Avj olgan kreditomaniya: 4 yil oldin kredit olganim hayotimni izdan chiqardi...
Aholi tobora kreditga bog'lanib borayotganini inkor qilib bo'lmaydi. Uy, mashina, uy-jihozlari, texnika va hatto sayohatni ham kredit hisobiga tashkil qiladigan davrda yashayapmiz. Eng achinarlisi, hatto kredit olib, ko'p kishilik dasturxon yozib to'y qiladiganlar ham talaygina. Oramizda kredit olib, ishi bitganidan xursand yurganlar ham bor, ammo aholining ko'p qismi umri kredit to'lash bilan o'tib borayotganidan xavotirda. Ijtimoiy tarmoqlarning birida mavzuni o'rganish maqsadida post qoldirdim. Ko'pchilik bu dolzarb mavzu ekanligini bildirib, kredit olganidan afsusda bo'lganlari hayotiy hikoyalari bilan bo'lishdi. Ulardan ayrimlarini keltirib o'tamiz.
Ismini oshkor qilishni xohlamagan qahramon…
Kredit olishning dinda harom qilinganini ko'p bora eshitganman, ammo biz zamonaviy hayotda yashayapmiz va bank xizmatlaridan bugun hamma foydalanadi, degan o'yda 2020 yil yanvar oyida biznesimni boshlash uchun bankdan kredit oldim.
Bank ajratgan 70 million so'mga qo'y sotib oldim. Maqsadim ko'paytirib sotish edi. Avvaliga ishlarim yaxshi ketgandek bo'ldi. Kredit olishimni boshida xohlamagan erim daromad ko'rmayotgan bo'lsamda, qo'ylarim semirayotganiga xursand bo'lgandek bo'ldi. Maqsadim tezroq daromadga chiqib, kreditlarimni yopish edi, biroq kutilmaganda mart oyida karantin boshlandi va mening ham tadbirkorligim to'xtatiladi.
Karantin paytida hamma joylar yopiq edi. Men qo'ylarimni boqishga qiynaldim va kredit foizini yopish uchun birin-ketin sota boshladim. Yoz oylariga yaqin, Prezidentimiz kreditlari borlarga karantin tufayli imtiyoz berilishini ma'lum qildi, biroq xususiy bankdan olganim uchun baribir oylik to'lovni har oy to'lashim lozimligini aytishdi.
Eng yomoni, turmush o'rtog'imning ham ishi to'xtab qolgandi va to'rt nafar bolani boqish uchun tirikchilikka ham qo'ylarni sotdim. Yotib yeydiganga tog' chidamas, deganlari haqiqat ekan. Eng oxirgi qo'yni sotib, ro'zg'orga bozorlik qilgan kunimiz birinchi marta kredit olganim xato bo'lganini tushundim.
Bankning qarzlarini qanday to'layman deb yurgan kunlarimning birida erimning menga xiyonat qilayotganini bilib qoldim. Buni ham kechirdim, chunki to'rtta bola bilan kimning uyiga sig'aman, dedim. Uyimizda xiyonat ortidan janjallar ko'paydi va har galgi janjalda erim kredit olganimni yuzimga soldi. Allaqachon oilamizdan baraka va fayz ketganini his qilib turardim, ammo mening ham niyatim yomon bo'lmagan-ku! Maqsadim, tobora ulg'ayib borayotgan bolalarni oyoqqa qo'yish edi.
Xullas, odatdagi janjallarning birida erim uyimizni butunlay tark etib, tanlagan ayolining uyiga ketdi. To'rt nafar bolaning yeb-ichishi va bankdan qarzlarim bilan yolg'iz qoldim.
Yashab qolish uchun haqiqiy hayot endi boshlandi va dehqon bozoriga savdoga chiqdim. Dehqonlardan piyoz-kartoshka olib qolib, kilolab sotardim. Men topayotgan arzimas pul to'rt bolaga yetmasdi. Erim esa uyni bizga qoldirib ketganini aytib, aliment to'lashdan bosh tortdi.
Orada sog'ligim yomonlashdi va bankdan olingan kreditni 4-5 oy to'lolmay qolganim uchun uyimiz sudning qarori bilan MIBga chiqdi. MIB xodimlari har kuni kelib, tezroq pulni to'lashim kerakligini, yo'qsa, uyim auktsionga qo'yilishini aytib ogohlantirib ketardi. Qarzimni qanday to'layman deb kechalari uxlolmay chiqqani uchun og'ir kasallikka yo'liqib, oyoq-qo'lim ishlamay qoldi.
Hatto shifoxonaga borib, davolanishga ham imkoniyatim yo'q edi. Ahvolimni ko'rgan qo'shnim, Sog'liqni saqlash vaziriga chiqib, order olishimda yordam berdi (u vazir hozir ishdan bo'shatilgan). Orderning kuchi bilan shifoxonada davolanib chiqdim. Bilasizmi, yaxshi insonlar ham ko'p ekan, bu dunyoda. MIB xodimlari sog'ligim yomonlashganida to'kilib tushayotgan uyimning ahvoliga qarab va oshxonamizni rasmga olib, ikki-uch marta ro'zg'orlik qilib berishdi. Bolalarim bilan ancha qiyinchilik kunlarida yashayapmiz. Aksiga olib, MIB xodimlari endi vaqt bera olmasliklarini va uyimiz auktsionga qo'yilishini aytishyapti. Katta qizim shu yil Madaniyat va San'at institutiga shartnoma asosida o'qishga kirdi, biroq unga ham shartnoma pulini to'lashga imkoniyatim yo'q.
Ikki-uch marta mahalladan yordam so'rab chiqdim, biroq ular ham moddiy tomonlama yordam berishmadi. Qizim endi o'qishdan chetlatishsa, nima qilaman deb yig'layapti. Talaba krediti olish uchun ham kafil kerak ekan.
Boshimga tushgan qiyinchiliklar ortida kredit olishimni bosh sababchi deb bilaman. O'shandan beri kim kredit olmoqchi bo'lsa, unga yaqinlashmaslikni aytaman.
Qolaversa, xususiy banklarning kredit foizi juda yuqori bo'larkan. Hozir 120 milliondan ziyod qarzim bor. Uyim auktsionda sotilsa, qaerda yashayman deb kechalari uxlolmay chiqaman. Qizimning bo'yi yetib, sovchilar og'iz sola boshladi. Bu yoqda har kuni MIB xodimlari eshigimni qoqadi...
Yoshlar ittifoqining uylaridan olganimga afsusdaman...
O'zbekiston banklaridagi kredit foizlari "kosmik" ko'rinishda desam ishonavering. Namangan viloyatida yashayman va uy olish uchun bankdan 302 million qarz olganman. Uy uchun boshlang'ich to'lov 60 million edi. Viloyatdagi faol yoshlardan bo'lganim uchun Yoshlar ittifoqi 38 million so'mni to'lab bergan. Yoshlarni qo'llab-quvvatlash dasturi asosida bo'lgan deya boshida xursand bo'lganmiz, ammo shartnomada ham o'zimizga ham bu qaytariladigan mablag' ekanligini aytishmagan. Endilikda o'sha boshlang'ich to'lov uchun to'langan pulni qat'iy ravishda to'laysizlar deyishmoqda.
Agar shunday bo'lishini bilganimda subsidiya asosida uy olgan bo'lar edim.Sababi, subsidiyaning shartlari bo'yicha to'g'ri keladigan nomzod edim. Xabaringiz bor, subsidiyada uyning boshlang'ich to'loviga yordam bo'lishi uchun 32 million ajratiladi va bu qaytarib bermaslik sharti bilan beriladi.
Oilada uchta o'g'ilmiz, hammamiz uylanganimizdan keyin ota hovlida yashashimiz biraz noqulaylik tug'dirdi va katta o'g'il sifatida kreditga uy olib chiqib ketdim. Bilasizmi, uy bizga topshirilgan kuni katta tantana bo'lgan. Yoshlar ittifoqidan iqtidorli yoshlarga uy berilgani OAVda keng yoritilgan, biroq tanganing ikkinchi tomoni ham borligi haqida hech kim qiziqib ko'rmadi.
Ayni paytda kredit uchun oyiga 3 million to'lamoqdaman. O'zbekistonda yashasak ham narx-navo allaqachon Yevropa narxida. Viloyat fuqarosi uchun 3 million pul ro'zg'ordan orttirib, kredit to'lash og'irlik qilmoqda. Kommunal to'lov, jarimalar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamma narsaning narxi osmonda. Respublikadagi eng qimmat suv to'lovi Namanganda: 1 kub suv uchun 4400 so'm to'laymiz.
Ota hovlida katta xo'jalikda ikki yil yashagani uchun xarajatlar bu qadar bilinmagan ekan. Endilikda hamma kamchiliklarimizni o'zimiz yopayapmiz va bu yosh oila uchun biroz stress keltirib chiqarmoqda.
O'zim qatori kredit olgan yosh oilalarni kuzataman. Krediti bor odamning halovati, barakasi bo'lmas ekan. Kuzatganmisiz, krediti borlar asabiy. Stress holatda. Bu, albatta, farzandlariga ham ta'sir qilmay qolmaydi.
Kreditga uy olishni mo'ljal qilib yurganlar, bu fikringizdan qayting, ayniqsa, yosh oila bo'lsangiz. Sabr bilan pul yig'ib olishni maslahat beraman. Bir oy bir haftadek kelib qolarkan, yoki menga shunday tuyulyapti. Kreditga olgan uyim viloyat fuqarosi uchun juda qimmat va bu uy puliga arzimaydi. 20 yil davomida yarim milliarddan osharkan. Umuman olganda, O'zbekistonda aholining daromadlariga qaraganda uy qimmat. Biz topayotgan pul bilan uyning narxi bir-biriga mutanosib emas.
“Shuhrat” medali sohibiman va shunday bo'lsada, o'zimning uy bo'yicha qilgan qarorimdan afsusdaman.
Krediti bor odam harakatchan bo'lib ketarkan...
Kredit olib qiynalganlardan yana biri menman. Salomatligim tufayli o'zimning sohamda ishlay olmadim va oila boqish uchun mashina olib, yo'lovchi tashishni o'yladim va bankdan kredit olib mashina oldim. Mashina olganimga uch oy bo'lganida yangi mashina avariya bo'ldi va uning ta'miri uchun boshqa bankdan yana kredit oldim. Sababi, mening tirikchiligim ham, kredit to'lovi ham shu mashinaning ortidan edi. Asosiy mashina uchun olgan kreditimga bir oyda 7 million, yana boshqa bankdan ta'mir uchun olgan kreditga 1 million 200 to'layman. Bu yoqda mashina xarajatlari, oila, bola-chaqa bor.
Ertalab bomdoddan so'ng uxlamayman va shu bilan tunga yaqin uyga kiraman. Kredit odamni yaxshi harakatchan qilib qo'yar ekan. O'z-o'zidan uyda xotirjam dam ola olmayman.
Kredit foizlari juda yuqori...
Uch oy oldin mashinam bilan avariya bo'ldim, shukrki, o'zim omon qoldim. Mashinaning ta'miri uchun xususiy bankdan 20 million qarz oldim. Yaxshi tomoni shuki, onlayn kafillarsiz kredit berdi, ammo yomon tomoni foizi juda yuqori: 49 foiz.
Kredit bilan ishimni bitirdim, ammo o'shandan beri fikrimda go'yoki ishlarim yurishmaganday. Odamlar kreditni havas uchun emas, majburiyat sabab oladi. E'tirozim, banklar foizni sal bo'lsa ham ancha tushirishi lozim. Kredit foizlarining yuqoriligi sababli men tanigan ko'p odamlar qiynalib qolmoqda.
Yo'q joydan muammolar kelyapti...
Karilik turli sinovlarga, kasalliklarga to'la bo'lar ekan. Ota-onam ikkisi ham 60 yoshdan oshganlaridan so'ng og'ir kasal bo'lib qolishdi. O'zim pochtada ishlayman, maoshim ko'p emas. Ota-onamni davolatish uchun bankdan 45 million kredit oldim. Behisob shukr, avval Allohning, keyin pulning kuchi bilan dard salkam ketdi, ammo doimiy dori-ukollar yordamida salomatliklarini saqlab turibmiz. Yo'q joydan muammolar kelyapti. Ulardan bittasini aytsam, odamlarga yuborilgan xatlarni olib borsam ham, xat kelmadi, olmadik, deya ishxonamga shikoyat qilishdi. Shu sababli ikki oydan buyon ishlagan maoshimni berishmayapti. Juda tang ahvolda qoldim.
Poytaxtning o'zida ham firibgarlar ko'paygan...
Nasiya savdoga mashina sotaman deganlarning barchasiga ishonish kerak emas. Pensiyaga chiqqanmiz va bolalarni ovora qilmay borishni xohlagan joylarga o'zimiz mashinada bormoqchi bo'lganimiz sababli, kampirim bilan yig'ib-tergan pullarimizni firibgarlarga berib qo'ydik. 4 iyun' kuni shartnoma asosida xususiy firmaga "Kobalt" uchun to'lov qildim. Mashinani bir oy ichida bizga yetkazib berish haqida qasam ichib, meni ishontirdi. Oradan 10 kun o'tib, 14 iyun' kuni MСhJ yopildi va ularning ishi ichki ishlarga oshirildi. Tergov hali tugagani yo'q. Eng achinarlisi, bu firmaning barcha viloyatlarda filiali bor. Demak, jabrlanuvchilar soni ham ko'p. Poytaxtning o'zida ham firibgarlar juda ko'paygan, iltimos, nasiya savdo orqali mashina olmoqchi bo'lganlar ko'zingizni kattaroq oching.
Feruza Rahimova,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0