Qudratilla RAFIQOV: «Krokus Siti Xoll»dagi terroristik xurujdan aziyat chekkan oila farzandlaridan 100 nafarini O'zbekiston oromgohlarida dam olishga taklif etamiz
Moskvada Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasining (FNPR) XII qurultoyi bo'lib o'tmoqda. Unda a'zo tashkilotlar tomonidan saylangan 600 nafar delegat, FNPR bilan hamkorlik qilayotgan kasaba uyushmalari va kasaba uyushmalari birlashmalari rahbarlari, 10 ta davlatdan milliy kasaba uyushma markazlari vakillari mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Unda Qudratilla Rafiqov boshchiligidagi O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Qurultoyda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi va nutq so'zladi.
Qurultoy delegatlari FNPR Bosh kengashining hisoboti bilan tanishdilar va Rossiya kasaba uyushmalari harakatining dolzarb masalalari bo'yicha 15 ta rezolyutsiyani qabul qildilar.
Yig'ilishda FNPRning “Adolatli iqtisodiyot uchun!” dasturi qabul qilindi. Dastur Rossiya kasaba uyushmalari harakatining yaqin kelajakdagi asosiy maqsadlari va tamoyillarini belgilab beradi. Unda ishlab chiqarilgan mehnatning umumiy miqdoridan daromadni adolatli taqsimlashga yo'naltirilgan iqtisodiyotni barpo etish, har bir ishchiga munosib ish haqi, ijtimoiy sheriklikni yangi davlat mafkurasi sifatida belgilash, bandlik shaklidan qat'i nazar, barcha ishchilarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqiga ega bo'lishi haqida so'z boradi.
“Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasining XII s'ezdi dunyodagi tahlikali geosiyosiy vaziyatda bo'lib o'tmoqda, - dedi qurultoyda so'zga chiqqan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q. Rafiqov. - Biz barchamiz yaqinda ko'plab insonlar o'limiga sababchi bo'lgan «Krokus Siti Xoll»da tashkil qilingan mudhish terroristik xurujning ta'sirida yashamoqdamiz.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev o'sha kuni birinchilardan bo'lib O'zbekiston xalqi nomidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy hamdardlik izhor etdi.
Prezidentimiz halok bo'lganlarning yaqinlariga samimiy hamdardlik so'zlarini izhor qilib, jabrlanganlarning tez fursatda sog'ayib ketishlarini tiladi”.
- O'zaro yaqin qardoshlik munosabatlarimizdan kelib chiqib, olti millionlik O'zbekiston kasaba uyushmalari a'zolari rossiyalik hamkasblariga shunday og'ir damda yelkadosh va hamdard ekanini izhor qilamiz, - dedi o'z so'zida Qudratilla Mirsoatovich. - Biz qat'iy ishonamizki, Rossiyaning ulug' xalqi bu sinovni ham mardona yengib o'tadi va zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi yanada jipsroq bo'lib birlasha oladi.
- Fursatdan foydalanib, - dedi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, - sizlarning e'tiboringizga quyidagi do'stona taklifimizni ko'rib chiqish uchun kiritmoqchiman. Ushbu terroristik xurujdan aziyat chekkan oilalarni har jihatdan qo'llab-quvvatlash maqsadida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bu oila farzandlaridan 100 nafarini joriy yilning iyun' oyida mamlakatimizning eng yaxshi bolalar oromgohlarida dam olishlarini uyushtirishni taklif qiladi. Bolalar Toshkent va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkoniga ham ega bo'ladilar. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi aviatashuvlar va bolalarning mamlakatimizda bo'lishi bilan bog'liq barcha xarajatlarni o'z zimmasiga oladi.
Tadbirda Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasi doirasidagi tizimli va kelishilgan harakatlar mamlakatlar mehnatkashlarini qo'llab-quvvatlash, ularga har tomonlama g'amxo'rlik ko'rsatish borasida yangidan yangi muvaffaqiyatlarga erishish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0