Havosi iflos shaharlarda qanday kasalliklar avj oladi?
So'nggi yillarda shaharlardagi havoning ifloslanishi inson salomatligi uchun eng katta tahdidlardan biriga aylandi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotlariga ko'ra, dunyo aholisining taxminan 90 foizi havo sifati yomon bo'lgan hududlarda yashaydi. Bu holat ayniqsa sanoatlashgan va urbanizatsiya tez sur'atlarda kechayotgan hududlarda sezilarli darajada kuchaymoqda. Ushbu maqolada Dehli, Pekin, Shanxay, Los-Anjeles, Nyu-York, Toshkent, Moskva va Sankt-Peterburg kabi dunyoning eng iflos shaharlarning havosi sog'liq uchun qanday oqibatlarga olib kelayotganini tahlil qilamiz.
Hindiston, Dehli
Dehli dunyoning eng iflos shaharlari ro'yxatida yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Shaharda ko'pincha “qalin tutun” va “ifloslangan havo” atrof-muhitga qalin pardek yopiladi, bu esa aholining nafas olish tizimiga zarar yetkazmasdan qolmayapti. Dehlida so'nggi yillarda quyidagi kasalliklar soni ortgan. Muntazam eng iflos havodan nafas olayotganlar orasida astma va bronxit xurujlari ko'paygan. Eng achinarlisi bolalar va qariyalar ko'proq aziyat chekmoqda. Eng yomoni o'pka saratoni: Mayda zarralar (PM2.5) o'pkaga kirib, saraton rivojlanishiga sabab bo'ladi. Tadqiqotlar ko'rsatishicha, iflos havo keltirib chiqaradigan o'pka saratoni darajasi aynan Dehli kabi shaharlarda yuqori.
Mutaxassislar ham so'nggi yillarda hatto yoshlar orasida ham yurak-qon tomir kasalliklari avj olayotganini bot-bot eslatmoqda.
Xitoy, Pekin va Shanxay
Pekin va Shanxay ham havo ifloslanishi bilan bog'liq jiddiy muammolarga duch kelayotgan yirik sanoat markazlaridir. Havo ifloslanishi bu shaharlarda aholining sog'lig'iga sezilarli darajada zarar yetkazmoqda. PM2.5 va PM10 zarrachalari yuqori darajada bo'lgani uchun bu shaharlarda surunkali obstruktiv o'pka kasalligi (COPD) kasalligi keng tarqalgan. Tadqiqotlar ko'rsatadiki, iflos havo yurak xuruji va insul't xavfini oshiradi.
AQSh, Los-Anjeles va Nyu-York
Los-Anjeles va Nyu-Yorkda transport va sanoat faoliyati yuqori darajada bo'lganligi sababli havo ifloslanishi jiddiy xavf tug'dirmoqda. Aholida allergiya va nafas yo'llari kasalliklari ko'paygan. Havo ifloslanishi kuchaygan kunlarda yurak xurujlari xavfi ortadi. Agar vaziyat shu ketishda ketsa, depressiya va boshqa ruhiy kasalliklar soni ortishi mumkin.
O'zbekiston, Toshkent
Toshkent shahri ham oxirgi yillarda sanoat rivoji va avtomobillar sonining oshishi bilan havosi ifloslangan shaharlardan biriga aylangan. IQAir reytingida havosi eng iflos davlatlar 10 taligidan tushmay kelayotganining o'zi ham havotirli. Ayniqsa qish faslida qattiq yonilg'ining ko'p yoqilishi astma va bronxit kabi kasalliklarni kuchaytirib yuboradi. Bolalar o'rtasida ham nafas yo'llarining infektsiyali kasallanishi keng tarqalgan. Bu holat ularning sog'lig'i va o'sish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ifloslangan havo virusli kasalliklar sonining oshishiga olib keladi va bu aholining immunitetini pasaytiradi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, ekologlar bot-bot havoning ifloslanishi inson salomatligiga katta zarar yetkazishi haqida OAV da chiqishlar qilmoqda. Garchi olimlar sanoat chiqindilarini kamaytirish va ekologik toza texnologiyalarga o'tish haqida so'zlayotgan bo'lsada, amalda bu borada olamshumul yangilik bo'lgani yo'q. Shahar transport tizimini qayta ko'rib chiqish borasida takliflar berilmoqda. Jamoat transporti qancha yaxshilansa, elektron tizimga o'tsa, biroz bo'lsada shaharning toza bo'lishiga erisharmidik?
Qolaversa, shaharning ekologiyasini yaxshilash uchun yashil hududlarni kengaytirish borasida amalda “Yashil makon” loyihasi ishlamoqda, biroq ekilgan daraxtlar butunlay ko'karib ketishiga hali ancha qovun pishig'i bor.
Feruza Rahimova,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0