17 milliondan 23 million tirajgacha – 2024 yilda ham talashib sotilayotgan jurnallar
Zamonaviy texnologiyalar asrida ham ayrim jurnallar o'rni va nufuzini yo'qotganicha yo'q. Taraqqiy etgan mamlakatlarda chop etilayotgan jurnallarning bugungi tiraji kishini hayratlantiradi – ayni paytda yer yuzida millionlab nusxada nashr qilinyotgan bir qator jurnallar bor.
Jurnal frantsuzcha “kundalik”, “kundalik eslatma”, kabi ma'nolarni bildirsa-da, unda kunlik voqealardan farqli, turli ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, ishlab chiqarish va boshqa masalalarga oid maqolalar yoki tezislar, yirik hisobotlar e'lon qilinadi. Shubhasiz, jurnal – eng so'nggi tendentsiyalardan xabardor bo'lish va sizni qiziqtirgan mavzularni chuqur o'rganishning ajoyib usuli.
Ishonch.uz eng ommabop jurnallarni qayd qiluvchi “Magazine Publisher International” xalqaro ro'yxatiga kirgan mashhur jurnallar bilan tanishtiradi. Mazkur ro'yxat har yili yangilanib boradi. Ro'yxatga kirish huquqiga ega bo'lish uchun jurnal har yili kamida 500 000 nusxada sotilgan bo'lishi kerak.
Demak, 2024 yilda dong'i ketgan, deya qayd qilingan ayrim jurnallar bilan tanishamiz:
“Time”
“Time” – N'yu-York shahrida nashr etiladigan haftalik yangiliklar jurnali. U haftalik jurnallar bo'yicha dunyodagi eng katta tirajga ega. “Time” 2024 yilgi dunyodagi eng yaxshi 10 ta jurnaldan biri”, deb tan olingan.
“vogue”
“vogue” – Amerikaning moda va turmush tarzini yorituvchi nashr. Jurnalga 1892 yilda sanoat faxriysi Artur Baldvin asos solgan. Jurnal N'yu-Yorkdagi “Lord & Taylor” kabi do'konlar tarmog'i hamda ba'zi korporatsiyalar homiyligi tufayli barqaror tirajga ega bo'ldi. Bugungi kunda nashr Yevropa va Osiyo bo'ylab sotiladi. Qolaversa, Shimoliy Amerika bo'ylab uni har oyda 17 milliondan ortiq o'quvchi sotib olib o'qiydi. U 2024 yilda dunyodagi eng yaxshi 10 ta jurnaldan biriga aylandi.
“People”
“People” ya'ni “Odamlar” nomli jurnal. Uning tiraji ayni damda 23 milliondan ortiq. Ushbu oylik nashr siyosatdan tortib, mashhurlarning g'iybatigacha bo'lgan mavzularni qamrab oladi va boshqa hech bir joyda mavjud bo'lmagan eksklyuziv interv'yularni taqdim etadi. Qolaversa, “People” jurnali haftalik yangiliklarni elektron pochta orqali ulashib turadi, shuning uchun obunachilar xabar olishda muammoga duch kelmaydilar.
“National Geographic”
Bu nashr - kitoblar, jurnallar va boshqa turli manbalar orqali ta'lim mazmunini jamlab, taqdim etadi. Nashrga 1888 yilda amerikalik tadbirkor Gilbert Grosvenor tomonidan asos solingan. U o'zining mashhur jurnalidan tarix, geografiya va madaniyat, shuningdek, kosmik tadqiqotlar yoki tabiiy ofatlar kabi ilm-fan mavzularida xabar berish uchun foydalanadi. Nashr o'zining uzoq umri davomida jurnalistik mahorati uchun 100 dan ortiq mukofotlarni qo'lga kiritdi. Shuningdek, 1962 yildan beri 4 ta “Emmi” va 12 ta “Pulitser” mukofotiga sazovor bo'ldi. Nashr bugungi kunda Amerikadagi eng mashhur jurnallardan biriga aylangan.
“Forbes”
“Forbes” – biznes, moliya va iqtisod olamini yorituvchi jurnal. Ushbu nashrning har bir muqovasi narxi siz qaysi mamlakatda ekanligingizga qarab farqlanadi. Jurnalda dolzarb ekspertlarning maqolalari chop etiladi. Shuningdek, sarflaydigan mablag'lag'ingiz yoki boshqa biror narsaga investitsiya kiritishda to'g'ri qaror qabul qilishingiz uchun ko'maklashadi. Ya'ni dunyo bo'ylab sodir bo'layotgan dolzarb iqtisodiy muammolar haqida obunachilariga chuqur sharhlar taqdim etadi. Jurnalda moliyaviy ma'lumotlar va yillik hisobotlar kabi ma'lumotlar ham e'lon qilinadi.
“WIRED”
“WIRED” jurnali 1993 yilda tashkil etilgan. Mazkur nashr texnologiya va internet madaniyatga qanday ta'sir qilishi haqida xabar beruvchi Amerika jurnali sanaladi. Jurnal San-Frantsiskoda chop etiladi, uning tiraji har oyda bir milliondan oshadi. (Ayrim ma'lumotlarga ko'ra ikki milliondan ortiq). Mazkur nashrga komp'yuterlar keng qo'llanilmagan davrda Lui Rossetto va Jeyn Metkalflar asos solgan. Bu nashr 2000 yilda “ADvERTISING AGE” tomonidan “Yil jurnali” deb e'tirof etilgan.
“Game Informer”
Bu–turli o'yinlar haqida ma'lumot beruvchi va barcha platformalardagi video o'yinlarga yo'naltirilgan oylik jurnal. Jurnalga 1991 yilda asos solingan hamda o'sha vaqtdan beri uning tiraji o'zgarmadi. Jurnal har oyda uch milliondan ortiq o'quvchiga ega bo'ladi.
“Good Housekeeping”
1885 yilda tashkil etilgan “Good Housekeeping” jurnali pazandachilik, ovqatlanish va go'zallik bo'yicha maslahatlarga ixtisoslashgan dunyodagi yetakchi ayollar jurnallaridan biri hisoblanadi. Ushbu jurnal paydo bo'lganiga 120 yildan oshgan bo'lsa-da, uning obunachilari serob. Uning tiraji oyiga o'rtacha to'rt million o'quvchini tashkil qiladi. Nashr dastlab elektr energiyasi haqida maqolalar chop etish bilan shug'ullangan, ammo ikki yildan so'ng oila yo'nalishiga o'zgardi. Jurnal har yili “Eng yaxshi mahsulotlar” ro'yxatini e'lon qiladi. Shuningdek, u yil davomida boshqa maxsus hisobotlarni nashr etadi, ularda albatta, strategiyalar va soha mutaxassislarining maslahatlari bo'ladi.
Maftuna Karimova
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0