Zararli va xavfli mehnat sharoiti haqqoniyligi qanday baholanadi?
Savol: Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun xodimlarga imtiyoz va kafolatlarning to'g'ri berilganligi, haqiqiy mehnat sharoitlarini baholashda davlat ekspertizasini o'tkazish tartibi xaqida ma'lumot bersangiz.
Shohida Faxriddinova,
Samarqand viloyati
Savolga o'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyat kengashi mehnatni muhofaza qilish bo'limi yetakchi mutaxassisi Orif Mizomov javob beradi:
– Zararli va xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun xodimlarga imtiyoz va kafolatlar to'g'ri berilganligini baholashda davlat eksperti hisobot va taqdim qilingan boshqa hujjatlarning mehnat qonunchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, mehnatni muhofaza qilish masalalari, mahalliy normativ hujjatlar, shuningdek tarmoq (hududiy) kelishuvlari va jamoa shartnomalariga (mavjud bo'lsa) muvofiqligini tahlil qiladi. Shuningdek, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band ishchi (xodimlarga) imtiyoz va kafolatlar berilishini inobatga oladi. Ular qisqartirilgan ish haftasi, har yilgi haq to'lanadigan qo'shimcha ta'til, mehnatga oshirilgan miqdorda haq to'lanishi, mehnat qonunchiligi, tarmoq (tarmoqlararo) kelishuvlar, jamoa shartnomalarida va ish beruvchining mahalliy normativ hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa imtiyoz va kafolatlarning berilishi hajmi va tartibini tahlil qiladi.
Xodimlarning haqiqiy mehnat sharoitlari davlat ekspertizasini amalga oshirish uchun davlat ekspertizasini o'tkazish haqidagi arizaga bir qator hujjatlar ilova qilinadi. Ularga ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini o'lchash va o'rganish (sinash) natijalarini qamrab oluvchi ish o'rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan o'tkazish hisoboti yoki boshqa hujjatlar; jamoa shartnomasi (mavjud bo'lsa), mehnat shartnomasi (mehnat shartnomalari), xodimning (xodimlarning) mehnat sharoitlarini, jumladan mehnat va dam olish rejimlarini belgilovchi mahalliy normativ hujjatlar kiradi.
Xodimlarning haqiqiy mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasini o'tkazishda davlat eksperti: binolar, inshootlar, uskunalar, texnologik jarayonlar, ishlab chiqarishda foydalaniladigan asboblar, xom-ashyo va materiallar, shuningdek, xodimlarning ish o'rinlaridagi yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalarining texnikaviy holatini; xodimlarga sanitariya-maishiy va davolash-profilaktika xizmatlarini ko'rsatish holatini; o'rnatilgan mehnat va dam olish rejimlarini; ish o'rinlarida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining zararli va (yoki) xavfli omillari mavjudligini aniqlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlarni; texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlarni, mahalliy normativ hujjatlarni mehnat qonunchiligi talablariga, shuningdek tarmoq (hududiy) kelishuvlar va jamoa shartnomalariga (mavjud bo'lsa) muvofiqligini ketma-ket tekshiradi. Ish beruvchi bilan kelishilgan holda davlat eksperti kerakli ma'lumotlarni olish uchun tekshirilayotgan ish o'rnini (ish o'rinlarni) joyiga borib ko'rish huquqiga ega. Haqiqiy mehnat sharoitlarini va zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlagani uchun xodimlarga imtiyoz va kafolatlar to'g'ri berilganligini davlat ekspertizasidan o'tkazish natijalariga ko'ra ushbu Nizomning (3-ilovasidagi) shaklga muvofiq xulosa beriladi. Haqiqiy mehnat sharoitlarini hamda zararli va xavfli mehnat sharoitlarida ishlagani uchun xodimlarga imtiyoz va kafolatlar to'g'ri berilganligini davlat ekspertizasidan o'tkazish muddati 20 ish kunidan oshmasligi lozim.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0