Tashkilotga qisqartirish kelganda kimlar ishda qoladi?
Korxonada mehnatni tashkil etishning o'zgarishi natijasida xodimlar qisqarishga uchraydigan bo'lsa, ishda qolish imkoniyati Mehnat kodeksiga binoan avvalo, mehnat unumdorligi yuqori bo'lgan xodimlarga beriladi.
Agar ikki nafar xodimdan biri qisqarishga tushishi kerak bo'lib, ammo ikkisining ham ish samaradorligi teng bo'lsa, unda Mehnat kodeksining 167 - moddasiga asosan quyidagi holatlarda xodimga afzallik beriladi:
- qaramog'ida ikki yoki undan ortiq kishi bo'lgan xodimlarga;
- oilasida mustaqil ish haqi oluvchi boshqa xodimlar mavjud bo'lmagan shaxslarga;
- mazkur ish beruvchidagi uzoq muddatli ish stajiga ega bo'lgan xodimlarga;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o'rta maxsus, professional ta'lim tashkilotlarida mehnat shartnomasiga ko'ra tegishli mutaxassislik bo'yicha o'z malakasini oshirayotganlarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o'rta maxsus, professional ta'lim tashkilotlarini tamomlagan shaxslarga o'qishni tamomlaganidan keyin mutaxassisligi bo'yicha ishlash sharti bilan uch yil mobaynida;
- ushbu tashkilotda mehnatda mayib bo'lgan yoki kasb kasalligiga uchragan shaxslarga;
- nogironligi bo'lganlarga;
- 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlar bo'yicha ularga tenglashtirilgan insonlarga;
- mehnatdagi yutuqlari uchun rag'batlantirishlarga ega bo'lgan va intizomiy jazolarga ega bo'lmagan xodimlarga;
- atom ob'ektlaridagi avariyalar oqibatida kelib chiqqan yuqori radiatsiyaviy nurlanish bilan bog'liq bo'lgan nurlanish kasalligiga va boshqa kasalliklarga yo'liqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga, o'ziga nisbatan boshlangan nogironligining atom ob'ektlaridagi avariyalar bilan bog'liqligi aniqlangan nogironligi bo'lgan shaxslarga, ushbu avariyalar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishtirokchilariga, shuningdek mazkur ob'ektlardan evakuatsiya qilingan yoki ko'chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Malaka va mehnat unumdorligi teng bo'lgan taqdirda, hisobga olinadigan aksariyat holatlar soni bo'yicha qaysi xodim eng ko'p ball to'plasa, o'sha xodim ishda qoladi.
Zebo NAMOZOVA
tayyorladi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0