Jamoa shartnomasi majburiyatlari bajarilmasa, ish beruvchiga qanday chora ko‘riladi?
Savolga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Buxoro viloyat kengashi mehnat-huquq inspektori Murod Arslonov javob beradi:
Jamoa shartnomasi korxona va tashkilotlarda ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy munosabatlarni tartibga soluvchi mehnat sohasidagi eng muhim huquqiy hujjatlardan biridir. Biroq amaliyotda unda belgilangan imtiyoz yoki kafolatlarning ish beruvchi tomonidan paysalga solinishi yoki umuman bajarilmasligi holatlari uchrab turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar har ikki tomon uchun ham bajarilishi majburiy hisoblanadi. Agar ish beruvchi (yoki uning vakili) shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarni bajarmasa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunbuzarlik sifatida baholanadi.
Ushbu holatda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra, jamoa shartnomasi va kelishuvlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Agar korxonada jamoa shartnomasi shartlari qo‘pol ravishda buzilayotgan bo‘lsa, xodimlar yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi mehnat inspektsiyasiga murojaat qilish, shuningdek, sud tartibida majburiyatlarning ijrosini va etkazilgan moddiy yoki maʼnaviy zararning qoplanishini talab qilish huquqiga ega.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0