, oylik ish haqining 50 foizigacha jarima qo‘llash.
Muhimi, har bir intizomiy jazo qo‘llanilayotganda Mehnat kodeksining 269 va 270-moddalarida belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilinishi shart.
Xulosa qilib aytganda, homilador xodim mehnat intizomini buzgan taqdirda uni ishdan bo‘shatish mumkin emas. Ammo har bir qoidabuzarlik holati uchun qonun doirasida hayfsan yoki jarima kabi intizomiy jazolarni qo‘llash mumkin.
Qonunchilik barcha xodimlar uchun teng majburiyat yuklaydi, lekin ayrim toifalar uchun ijtimoiy himoya kafolatlari ham saqlanib qoladi.
Muhammadamin Karimjonov, huquqshunos



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0