“Pasport stoli”da ortiqcha to'lovlar: Bunga kim javob beradi?
Kuni kecha Mahfuza Nazarova ismli yurtdoshimiz shaxsni tasdiqlovchi hujjatining muddati tugagani bois, eski pasportining o'rniga ID guvohnomasi olish uchun "Pasport stoli"ga borgani va u yerda ayrim “g'alati” ishlarning guvohi bo'lganini yozib qoldirdi.
“Pasport almashtirish narxi 302 ming so'm ekan, kvitantsiya yozib berishdi. Ishga shoshilayotganim uchun tezroq rasmga tushib, to'lovni amalga oshirib ketdim. Ishga kelib qarasam, 360 ming so'mga chek urilgan va chekda xizmat uchun, sug'urta uchun to'lov qilingani ko'rsatilgan. Ertasi kuni ID shaxs guvohnomasi olib, xorijga chiqish guvohnomasi uchun suratga tushdim. Buning uchun 340 ming so'm to'lanarkan, kvitantsiya yozib berishdi. Yana kassaga bordim. Kassada o'tirgan qiz (chekdagi yozuv bo'yicha familiyasi Xurshidova) mendan so'rab o'tirmasdan to'lov sug'urta va xizmat haqi bilan 400 ming so'm bo'lishini aytdi. Shunchaki sinash uchun indamay kartamni uzatdim, u kartamdan pul yechib oldi va chek urib berdi, men bilan xizmat ko'rsatishni tugatib, keyingi mijozga xizmat ko'rsatishga o'tdi.
Men Xurshidova mijozga xizmat ko'rsatib bo'lishini kutib turdim, ishini tugatgach, savol berdim:
– Siz hozir mendan sug'urta uchun pul yechib oldingiz, lekin sug'urta polisi bermadingiz, nima uchun?
Xurshidova dovdiradi:
– Uzr, esimdan chiqibdi, dedi.
Men yana so'radim:
– Kechayam mendan shaxsni tasdiqlash guvohnomasi uchun sug'urtaga pul yechib olgansiz, lekin kechayam polis bermagansiz. Nega?! Kecha men bilan nechta kishi kassaga pul to'lagan bo'lsa, ulargayam polis bermadingiz, men guvohman, dedim.
Xurshidova dovdirab, menga ikkita polis chiqarib berdi”.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 oktyabrdagi “Sug'urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug'urtasi sohasini rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-5265-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 dekabrdagi “Elektron turdagi sug'urta xizmatlarini ko'rsatish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 694-sonli qarorida belgilangan normalarga ko'ra yurtimiz fuqarolariga sug'urta polisi sotilsa, u Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida aynan sotilgan kuni ro'yxatga olinib, E-polis tizimidan o'sha shaxsning telefon raqamia bu to'g'risida SMS kelishi kerak. Ammo Mahfuza Nazarovaning telefoniga bunday SMS kelmagan. Ichki ishlar bo'limiga va Markaziy bankka qo'ng'iroq qilib, holat yuzasidan murojaat qilgandan keyingina, kechasi 22:03da e-polis tizimida sotib olgan polislari ro'yxatdan o'tgani to'g'risidagi SMS kelgan.
Qolaversa, yana bir jihat, Mahfuza Nazarovaga berilgan cheklarni Soliq ilovasidan ro'yxatdan o'tkazayotgani unga ko'rsatilgan xizmat uchun berilgan chek boshqa telefon raqami orqali ro'yxatdan o'tkazilgani ma'lum bo'lgan. Ya'ni, yurtdoshimiz chek ro'yxatdan o'tkazilgan raqamga qo'ng'iroq qilganida, telefonni yosh maktab o'quvchisi olib, bir kun avval shaxsni tasdiqlash guvohnomasi olgani va bu chek kassada unga taqdim etilganini aytgan.
“Pasport stol”larida kassa xizmatini ko'rsatayotgan tashkilot hech qanday tijorat bankining kassasi emas, balki Yunusobod tumani 4-daha, 34-uy, 2-xonadonda joylashgan “DAvR SMART SERvICE” MСhJ ekan. Bu tashkilotning men duch kelgan holat kabi ishlari yuzasidan avvallari ham shikoyat bo'lgan ekan.
MСhJning kassa xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha litsenziyasi bor-yo'qligi esa so'roq ostida.
Endi savol tug'iladi. “Pasport stol”larida kassa xizmat ko'rsatayotgan “DAvR SMART SERvIS” MСhJ kimga tegishli, kassa xizmatini ko'rsatish bo'yicha litsenziyasi bormi?
Nechta odamdan sug'urta uchun pul yechib olinib, polis rasmiylashtirilmagan? Sug'urta polisining qog'oz shakli berilgan, ammo elektron ro'yxatga olinmaganlari qancha?
Agar polis E-polis tizimidan ro'yxatdan o'tmagan, lekin buning uchun pul yechib olingan bo'lsa, mijozga yetkazilgan zararni kim qoplaydi?
Ko'rsatilgan xizmat uchun berilgan cheklarning kopiyalari nima uchun boshqalarga berilyapti, qolgan cheklar qani, ularni kim soliq ilovasidan ro'yxatdan o'tkazyapti?!
Xullas, bitta pasport almashtiraman, deb shuncha savolning ichida ko'milib qoldim.
O'zbekiston Respublikasida Qonun ustivor, unga hamma rioya etishi kerak. Prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talablarini buzganlar qonun doirasida javobgarlikka tortilishi shart”, – deb postini yakunlagan M. Nazarova.
Biz shu kunning o'zida M. Nazarova bilan bog'landik. U postni yozganidan beri telefoni jiringlab tinmayotganini, har xil bosimlar bo'layotgani bois, ortiqcha gapirolmasligini aytdi.
“DAvR SMART SERvIS” MСhJning pasport stolida “bunday erkin tarzda” xizmat ko'rsatishga vakolati bormi? Bu MСhJ qachon ro'yxatdan o'tgan, ta'sischisi kim? Afsuski, internetda bu haqda ma'lumot topolmadik. Toshkent shahar IIB boshqarmasining matbuot kotibi Nilufar Isaxanova bilan bog'landik. U avvaliga bundan xabari yo'qligini aytdi, tarmoqlarda tarqalgan postni telegram orqali tashlab berganimizdan keyin esa, to'lovlar masalasi IIB boshqarmasiga tegishli emasligini, unga “pasport stoli”dagilar aralasha olmasligini aytdi. Biz pasport olish uchun borgan fuqarolar to'lov qilishga kelganida shunday noqonuniy holatlarga duch kelayayotganini, pasport stoli boshlig'i bunga ruxsat bermaganida “DAvR SMART SERvIS” MСhJ u yerga kirib faoliyat ko'rsatmagan bo'lardi, deganimizdan keyingina u holatni o'rganib javob berishini aytdi.
Feysbukdagi muhokamalarda odamlar holat bo'yicha erkin tarzda o'z munosabatini bildirishgan:
Zinnura Usmonova ismli Feysbuk faoli: “O'sha chekka men ham qiziqdim ko'p joylarda. Aptekalar, do'konlarni ko'pi bermaydi. O'zlariga olib qolishadi. Ochiqdan ochiq o'g'rilik birovni haqqini yeyish bu…”;
Nilufar Sulaymonova ismli foydalanuvchi: “Mendayam ko'p shunaqa bo'ldi, bitta kiyim do'koni sotuvchisi cheklarni yig'ib o'tiribdi apparatdan chiqarib. Men sotib olganimdan keyin mangayam chek bermadi. Ataylab so'radim, chek bermaysizmi deb, keyin chiqarib berdi. Aslida xatoni o'zimiz ham qilamiz, so'rash kerak chekni”;
Gulnora Islomova esa “Sug'urta majburiy bo'lmasa ham indamiy pul yechib olish noqonuniy. Hammayoqni dabdalasini chiqarishdi, kim nima istasa qilyapti”;
Komil Ermatov “Ramazon oyida harom pul topish rahbarlarga moda bo'ldi”;
Mavluda Boymatova “Voajab, odam xayoliga kelmaydigan ishlar bo'layaptimi? Aldarko'sa ham ip esholmasa kerak bunaqalarga..” kabi izohlar qoldirishgan.
Feysbukdagi yana bir guruh – “O'zbekiston ovozi – Golos Uzbekistana” guruhida ham ushbu post Nodirbek Shamsiddin ismli foydalanuvchi tomonidan ulashilib, uning muhokamasida ham odamlar bunga o'xshash holatlar Yashnobod tumani “pasport stoli”da va boshqa “pasport stollari”da ham kuzatilayotganini misol qilib yozishgandi. Ammo ushbu post bugun tarmoqdan o'chirtirilgan shekilli, ko'rinmay, yo'q bo'lib qoldi.
Hozircha Toshkent shahar IIB boshqarmasi matbuot kotibining rasmiy munosabati yoki mavzuga izohi kelmadi. Kelsa, albatta uni siz bilan bo'lishamiz.
Zebo Namozova,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0