Sirli olam: "Titanik" fojiasi avvaldan bashorat qilinganmi?
Dunyoda sirli hodisalar ko'p. Ayniqsa, ayrim fil'm va kitoblardagi voqealarning vaqt o'tib, hayotda ham amalga oshib qolishi o'sha sirlarga ishora qilsa, ajabmas.
Masalan, “Titanik” kemasining dahshatli fojiasi sodir bo'lishidan 14 yil avval yozuvchi Robertson uni o'z romanida tasvirlagandi. Eng qizig'i, kitob va hayotdagi o'xshashlik uncha-muncha emas, balki butun tafsilotlari bilan aynan bir xil edi…
Robertson kunduzlari qo'lida bloknoti bilan London ko'chalarida aylanib yurar, kechqurunlari o'zining g'aribona kulbasida sham yorug'ida fantastik romanlar yozardi. Lekin uning omadi kelavermasdi. Noshirlar uning yovvoyi sayyorada yashovchilarning bahaybat kaltakesaklar va dinozavrlar bilan qilgan janglari haqidagi asarlarini bosmas edilar. Shundan so'ng u hayotga ko'proq yaqinlashish kerak, degan niyatda, Atlantika okeanidagi voqealar haqida yozishga qaror qildi. Shunday qilib, Robertsonning 1898 yilda “Behuda urinish” nomli romani nashrdan chiqdi.
Romanda tasvirlanishicha, Angliyada okean osha suzuvchi juda kata hajmli layner yaratishadi. “Titan” deb atalgan bu laynerni suvga botmaydigan eng tezyurar va hashamatli, deb e'lon qilishadi. Ya'ni o'sha zamonning ustunlari bo'lmish millionerlar laynerda birinchilardan safar qilish baxtiga muyassar bo'ladi. Layner o'zining birinchi safaridayoq aprelning sovuq tunlaridan birida suzib yurgan muz tog'iga urilib, okeanga g'arq bo'ldi. Qutqaruv shlyupkalarining kamligi tufayli kema bortida bo'lgan ikki ming yo'lovchining aksariyati halok bo'ldi.
Shimoliy Atlantika insoniy tuyg'ular – qahramonlik, ablahlik, odamgarchilik, qo'rqoqlikning yorqin guvohi bo'ladi.
Romanning qayg'uli yakuni ko'pchilik inglizlarga yoqmaydi. Ko'p o'tmay bu romanni kitobxonlar butunlay unutadilar. Ammo oradan 14 yil o'tib, kutilmaganda o'rtamiyona obro'ga ega Robertsonning nomi London matbuotlarida tilga olina boshlaydi. Sababi Robertson romanida tasvirlangan voqea haqiqatan ro'y berdi....
ROMAN VOQEALARINING HAYoTGA KO'СhIShI…
E'lon qilingan maxsus hukumat hujjatida shunday deyilgan edi: “Atlantika okeanida dengizchilik yilnomalarida sira uchramagan baxtsizlik ro'y berdi. “Uayt Star” kompaniyasiga qarashli “Titanik” paroxodi 1912 yil 11 aprelda birinchi bor suzishga chiqdi va muz tog'iga urilib, cho'kib ketdi. Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, kemadagi 2 ming 800 odamdan 700 ga yaqini omon qoldi”. Inglizlar bu dahshatli voqeaning Robertson romanidagi voqeaga juda o'xshashligidan lol qolishdi. Axir o'xshashlik uncha-muncha emas, balki butun tafsilotlari bilan bir xil edi. Mana, “Titan” bilan “Titanik”ni solishtirib ko'raylik. Nomi ham, kattaligi ham birdek. Ikkisida ham to'rttadan truba va uchtadan parrak. “Titan”ning uzunligi 260 m. “Titanik”niki esa 268 m. Suv sig'imi 70 ming tonna bo'lsa, “Titan”niki 66 ming tonna. “Titanik” quvvati 50 ming ot kuchi bo'lsa, buniki 55 ming ot kuchiga teng bo'lgan. Eng yuqori tezlik ikkala kemaniki ham 25 uzel. Falokat yuz bergan joy, vaqt va uning sabablari ham bir xil. Ikkisida ham yuqori tabaqaga mansub kishilar bo'lgan. Eng qizig'i, “Titan”dagi singari “Titanik”da ham qutqaruv kemalari yetishmaydi.
Kitobda tasvirlagan voqealarning bekamu-ko'st hayotda ro'y berishi odamlarni o'ylantirib qo'ydi. Gazetalar Robertsonni “kelajakni oldindan ko'ruvchi avliyo” hamda “baxtsizlikni ato etuvchi taqdirnavis”, deb atashadi. Kemada halok bo'lganlarning bevalari va yetim qolganlar tomonidan uning nomiga achchiq-achchiq xatlar kela boshlaydi. “Behuda urinish” romanini la'natlaydilar, u kitobni boshqa nashr etmaydilar. “Titanik” degan so'z baxtsizlik timsoli bo'lib qoldi.
ODAMZOD QULOG'I EShITMAGAN FARYoDLAR
O'sha mudxish kecha. Yarim kechasi soat 2 dan 5 minut o'tganda “Titanik”dan oxirgi shlyupka jo'nadi. To'polon va sarosima tufayli 1 ming 600 ga yaqin kishi kemada qoldi. Ular kema cho'kkanda hosil bo'ladigan girdobda halok bo'lishga yoki sovuq suvda muzlashga mahkum edilar. Fojianing guvohi bo'lgan kishi so'nggi daqiqalarni shunday hikoya qiladi:
“Tungi soat 2 da kemaning oldinga qarab oqayotganini va ancha suvga botganini ko'rdik. Kemaning quyrug'i sekin-asta ko'tarilib borardi. Salonlarda chiroq o'chardi, sal o'tmay yana yonardi. So'ng butunlay o'chib qoldi. “Titanik”ning suvdan chiqib turgan 50 metrcha tanasi qorayib ko'rinardi. Shunda odamzod qulog'i hech qachon eshitmagan faryodlar boshlandi. Bu muzdek suvda o'lim bilan olishayotgan o'rtoqlarimizning yordam so'rab qilgan nolasi edi. Lekin yordam bera olmasdik”
“TITANIK” FOJIASI RO'Y BERMASLIGI MUMKIN EDI, AGAR…
Safarga chiqishdan bir kun oldin “Titanik” “N'yu York” layneri bilan to'qnashib ketishga oz qoladi. “N'yu York” shvartovkadan chiqib ketgan bo'lib, ular orasidagi masofa uch metr qolganda “Titanik” kapitani kemani to'xtatishga muvaffaq bo'ladi. Ehtimol, ushbu to'qnashuv yuz berganda kema andak shikastlanib, keyingi kunda ana fojia yuz bermagan bo'larmidi?..
KEMAGA ORTIQСhA BERILGAN BAHO
Halokatga sabab bo'lgan “mayda” shartlar ko'p edi. Ammo o'z davrining eng mukammal texnologik mahsuloti bo'lmish bu “qusursiz” kemaning cho'kib ketishida taqdir taqozosi borligi aniq. O'zini koinotda yagona kuch deb e'lon qilgan ojiz inson “Titanik” bilan birga okean tubiga cho'kdi. Qog'ozdan yasalgandek ikkiga bo'linib, tezlik bilan cho'kkan “Titanik” haqida dastlab uning kapitani “bu kemani Xudo ham cho'ktira olmaydi”, degandi. Ammo farazlarni yo'qqa chiqarib, minglab yo'lovchisi bilan “Titanik”g'arq bo'ldi.
ULAR “OPPOQ” OShIQLARMIDI?
Shu o'rinda mashhur “Titanik” fil'miga to'xtalsak: Fil'mning bosh qahramonlari ham, undagi mashhur qo'shiq ham ko'pchilik uchun sevgi-muhabbat ramziga aylanib qoldi, desak yolg'on bo'lmaydi. Xullas, bu fil'mni ko'rmagan odam juda kam bo'lsa kerak.
Biroq, biz fil'mning syujet chizig'iga boshqa bir nuqtadan nazar tashlab, e'tiborlaringizni ana shu nuqtaga jalb qilmoqchimiz. Qisqa qilib aytadigan bo'lsak, fil'm mualliflari o'zlari bilmagan holda (balki ataylab shunday qilishgandir?) “Titanik” halokatining sababini topishni tomoshabinlar fikriga havola qilib, kalavaning uchini yaqqol ko'rsatib qo'ygandek. Ko'rgan bo'lsangiz, kemada ketayotgan badavlat oilaga mansub qizni majburlab erga berishayotgan bo'ladi. Bunga oilaviy muammolar ham anchagina ta'sir qilgan. Sevmagan odamiga tegishga majburlanib, boshi berk ko'chaga kirib qolgan qiz o'zini suvga tashlab, joniga qasd qilmoqchi ham bo'ladi. Ana shu paytda baxtli tasodif tufayli (agar buni baxt deyish mumkin bo'lsa, albatta) kemaga tushib qolgan yigit uni qutqarib qoladi. Hozirgi zamon kino industriyasining yozilmagan qoidalariga ko'ra, ikki yosh bir-biriga ko'ngil qo'yadi.
Deyarli unashtirib qo'yilgan, zodagon tabaqadan bo'lgan qiz bo'lajak qayliqning ko'z o'ngida allaqanday yalangoyoq suratkash yigitga ilakishib qoldi. O'sha mash'um tunda oshiq-ma'shuqlar kichikroq shahardek keladigan bu ulkan kema ichida shayton yo'liga kirdilar. Voqeadan xabar topgan qayliq g'azab va rashk o'tida ularni ta'qib qildi. Boy-badavlat mijozning ta'qibiga kema ekipaji ham jalb qilindi. E'tibor bergan bo'lsangiz, aynan shu voqea sababli kema rulini boshqarib borayotgan dengizchilar aysbergni juda kech ko'rib qolishdi…
Menimcha, inson aqlining beqiyos mahsuli bo'lgan ulkan kema ikki zinokorning kasr-kasofati tufayli g'arq bo'lgan ersa ajabmas. Bu gunoh romantika degan yaltiroq qog'ozga harchand o'ralmasin, uning mohiyati o'zgarib qolmaydi. Shuning uchun, biror fil'm ko'rayotganda undagi voqea-hodisalarni xalqimizning milliy qadriyatlari mezoniga ham bir solib ko'rsak, foydadan xoli bo'lmaydi.
Abbosbek Yo'ldoshev
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0